Live
3
O'zbek

«Eski tanishlar» — «Nasaf»ning Osiyo Chempionlar ligasi 2 dagi navbatdagi raqibi haqida

Futbol
14 oktabr, 06:09
    2
Qarshidagi bellashuv soat 18:45 da start oladi.
«Eski tanishlar» — «Nasaf»ning Osiyo Chempionlar ligasi 2 dagi navbatdagi raqibi haqida
Фото: Getty Images
14.10.2026, 09:45 Osiyo Chempionlar Ligasi 2 Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi - : - Al-Wahda Al-Wahda

14-oktabr kuni «Nasaf» Osiyo Chempionlar Ligasi-2 musobaqasining 2-turi doirasida BAAning «Al-Vahda» klubini qabul qiladi. Qarshiliklar musobaqaning dastlabki turida Bahraynning «Al-Xaldiya» jamoasi bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagan edi. «Nasaf»ning navbatdagi raqibi haqida batafsil to‘xtalamiz.

«Al-Vahda» Birlashgan Arab Amirliklari futbolining eng nomdor klublaridan biri hisoblanadi. Abu-Dabi shahrida joylashgan jamoa 1984-yilda ikki klubning birlashishi natijasida hozirgi nomi bilan tashkil topgan. Klubning tarixiy ildizlari esa 1966-yilga borib taqaladi.

«Al-Vahda» nomi arab tilidan «Birdamlik» yoki «Birlik» ma’nosini anglatadi. Jamoa muxlislar orasida «Al-Anabi», ya’ni «To‘q qizillar» laqabi bilan mashhur. Klubning asosiy ranglari to‘q qizil, ko‘k va oq hisoblanadi.

«Al-Vahda» o‘z uy uchrashuvlarini Abu-Dabi shahrida joylashgan «Al-Nahyan» stadionida o‘tkazadi. 1995-yilda foydalanishga topshirilgan mazkur arena 15 894 nafar muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Stadion 2019-yilgi Osiyo kubogi oldidan rekonstruksiya qilingan va musobaqaning bir qator uchrashuvlariga mezbonlik qilgan.

«Al-Vahda» BAA futbolining tarixiy grandlaridan biri sanaladi. Klub mamlakat chempionatida 4 marta g‘olib chiqqan. Jamoa 1998/99, 2000/01, 2004/05 va 2009/10-yilgi mavsumlarda chempionlikni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, «Al-Vahda» ikki karra BAA Prezidenti kubogi, to‘rt karra Liga kubogi va to‘rt karra mamlakat Superkubogi sohibi hisoblanadi.

Jamoa xalqaro maydonda ham muhim natijalarga erishgan. «Al-Vahda»ning Osiyo Chempionlar ligasidagi eng yaxshi ko‘rsatkichi 2007-yilga to‘g‘ri keladi. O‘sha mavsumda klub chorakfinalda Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» jamoasidan ustun kelib, yarimfinalga yo‘l olgan. Biroq ushbu bosqichda Eronning «Sepaxon» klubiga ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan.

2009/10-yilgi mavsumda BAA chempionligini qo‘lga kiritgan «Al-Vahda» 2010-yilda mamlakat mezbonlik qilgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham ishtirok etgan. Jamoa dastlabki uchrashuvda Papua-Yangi Gvineyaning «Hekari Yunayted» klubini 3:0 hisobida mag‘lub etgan. Keyingi bosqichda esa Janubiy Koreyaning «Seongnam Ilva» jamoasiga 1:4 hisobida yutqazgan. Beshinchi o‘rin uchun bahsda Meksikaning «Pachuka» klubiga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy bergan.

«Al-Vahda» 2025/26-yilgi mavsumda BAA chempionatini 5-o‘rinda yakunladi. Jamoa mamlakat Liga kubogida esa g‘olib chiqdi. Finalda «Al-Ayn» bilan asosiy vaqtda 0:0 hisobida durang o‘ynagan Abu-Dabi vakillari penaltilar seriyasida 4:2 hisobida ustun keldi. Shu tariqa «Al-Vahda» o‘z tarixida to‘rtinchi bor mazkur sovrinni qo‘lga kiritdi.

