Live
1
O'zbek

O‘zbekistonda futbol mavsumini kuz-bahor formatiga o‘tkazish masalasi o‘rganilmoqda

Futbol
3 oktabr, 07:07
PFL klublar futboli taqvimini o‘zgartirish bo‘yicha dastlabki loyihani Superliga va Proliga vakillariga taqdim etdi.
O‘zbekistonda futbol mavsumini kuz-bahor formatiga o‘tkazish masalasi o‘rganilmoqda
Foto: PFL

2-oktabr kuni Superliga va Proliga klublari rahbarlari ishtirokida Liga Umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida klublar futboli mavsumini kuz-bahor formatiga o‘tkazish masalasi ilk bor kun tartibiga olib chiqildi. PFL bu hozircha yakuniy qaror emas, balki mavzuni atroflicha o‘rganishni boshlash uchun dastlabki qadam ekanini ta’kidladi.

PFL ma’lumotiga ko‘ra, Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) geografik jihatdan katta hududni hisobga olib, klublar musobaqalarini G‘arbiy va Sharqiy mintaqalarga ajratib o‘tkazishni ma’qul ko‘radi. G‘arbiy mintaqadagi O‘zbekistonning asosiy raqiblarining aksariyati kuz-bahor tizimidan foydalanadi. Shu sababli mamlakat futbolida ham mazkur formatni o‘rganish zarurati yuzaga kelgan.

Dastlabki loyihaga ko‘ra, ichki musobaqalar avgust oyining ikkinchi yarmida boshlanib, birinchi davra dekabrning dastlabki 10 kunligigacha davom etishi mumkin. Ikkinchi davra esa fevral oyining uchinchi o‘n kunligidan start olishi ko‘zda tutilmoqda. Bunda yoz va qish chillasida futbol bahslarini o‘tkazmaslik hamda maydonlarning holati va mamlakat iqlim sharoitlarini hisobga olish rejalashtirilgan.

O‘tish davrida mart-may oylarida Superliga va Proliga klublari uchun, shuningdek U21 jamoalari hamda Birinchi liga vakillari uchun alohida kubok musobaqalarini tashkil etish taklif qilinmoqda. Loyihaga ko‘ra, har bir ishtirokchiga kamida 8 ta bahs o‘tkazish imkoniyati kafolatlanadi.

Liga ushbu masala bo‘yicha futbol maydonlari parvarishiga mas’ul agronomlar, tajribali murabbiylar, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, Sport vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan fikr almashishni rejalashtirgan.

Shuningdek, mavsum formatining o‘zgarishi futbol maktablari va akademiyalaridagi o‘quv jarayonlari bilan bog‘liq masalalarni ham tartibga solishga yordam berishi mumkin. Biroq klublarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati kalendar yiliga mos kelishi masalasi asosiy muammolardan biri sifatida qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, kuz-bahor formatiga o‘tish bo‘yicha hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan. PFL avvalo klublarning pozitsiyasini o‘rganadi, shundan so‘ng mutaxassislar va tegishli tashkilotlar bilan qo‘shimcha muhokamalar o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, taqvimni o‘zgartirishning aniq muddati o‘rganishlar va muhokamalar yakuniga ko‘ra belgilanadi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
  • Pro Liga Pro Liga
  • Super Cup Super Cup
  • Oʻzbekiston Kubogi Oʻzbekiston Kubogi
Bugungi yangiliklar