O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Odil Ahmedov noyabrda Rossiya milliy jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar ketayotganini ma’lum qildi.
«Rossiya futbol ittifoqi bilan aloqadamiz va kelishuvga yaqinmiz. Hozir Rossiya hamda Saudiya Arabistoni bilan muzokara olib boryapmiz», — dedi Ahmedov Sport24 nashriga bergan intervyusida.
Uning aytishicha, Saudiya Arabistoni bilan bahs Riyodda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Biroq O‘zbekiston tomoni xavfsizlik sababli o‘yinni Toshkentga ko‘chirmoqchi. Saudiyaliklar hozircha bunga rozi emas.
«Saudiya Arabistoni bilan kelisha olmasak, katta ehtimol bilan Rossiyaga qarshi o‘ynaymiz. Uchrashuv joyi ochiq qolmoqda. Barcha tafsilotlarni Fabio Kannavaro bilan muhokama qilishimiz kerak», — dedi u.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston milliy jamoasi so‘nggi FIFA kunlari doirasida Eronni 3:1, Suriyani 4:1 hisobida yengib, Janubiy Koreyaga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.