«Al-Vahda»ni ayni paytda braziliyalik 61 yoshli mutaxassis Perikles Shamushka boshqarmoqda. U murabbiylik faoliyati davomida Saudiya Arabistoni, Qatar va boshqa mamlakatlar klublarida ishlagan. Xususan, «Al-Hilol», «Al-Shabob», «At-Ta’vun», «Al-Faysaliy», «Al-G‘arafa» va «Neom» jamoalarida faoliyat olib borgan.

Shamushkaning murabbiylik faoliyatidagi muhim yutuqlaridan biri 2020/21-yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi. U Saudiya Arabistonining «Al-Faysaliy» klubini o‘z tarixida ilk bor mamlakat Qirol kubogi g‘olibligiga olib chiqqan. Shuningdek, mutaxassis «Neom» jamoasi bilan Saudiya Arabistoni Proligasiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

«Al-Vahda» tarkibida xalqaro miqyosda katta tajribaga ega futbolchilar mavjud. Jamoaning eng mashhur o‘yinchilaridan biri belgiyalik hujumchi Kristian Benteke hisoblanadi. U faoliyatining katta qismini Angliya Premer-ligasida o‘tkazgan. Xususan, «Aston Villa», «Liverpul» va «Kristal Pelas» klublari sharafini himoya qilgan. Keyinchalik AQShning «Di Si Yunayted» jamoasida faoliyat olib borgan hujumchi 2026-yilning yanvar oyida «Al-Vahda» safiga qo‘shilgan.

Jamoaning yana bir asosiy yulduzi Suriya milliy jamoasi hujumchisi Umar Xarbin hisoblanadi. 32 yoshli futbolchi 2017-yilda Osiyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. U avvalroq Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» jamoasida faoliyat olib borgan va Osiyo Chempionlar ligasida ham katta tajriba orttirgan. Xarbin 2021-yildan buyon «Al-Vahda» sharafini himoya qilib kelmoqda.

Klub tarkibida, bundan tashqari, BAA milliy jamoasi futbolchisi Kayo Kanedo, braziliyalik himoyachi Lukas Pimenta, tunislik Alaeddin Zuhayr kabi futbolchilar ham faoliyat olib bormoqda.

Yozgi transferlar oynasida «Al-Vahda» tarkibini bir qator legionerlar bilan kuchaytirdi. Jamoa Gretsiyaning «Panatinaikos» klubidan Sloveniya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Adam Gnezda-Cherinni 3 million yevroga transfer qildi. Shuningdek, Ispaniyaning «Alaves» klubidan maliyalik himoyachi Mussa Diarra, Argentinaning «San-Lorenso» jamoasidan Lautaro Montenegro va Paragvayning «Olimpiya» klubidan darvozabon Fakundo Insfran ham Abu-Dabi klubiga kelib qo‘shildi.

«Al-Vahda» Osiyo Chempionlar ligasi-2 musobaqasining yangi mavsumini g‘alaba bilan boshladi. Jamoa dastlabki turda Quvaytning «Quvayt SK» klubini 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Abu-Dabi vakillari uchrashuvning dastlabki 8 daqiqasida ikkita gol o‘tkazib yuborganiga qaramay, yakunda irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi. Jamoaning gollariga Mussa Diarra, Renne Rivas va Kristian Benteke mualliflik qildi. Belgiyalik hujumchi 90+7-daqiqada g‘alaba to‘pini kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo Chempionlar ligasi-2 musobaqasining 2-turidan o‘rin olgan «Nasaf» — «Al-Vahda» uchrashuvi 14-oktabr kuni Qarshi shahridagi Markaziy stadionda bo‘lib o‘tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan 18:45 da start oladi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi
  • Al-Wahda Al-Wahda
  • Osiyo Chempionlar Ligasi 2 Osiyo Chempionlar Ligasi 2
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

2 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar