«Bolonya» klubi «Inter»ning sobiq himoyachisi Matteo Darmianing xizmatlaridan foydalanishga qaror qildi.
Insayder Nikolo Skiraning xabar berishicha, 36 yoshli italiyalik futbolchi yaqin soatlar ichida yangi jamoasi bilan 2027 yil yoziga qadar shartnoma imzolaydi. Matteo «Bolonya»ga erkin agent maqomida kelib qo‘shiladi.
Qayd etilishicha, Darmian tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tdi va Kasteldeboloda jamoa bilan mashg‘ulot ham o‘tkazdi. Tomonlarning o‘zaro kelishuvida shartnomani yana bir yilga uzaytirish imkoniyati ham bo‘ladi.
Futbolchi «Bolonya»da yiliga taxminan 800 ming yevro maosh oladi va bunga qo‘shimcha bonuslar ham qo‘shiladi.
Eslatib o‘tamiz, Matteo bunga qadar olti mavsum davomida «Inter» sharafini himoya qildi. Bu vaqt davomida milanliklar safida barcha turnirlar doirasida 218 ta uchrashuvda maydonga tushib, 13 ta gol urgan.