Superliga 26-turida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Neftchi» — «Bunyodkor» bahsi 14-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu borada har ikki klub o‘zaro kelishuvga erishgan. Bu haqda PFL xabar berdi.
Farg‘ona klubi ayni vaqtda biryo‘la uchta frontda kurash olib bormoqda. Taqvimdagi tig‘iz vaziyat va futbolchilarning tiklanishi uchun yetarli vaqt ajratish maqsadida «Neftchi» «Bunyodkor» bilan Superliga bahsini boshqa muddatga ko‘chirishni taklif qilgan. Toshkent klubi ushbu taklifga rozilik bildirgan.
PFL ma’lumotiga ko‘ra, FIFA kunlari hisobga olinmaganida, «Neftchi»ning ko‘chirilgan bahsini o‘tkazish uchun taqvimda bo‘sh sana mavjud emas edi. Shu sababli Farg‘ona klubi noyabr oyida O‘zbekiston milliy jamoasining yig‘iniga chaqirilishi mumkin bo‘lgan futbolchilarsiz ham «Bunyodkor»ga qarshi maydonga tushishga kafolat bergan.
Ma’lumot uchun, «Neftchi» Osiyo Chempionlar ligasi elit bosqichida ham ishtirok etmoqda. Shu bois jamoaning taqvimidagi yuklamani kamaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Eslatib o‘tamiz, «Bunyodkor» klubining iqtisodiy holatini inobatga olgan «Neftchi» U21 jamoalari o‘rtasidagi bahs uchun Toshkentga borishga rozi bo‘lgan. Ushbu bellashuv 28-oktyabr kuni poytaxtda o‘tkaziladi.