Birinchi o‘rta vazn toifasida sobiq jahon chempioni Isroil Madrimovning 30 oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan jangi tashkiliy sabablarga ko‘ra qoldirildi. Bu haqda Lift Promotions tashkiloti xabar berdi.
«Aziz muxlislar! 30 oktabr kuni «Humo Arena»da bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Xalqaro professional boks kechasi tashkiliy sabablarga ko‘ra 10 dekabr kuniga ko‘chirildi.
Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz. Biz uchun sizning ishonchingiz va xavfsizligingiz muhim. 10 dekabr kuni ko‘rishguncha!» — deb yozdi tashkilot o‘zining Instagram sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Madrimov so‘nggi jangini yanvar oyida Las-Vegasda o‘tkazib, Luis David Salazarni hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etgan edi.