«An Nasr» klubi qarzlari 184 million yevroga yetgani sabab sotuvga qo‘yilishi mumkin. The Touchline nashri Bloomberg ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, «Milan» va «Tuluza» klublari egalari bo‘lgan RedBird Capital Partners kompaniyasi Saudiya Arabistoni jamoasiga sarmoya kiritish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Shuningdek, «An Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu klub aksiyalarining 20 foizigacha bo‘lgan qismini xarid qilishi mumkin. Bu amalga oshsa, portugaliyalik futbolchi jamoaning ham futbolchisi, ham hammulkdoriga aylanadi.
Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni chempionatining sakkiz turidan so‘ng «An Nasr» 19 ochko bilan turnir jadvalida uchinchi o‘rinda bormoqda. Jamoa peshqadam «Al Hilol»dan besh ochko ortda qolgan.
Eslatib o‘tamiz, Ronaldu ushbu mavsumda chempionatda to‘rtta gol urgan. To‘purarlar poygasida esa 11 ta gol bilan «Al Ahli» hujumchisi Ayvan Toni yetakchilik qilmoqda.