«Buxoro» klubi Samarqandda «Dinamo»ni 1:2 hisobida yengishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu g‘alabadan keyin buxoroliklar ustozi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Uchrashuv oson kechmasligini kutgandik. Raqib dastlabki daqiqalardan tashabbusni qo‘lga olishga harakat qilishi va agressiv futbol namoyish etishini taxmin qilgandik. Aslida, raqib aynan shunday o‘ynadi. Ular buni uddalashdi ham. Biz yana dastlabki o‘n daqiqa ichida gol o‘tkazib yubordik. Aytish mumkinki, raqibning bir kishi kam bo‘lib qolgani ham bizga qo‘l keldi.
Albatta, bu ustunlikdan darhol foydalana oldik, deb aytolmayman. Ammo uchrashuvning yakuniy qismida raqibning kamchilikda o‘ynagani bizga yordam berdi. Shu sababli bu og‘ir va qiyin g‘alaba bo‘ldi. Yigitlar bor kuchini ishga solishdi. Ularga minnatdorchilik bildiraman. O‘zimizni va barcha muxlislarimizni ushbu g‘alaba bilan tabriklaymiz.
- O‘yin davomida qanday ko‘rsatmalar berildi, taktikani qanday o‘zgartirdingiz? O‘zingiz aytganingizdek, nima uchun o‘yinni darhol o‘zgartirishning iloji bo‘lmadi? Faqat ikkinchi bo‘limdagina buni uddaladingiz. G‘alabaga erishish uchun futbolchilarga qanday ko‘rsatma berildi va o‘yinni qanday o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldingiz?
- O‘zingiz ham ko‘rdingiz, to‘pni nazorat qilgan bo‘lsak-da, hujumlarning hal qiluvchi, ya’ni yakunlovchi bosqichida o‘tkirlik yetishmadi. Ko‘p vaziyatlar yarata olmadik. To‘pni juda sekin harakatlantirdik. Hujumkor hududda ishonchsiz o‘ynadik, raqibni aldab o‘tishga harakat qilmadik, faollik ko‘rsatish o‘rniga to‘pni bir-birimizga oshirish bilan cheklandik.
Bu oson emas edi. Birinchidan, raqib olti nafar futbolchidan iborat himoya chizig‘ida o‘ynadi. Bizning vazifamiz ularni o‘z pozitsiyalaridan chiqarish, himoyada bo‘shliqlar hosil qilish edi. Bu har doim ham o‘xshamadi, ba’zida shoshilib qaror qabul qildik. Ammo olti nafar futbolchidan birini o‘z chizig‘idan chiqarishga muvaffaq bo‘lganimizda, himoyada bo‘shliq paydo bo‘ldi. Biz to‘pni o‘sha hududga yo‘naltirdik va gol urdik.
Ikkinchidan, hujumda ijodkorlik yetishmadi. Maydonda bo‘lgan futbolchilarimiz bunday o‘yin ko‘rsatishga yetarlicha hissa qo‘sha olishmadi. Kacharava va Qayumovning maydonga tushishi bilan o‘yinimizni yanada rang-barang qilishga erishdik. Kacharavaning bo‘yi balandligi ham qo‘l keldi. Qanotlardan uzatmalar ko‘paya boshladi, hujumlarning yakuniy bosqichlarida ishonchliroq harakat qildik.
Bundan tashqari, raqib ochiq hududlarda yaxshi o‘ynaydi. «Dinamo»ning qarshi hujumlarda kuchli ekanini bilamiz. Shuning uchun hujumchilarning himoya ortiga ochilib ketishi va uzoq uzatmalardan ham ehtiyot bo‘ldik. Bu borada ham biroz ishonchsiz harakat qildik. To‘pni yo‘qotganimizda esa har doim ham darhol pressingga o‘ta olmadik.
Yana bir bor ta’kidlayman, bu juda keskin va asabiy kechgan uchrashuv bo‘ldi. Eng muhimi, g‘alaba qozondik.
- Hisobni tenglashtirganingizdan keyin ham «Dinamo» ayrim daqiqalarda tashabbusni qo‘lga olgandek ko‘rindi. So‘nggi 10–15 daqiqada ularning hujumlarini to‘xtatishga erishgan bo‘lsangiz-da, uchrashuv oxirida raqib jiddiy bosim uyushtirdi. Buning sababi nimada?
- Odatda, gol urgan jamoa hisobni saqlab qolishga harakat qiladi. Biz ham shunday qildik, ehtimol, biroz ortga chekindik. Raqib uzoq uzatmalardan foydalanishga harakat qildi, ammo baxtimizga, to‘p uchun kurashlarda ko‘pincha ustun keldik. Burchak to‘plari ham xavfli bo‘ldi.
Bu futbolda tabiiy holat. Bir jamoa hisobni saqlab qolishga intiladi, ikkinchisi esa so‘nggi daqiqalarda hisobni o‘zgartirishga harakat qiladi. Bundan qochib qutulib bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, ayrim futbolchilarimiz o‘yindan tushib qolishdi, balki jismoniy jihatdan yangilanish yetishmagandir. Futbolchilar robot emas. Ular har doim ham g‘alabalar keltirayotgan darajada barqaror o‘ynay olmaydi. Yaxshiyamki, hammasi biz uchun ijobiy yakunlandi.
Raqibning bir kishi kam bo‘lib qolishiga kelsak, biz aynan shu vaziyatdan foydalanishga harakat qildik. O‘z maydonimiz yarmida raqib hujumini to‘xtatganimizdan keyin darhol himoya ortiga uzatma berishga e’tibor qaratdik. Aynan shunday vaziyatlardan biri natija berdi: himoya ortiga uzatma amalga oshirildi, hujumchimiz to‘p uchun kurashdi va raqib futbolchisi chetlatilishiga sabab bo‘lgan vaziyat yuzaga keldi», - deya Xomyakovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri