Farg‘onaning «Neftchi» klubida oxirgi paytlarda yo‘qotishlar ko‘p bo‘lganini bilsangiz kerak.
Bir qator futbolchilar jarohatlanishdi. Ulardan biri serbiyalik tayanch yarimhimoyachisi Yovan Jokich bo‘lib, u operatsiya stoliga ham yotishga majbur bo‘ldi.
Xo‘sh, Jokichning hozirgi holati qanday? Bu borada Tribuna.uz jurnalisti Yovan bilan suhbat uyushtirdi.
- Yovan, avvalo, hozirgi holatingiz haqida so‘ramoqchiman. Jarohatdan so‘ng operatsiya o‘tkazdingiz. Hozir o‘zingizni qanday his qilyapsiz va tiklanish jarayoni qanday kechmoqda?
- Hozir reabilitatsiya jarayonini o‘tayapman va allaqachon asta-sekin yugurishni boshladim. Hozircha barchasi yaxshi ketyapti va umid qilamanki, tez orada Farg‘onaga qaytaman.
- Futbolchi uchun operatsiya va maydondan uzoq vaqt chetda qolish jiddiy sinov. Bu davrda siz uchun eng qiyini nima bo‘ldi — jismoniy og‘riq, futboldan uzoqda bo‘lish yoki ruhiy bosim?
- Ha, albatta, jismoniy og‘riq ham bor, ammo asosiy rol psixologiyaga tegishli. Jamoangizni kuzatib, yigitlarni ko‘rib, ularga yordam bera olmayotganingizni anglash — menimcha, eng katta muammo ham aynan shunda.
- Jarohat olgan paytingizda oqibatlar bunchalik jiddiy bo‘lishini taxmin qilganmidingiz? Tashxis haqida birinchi bor eshitganingizda nimani his qildingiz?
- Menda bu jarohat asta-sekin yig‘ilib borgan. Bir payt kelib, og‘riqqa qaramay o‘yinni davom ettira olmay qoldim. Menga omad kulib boqdi, chunki pay atrofidagi to‘qimalarni tozalash operatsiyasini o‘tkazishning o‘zi kifoya qildi va tiklanish davrim uch oyni tashkil etadi. Boshqa jarohatlar bilan solishtirganda, bu unchalik qo‘rqinchli emas.
- Hozir siz «Neftchi»ning tarkibidan chiqarildingiz va klub sizning o‘rningizga boshqa futbolchini taklif qildi. Bu haqda nima deya olasiz? Bu qarorni qabul qilish siz uchun qanchalik og‘ir bo‘ldi?
- Aynan shunday. Bilasizmi, jamoaga 100 foizimni bera olmayotganimni tushunganimizdan so‘ng, murabbiy bilan vaziyatni muhokama qildik va jamoa uchun eng to‘g‘ri qarorni birgalikda qabul qildik.
- «Neftchi» rahbariyati va jamoadoshlaringiz tiklanish jarayonida sizni qanday qo‘llab-quvvatlamoqda?
- Klub har doim yonimda bo‘ldi va operatsiyadan oldin ham, keyin ham meni qo‘llab-quvvatladi.
- To‘liq tiklanganingizdan so‘ng klubda qolish va yana shu jamoa safida maydonga qaytish siz uchun qanchalik muhim?
- Xudo xohlasa, yil oxiriga qadar Chempionlar ligasida hech bo‘lmasa bir nechta o‘yinda maydonga tushishga tayyor bo‘laman, degan umiddaman.
- Bu jarohat futbolga — kasbingizga bo‘lgan munosabatingizni o‘zgartirdimi? Masalan, endi sog‘lik, futbol va maydondagi har bir daqiqani boshqacha qadrlay boshladingizmi?
- Salomatlik — eng muhimi. Ammo hozir o‘zimni avvalgidan ham kuchliroq his qilyapman.
- Hozir tiklanish jarayonida sizga eng ko‘p kim dalda beryapti? Oila, jamoadoshlar, murabbiylar va muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi sizga qanchalik yordam beryapti?
- Operatsiyadan keyingi tiklanish jarayonida oila juda muhim rol o‘ynaydi. Ular doimo yonimda va mashg‘ulotlar hamda o‘yinlarga imkon qadar tezroq qaytishim uchun menga kuch berishmoqda. Albatta, klub, murabbiylar va doimo yonimda bo‘lgan muxlislardan ham katta qo‘llab-quvvatlov olyapman. Ular maydonda ham, maydon tashqarisida ham meni qo‘llab-quvvatlab kelishgan.
- Va eng muhimi: sizga ishonayotgan va qaytishingizni kutayotgan «Neftchi» muxlislariga nima degan bo‘lardingiz? Sizni yana maydonda ko‘rishlari uchun, taxminan, yana qancha vaqt kutishlariga to‘g‘ri keladi?
- Imkon qadar tezroq qaytish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilyapman va umid qilamanki, tez orada maydonda yana ko‘rishamiz!
Yovan Jokich: «Boshqa jarohatlar bilan solishtirganda bu unchalik qo‘rqinchli emas»
Eksklyuziv
5 oktabr, 04:59
Tribuna.uz jurnalisti Yovan bilan suhbat uyushtirdi.
Фото: Нефтчи ПФК