Live
9
O'zbek

Mirko Yelchich: «O‘yin davomida durang uchun o‘ynadik, deb aytmagan bo‘lardim»

Eksklyuziv
17 oktabr, 14:05
Yelchich matbuot anjumanida qatnashdi.
Mirko Yelchich: «O‘yin davomida durang uchun o‘ynadik, deb aytmagan bo‘lardim»
Фото: Getty Images
17.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent 0 : 0 Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi

Superliganing 24-turi yakunlandi. Toshkentda «Lokomotiv» «Nasaf»ni qabul qildi. O‘yinda esa hisob ochilmadi – 0:0.

Uchrashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Mirko Yelchich matbuot anjumanida qatnashdi.

- O‘yin biz kutganimizdek kechdi. Yuqori kayfiyat, agressiv va hujumkor futbol guvohi bo‘ldik. Tomoshabop uchrashuv bo‘ldi. «Nasaf»ni yaxshi bilamiz, ularning maydonda qanday harakat qilishini, o‘z o‘yin uslubi va madaniyati borligini bilamiz. O‘zbekistonda ekanimdan buyon ularning darajasi pasaymayotganini, doimo yuqori saviyani saqlab kelayotganini ko‘rib turibman. Buning uchun ularni alohida e’tirof etish kerak.

- «Nasaf»ning bugungi o‘yinini qanday baholaysiz? Jamoangiz harakatlaridan qanchalik qoniqdingiz?

- Hozirgi vaqtda «Nasaf» yaxshi formada. So‘nggi bir yarim oy davomida juda yaxshi o‘yin namoyish etmoqda. O‘z jamoam haqida gapiradigan bo‘lsam, ayrim jihatlarda yanada kuchayishimiz kerakligini his qildim. Ammo umumiy o‘yindan, futbolchilarning maydonda o‘zlarini qanday ko‘rsatganidan qoniqdim.
Ishlashda davom etamiz. Bizga yetishmayotgan jihatlar ustida ishlash hech qachon tugamaydi. Doimo nimanidir yaxshilashga harakat qilamiz.

Bugun qarshi hujumlar uchun ko‘p imkoniyatlar bo‘ldi, lekin ulardan foydalana olmadik. Ayniqsa, yakuniy bosqichda to‘g‘ri qaror qabul qilishda kamchiliklar bo‘ldi.

- «Nasaf» uch kun oldin Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynadi va bugungi uchrashuvda jismoniy jihatdan ko‘proq kuch sarflashiga to‘g‘ri keldi. «Lokomotiv» esa ancha oldinroq o‘ynagan edi. Shunga qaramay, bahs teng kechdi. «Nasaf»ning charchog‘i sabab o‘yin soddaroq ko‘rindi, deb hisoblash mumkinmi? «Lokomotiv» bugun asosan durang uchun harakat qildimi?

- Agar uch kundan keyingi o‘yinda charchoq sezilsa, demak, klubda nimadir noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Uch kunlik tiklanish vaqti — eng maqbul muddatlardan biri.
Men uchun jamoam butun mavsum davomida har uch kunda o‘ynasa ham yaxshi bo‘lardi.

Bu futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga yordam beradi va tiklanish uchun ham vaqt yetarli bo‘ladi. Yil davomida 60–70 ta o‘yin o‘tkazish mumkin. Bizda bunday taqvim yo‘q. Shuning uchun har uch kunda o‘ynash men uchun muammo emas, aksincha, yaxshi holat bo‘lardi. Bugungi uchrashuvda durang uchun o‘ynadik, deb aytmagan bo‘lardim.

- Bugungi o‘yinda to‘rt nafar himoyachi bilan harakat qildingiz, ayrim paytlarda esa besh nafar himoyachi bilan o‘ynadingiz. Bu taktik reja edimi?

- Aslida, «Nasaf» bizning maydonga kelganda besh nafar himoyachi bilan o‘ynaydi, deb o‘ylagandik. Ammo o‘yinni boshlaganida bunday bo‘lmadi. Shundan keyin biz ham taktikamizni o‘zgartirishimiz kerak edi.

Yana bir hujumchini maydonga tushirishga harakat qildik. Ammo komissardan so‘raganimda, u buning uchun kech bo‘lganini aytdi. Qoidaga ko‘ra, futbolchini almashtirish mumkin, lekin bunday holatda almashtirilgan futbolchi keyin yana o‘yinga qayta olmas ekan.

Shu sababli o‘yinni dastlab rejalashtirganimizdek boshlay olmadik. Raqibning harakatlariga qarab, ayrim vaziyatlarda improvizatsiya qilishimizga to‘g‘ri keldi.

- Mavsum boshidan buyon «Lokomotiv»ning asosiy maqsadi yosh futbolchilarning saviyasini oshirish, ularni tajribali o‘yinchilar bilan birga tarbiyalash ekanini ta’kidlab kelyapsiz. Ammo mavsum yakuniga yaqinlashmoqda. Hozir jamoaning kuchli beshlik yoki to‘rtlikka kirish imkoniyati ham bor…

- Men turnir jadvaliga unchalik qaramayman. Ko‘p mamlakatlarda klublar faoliyatiga qarasangiz, ularning asosiy e’tibori futbolchilarni rivojlantirish va jamoaning o‘yin falsafasini shakllantirishga qaratiladi.

Meni eng quvontiradigan jihat — O‘zbekistonda juda yaxshi futbolchilar bor. Menimcha, Osiyodagi eng iqtidorli yosh futbolchilar aynan shu yerda. Albatta, Yevropani hisobga olmasak, Osiyodagi eng yaxshi iqtidorlardan biri shu mamlakatda ekaniga ishonaman.

Biz klubning falsafasi va sharoitlaridan kelib chiqib, mamlakat futboliga qanday hissa qo‘sha olishimizni izlaymiz. Butun mamlakat miqyosida ishlashga harakat qilamiz. Lekin har doim hamma narsa biz xohlagandek bo‘layotganini his qilmaymiz. Doimo yanada yaxshilash kerak bo‘lgan jihatlar topiladi.

Murabbiy uchun eng yoqimli jarayon — futbolchilarni muayyan uslubda futbol o‘ynashga o‘rgatish. Agar ular siz bergan ko‘rsatmalarni o‘zlashtirib, maydonda qo‘llay olsa, bu katta yutuq. Siz ishlaysiz, tushuntirasiz, ammo futbolchilar buni bajara olmasa, bu juda qiyin jarayonga aylanadi. Bunday holatda soddaroq futbol o‘ynashga majbur bo‘lasiz.

«Lokomotiv»da esa o‘yin sifati ustida ishlash, turli taktik tajribalarni amalga oshirish imkoniyati bor. Bu men uchun juda muhim», - deya Yelchichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar