Live
4
O'zbek

Kannavaro: «Kelgusida ham jamoamizni yanada rivojlantirish va takomillashtirish yo‘llarini izlashda davom etamiz»

Futbol
6 oktabr, 10:00
    107
Fabio matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Kannavaro: «Kelgusida ham jamoamizni yanada rivojlantirish va takomillashtirish yo‘llarini izlashda davom etamiz»
Фото: ЎФА

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Janubiy Koreyaga qarshi o‘rtoqlik bahsidan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

- Koreya Respublikasiga qarshi uchrashuv haqidagi fikringiz?

- Juda yaxshi uchrashuv bo‘ldi. Natija borasida, albatta, afsusdamiz, biroq o‘yin sifati nuqtayi nazaridan jamoamiz munosib harakat qildi. Futbolchilarga Koreya milliy jamoasiga imkon qadar ko‘proq qiyinchilik tug‘dirish vazifasini qo‘ygandik. Uchrashuvning har ikki bo‘limida ham ko‘plab vaziyatlar yaratishga muvaffaq bo‘ldik. Kuchli raqibga qarshi bahslarda esa kichik tafovutlar ham yakuniy natijani belgilab beradi.

- Koreya terma jamoasining qaysi jihatlaridan foydalanishga harakat qildingiz?


- Eng avvalo, futbolchilardan o‘zlariga bo‘lgan ishonch bilan maydonga tushishlarini talab qildim. Koreya Respublikasida bunday darajadagi uchrashuv o‘tkazish oson emasligini yaxshi anglagandik. G‘alaba bilan qaytish uchun o‘yinning barcha jihatlari yuqori saviyada bo‘lishi kerak edi. Bu, avvalo, yuqori intensivlik, faol harakat va to‘p nazoratini anglatadi.

Natijada mazkur jihatlarning ma’lum qismini amalda namoyish eta oldik. Uchrashuv davomida ko‘plab golli vaziyatlar yaratdik. Koreya terma jamoasining aniq zarbalari sonini hisobga oladigan bo‘lsak, menimcha, ular bor-yo‘g‘i ikki marta jiddiy xavf yaratishdi. Biz yaratgan vaziyatlarda esa raqib darvozaboni bir qator muhim seyvlarni amalga oshirdi. Bu esa yaratilgan imkoniyatlardan foydalana olmaganimizning asosiy sabablaridan biri bo‘ldi.

Shunday bo‘lsa-da, bu — futbol. Kelgusida ham jamoamizni yanada rivojlantirish va takomillashtirish yo‘llarini izlashda davom etamiz.

- So‘nggi paytlarda O‘zbekiston futbolida sezilarli o‘sish kuzatilayotganini ta’kidlash mumkin. Bu boradagi fikringiz qanday?


- Jamoaga tayinlanganimdan so‘ng, jahon chempionatiga qadar tarkibga katta o‘zgarishlar kiritmaslikka qaror qilgandik. O‘sha davrda tub o‘zgarishlar qilishdan ko‘ra, avvalgi bosh murabbiy tomonidan olib borilgan ishlarni davom ettirishni maqsadga muvofiq deb hisobladik. Chunki aynan o‘sha jamoa Jahon chempionatiga chiqishdek muhim natijaga erishgan edi.

Jahon chempionatidan so‘ng esa jamoada muayyan o‘zgarishlarni amalga oshirishga kirishdik. Xususan, yosh futbolchilarga ko‘proq imkoniyat berish yo‘lini tanladik. O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi yoshlar futboliga katta e’tibor qaratib, ushbu yo‘nalishga sezilarli investitsiya kiritmoqda. Zarur infratuzilma va sharoitlar ham yaratilayotganini inobatga olib, jamoada bosqichma-bosqich o‘zgarishlarni amalga oshirishni to‘g‘ri deb bildik.

Hozirda ushbu jarayon izchil davom etmoqda. Bugungi uchrashuv ham yosh futbolchilarimiz uchun Koreya Respublikasi kabi kuchli raqibga qarshi bahsda katta tajriba orttirish imkonini berdi. Yakunda eng muhim omil — futbolchilarning ruhiy tayyorgarligi hamda yuqori saviyadagi futbol namoyish etishga asoslangan yagona falsafadir. Ana shu yo‘nalishda izchil harakat qilsak, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erisha olishimizga ishonaman.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

107 izoh +2 ta yangi
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar