Kabo-Verde milliy jamoasi darvozaboni Vozinya yilning eng yaxshi posboniga topshiriladigan Lev Yashin nomidagi sovrin uchun 10 nafar nomzod ro‘yxatidan joy oldi. 40 yoshli futbolchi o‘zining nomzodlar qatoriga kiritilishini kutmaganini tan oldi.
«Ko‘pchilik bu adolatdan emasligini aytadi va qaysidir ma’noda men ham shunday fikrdaman. Bu xabarni eshitganimda, hazil deb o‘yladim.
Chunki dunyoning eng kuchli jamoalari va chempionatlarida o‘ynaydigan buyuk darvozabonlarni juda hurmat qilaman.
Men buni butun Kabo-Verde uchun berilgan mukofot sifatida qabul qilaman. Faoliyatim va hayotimning hozirgi bosqichida bu men uchun taqdirning sovg‘asi.
Shuning uchun meni ro‘yxatga kiritganlarga rahmat», — dedi Vozinya. Qayd etish lozim, rossiyalik afsonaviy posbon Lev Yashin nomidagi sovrin «Oltin to‘p» marosimi doirasida yilning eng yaxshi darvozaboniga topshiriladi.