Namangan boʻlib oʻtgan «Navbahor» - «Paxtakor» (1:1) bellashuvidan soʻng namanganliklar yordamchi murabbiyi Mixail Yeremchuk matbuot anjumanida fikrlarini aytib oʻtdi.
- Avvalo, muxlislarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bugun stadionda ajoyib muhit hukm surdi. Bu futbolchilarimizga oldinga intilishda katta yordam berdi.
Afsuski, bunday oʻyinlarda har bir xatoning narxi juda qimmatga tushadi. Birinchi boʻlib xatoga yoʻl qoʻygan ham biz boʻldik. Ammo yigitlarga tan berish kerak. Ularga oxirigacha harakat qilgani, soʻnggi daqiqalarga qadar himoyalangani uchun katta rahmat aytaman.
Bugun gʻalaba qozonishni juda xohlagandik. Uchrashuvning yakuniy qismidagi harakatlarimiz ham buni tasdiqlaydi. Gol urish uchun bor kuchimiz bilan raqib darvozasi tomon intildik. Afsuski, buning uddasidan chiqa olmadik. Futbol shunaqa.
Soʻnggi oʻyinlarda penaltillarni amalga oshirishda nimadir oʻxshamayotgani ham bor gap. Vaholanki, mashgʻulotlarda yigitlar penaltillarni yaxshi tepishadi. Bu jihat ustida ishlashda davom etamiz.
Standart vaziyatlarga kelsak, bugun ham standartdan gol urdik. OKMKga qarshi uchrashuvda ham standart vaziyatdan gol kiritgandik. Bu komponent ustida ishlayapmiz. Ammo raqiblar ham yaxshi himoyalanishyapti, bizni oʻrganishyapti.
Futbolning har bir jihatida oʻsishimiz kerak. Har bir komponent ustida ishlayapmiz, lekin afsuski, hamma narsa ham doim biz istagandek boʻlavermaydi. Hatto kuchli jamoalarda ham shunday holatlar kuzatiladi. Biz ham bundan mustasno emasmiz. Ammo bu borada yanada kuchayamiz.
Bugun muxlislarni gʻalaba bilan xursand qilish uchun imkoniyatlarimiz yetarli edi. Yana bir bor taʼkidlayman, biz gʻalaba uchun bor kuchimizni sarfladik va buni juda xohlagandik. Afsuski, natija shunday boʻldi.
Yusupovga kelsak, u oʻz saviyasi yuqori boʻlgan professional darvozabon. Jahon chempionatiga yoʻl olgan milliy terma jamoamiz safidagi oʻyinlari ham buni tasdiqlaydi. Har bir futbolchida, har bir darvozabonda ham shunday davrlar boʻlishi mumkin. Bugungi gol uchun uni ayblash adolatdan boʻlmaydi. U oʻtkazib yuborgan golni faqat uning xatosi bilan bogʻlash notoʻgʻri. Bu bir nechta xatolarning natijasi. Gol oʻtkazib yuborishimizga sabab boʻlgan vaziyat ancha oldin boshlangan. Nega bunday oʻynadik, nima uchun vaziyat shu tarzda rivojlandi — asosiy sabablarni shu yerdan izlash kerak.
Keyingi oʻyinlarda vaziyat boshqacha boʻlishi mumkin. Ammo biz Oʻtkirga ishonamiz va unga nisbatan shubhamiz yoʻq.
- Bugungi oʻyindan keyin chempionlik poygasi tugadi, deb hisoblash mumkinmi?
- Hali oʻyinlar bor, hammasi oʻzgarishi mumkin. Doimo ishonish va har bir uchrashuvda gʻalaba qozonishga intilish kerak. Muxlislarimizni xursand qilish, oʻyinimiz bilan ularga zavq bagʻishlash uchun qoʻlimizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Buning uchun bor kuchimizni ishga solamiz va natijaga erishish yoʻlida borimizni beramiz.
- Norchaev va Kojo juftligi asosiy tarkibda maydonga tushishi mumkinmi? Shuningdek, Fernandes bilan bogʻliq vaziyatga izoh bersangiz. Uni anchadan beri maydonda koʻrmayapmiz. Muammo nimada?
- Aleksning tizzasidan jarohati bor, unga operatsiya qilindi. Hozir tiklanish jarayonini boshlaydi. Umid qilamanki, tiklanish jarayoni yaxshi va tez kechadi. Uni yana maydonda koʻramiz, degan umiddaman.
Norchaev va Kojo juftligiga kelsak, bu variantni qoʻllash mumkin. Bugun ham, avvalgi oʻyinda ham gol ura oladigan futbolchilar — Norchaev va Abdurahmonovdan foydalandik. Shunday kombinatsiyani sinab koʻrdik. Shuning uchun bunday juftlikni ham koʻrishimiz mumkin.
Hammasi futbolchilarning tayyorgarlik darajasiga bogʻliq. Biz tarkibni tanlashda ularning qay darajada tayyor ekani, mashgʻulotlarda qanday harakat qilayotgani va oʻzini qanday koʻrsatayotganiga eʼtibor qaratamiz. Shuningdek, raqibning oʻyinidan kelib chiqib, asosiy taktik rejamiz va oʻyinni kuchaytirish uchun qoʻshimcha rejamiz ham boʻladi.
- Penalti tepish oldidan toʻpni boshqa futbolchining olishi ham oʻziga xos usulga aylangan. Bu nima uchun qilinadi?
- Darvozabonlar penalti tepuvchi futbolchiga ruhiy bosim oʻtkazishga harakat qilayotganini koʻryapmiz. Shuning uchun yigitlarimizdan biri toʻpni ataylab oladi, goʻyo penaltini oʻzi tepmoqchidek harakat qiladi. Keyin darvozabon oʻz joyini egallagach, aslida penalti tepadigan futbolchi xotirjam holda toʻpni olib, zarba beradi.
- Jamoada penalti tepish boʻyicha asosiy masʼul futbolchi bormi?
- Ha, jamoada penalti tepuvchi asosiy futbolchi bor. Umuman olganda, bizda penaltini amalga oshira oladigan uch-toʻrt nafar futbolchi mavjud. Kim zarba berishini oʻyin davomidagi holat, futbolchining oʻziga boʻlgan ishonchi va ruhiy holatidan kelib chiqib belgilaymiz.
- Penaltidan gol urish boʻyicha aniq bashoratingiz bormi?
- Mashgʻulotlar yakunida penaltillarni tepib koʻramiz. Hatto darvozabonlar ham bir-biriga penalti tepishadi. Shu sababli futbolda hech narsani oldindan istisno qilib boʻlmaydi.
- Kapadze nechta oʻyinga diskvalifikatsiya qilingan?
- Adashmasam, bir oʻyinga. Demak, u Oʻzbekiston Kubogidagi uchrashuvda maydonga tushishi kerak.
- Shohrux Abdurahmonovning jarohati qanchalik jiddiy?
- Uning son orqa qismida jarohat bor. Jarohatning qay darajada jiddiy ekanini aniqlash uchun MRT tekshiruvidan oʻtkazish kerak. Unga tezroq sogʻayib ketishini tilaymiz. Keyingi oʻyinlarda jamoamizga yordam bera oladi, degan umiddamiz.
- Oʻzbekiston Kubogidagi imkoniyatlaringizga qanday baho berasiz? Kubokni qoʻlga kiritishga ishonasizmi?
- Biz hammamiz bunga umid qilamiz. Bu koʻp jihatdan oʻzimizga bogʻliq. Harakat qilyapmiz, buning uchun qoʻlimizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz.
Ammo, afsuski, futbolda xatolar boʻladi va boʻlaveradi. Ulardan qochib qutulib boʻlmaydi. Hatto kundalik hayotimizda ham xatoga yoʻl qoʻyamiz. Siz ham, biz ham turli vaziyatlarda adashishimiz mumkin.
Bizning oldimizdagi vazifalar esa oʻzgarmaydi — har bir oʻyinda gʻalaba qozonish va muxlislarni xursand qilish. Chunki ularning bizga boʻlgan qoʻllab-quvvatlashi juda katta. Bugun ham ularni xursand qilishni juda xohlagandik», - deya Yeremchukning soʻzlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.