Live
5
O'zbek

Ulug‘bek Baqoyev: «Futbolchilarga e’tiroz yo‘q»

Futbol
16 oktabr, 15:10
«So‘g‘diyona» bosh murabbiyi «Bunyodkor» bilan durangdan so‘ng matbuot anjumanida qatnashdi.
Ulug‘bek Baqoyev: «Futbolchilarga e’tiroz yo‘q»
Foto: UzPFL
16.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Bunyodkor Bunyodkor 1 : 1 So'g'diyona So'g'diyona

Zominda Superliganing 24-turidan o‘rin olgan «Bunyodkor» hamda «So‘g‘diyona» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda 1:1 hisobidagi durang qayd etildi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida «So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev ishtirok etdi.

— Birinchi bo‘limda «Bunyodkor» o‘yinni ko‘proq nazorat qildi va vaziyatlar yaratdi. Haqiqiy yuz foizlik imkoniyatlar bo‘lmagan bo‘lsa-da, yarim vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi. Zarba berishdi, to‘pni nazorat qilishdi va hokazo.

Futbolda shunday holatlar bo‘lib turadi. Shuning uchun 1:1 hisobidagi durang, albatta, biz uchun yaxshi natija emas. Jamoamizda bir g‘alati holat kuzatilyapti: gohida ketma-ket uch-to‘rtta o‘yinda g‘alaba qozonamiz, ba’zida esa shuncha o‘yin davomida g‘alaba qozona olmaymiz.

Shunga qaramay, futbolchilarga maydondagi fidoyiligi uchun rahmat aytaman. Endi keyingi uchrashuvga tayyorlanamiz. Oldinda Kubok o‘yini bor. Tiklanib olishimiz, puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz va maydonga g‘alaba uchun chiqishimiz kerak.

— Doriyevning o‘yini haqida nima deya olasiz? Avval u ko‘plab vaziyatlar yaratardi, ammo ularni golga aylantirishda muammolar bor edi. Hozir esa imkoniyatlaridan ancha samarali foydalanmoqda. Avval u ko‘p vaziyatlar yaratardi, ammo ularni golga aylantirishda jamoada muammolar kuzatilardi. Hozir esa ikkita vaziyat bo‘lsa, ikkita gol uradi, bitta vaziyat bo‘lsa, bitta gol uradi.

— Biz taktik sxemani o‘zgartirganimiz yo‘q. Hammasi avvalgidek qolgan. Faqat futbolchilar o‘yin davomida maydondagi harakatlarini, joylashuvlarini to‘g‘ri belgilashlari kerak. Ba’zida ular o‘zlari ko‘tarilishi kerak bo‘lgan paytda pastroqda qolib ketishadi. Mashg‘ulotlarda bu jihatlar ustida ishlayapmiz. Maydonda esa futbolchilarga ko‘rsatmalarni yetkazish ham oson emas: kimdir eshitadi, kimdir esa uzoqda bo‘ladi. Ammo taktikamiz o‘zgarmagan. Bugun shunday o‘yin bo‘ldi. «Bunyodkor» faollashganidan keyin hisobni saqlab qolish maqsadida almashtirishlarni amalga oshirdik. 83 va 86-daqiqalarda o‘zgarishlar qildik. Bizda yana bitta almashtirish imkoniyati qolgani uchun ikkita futbolchini almashtirdik. Futbolchilarga e’tiroz yo‘q, ularga fidoyiligi va o‘yin intizomi uchun rahmat aytaman. Biroq jismoniy jihatdan kuchimiz yetmadi, desam ham bo‘ladi. Uchrashuv oxirida jamoa biroz pasayib qoldi.

— Lyupche raqiblar uchun tobora xavfli futbolchiga aylanmoqda. Biroq raqiblar uni yaxshi o‘rganib, maydonda ikki-uch nafar futbolchi bilan to‘sishga harakat qilishyapti. Bu holatda unga qanday yordam berish mumkin?

— Qarang, futbolchi hujumda faol va agressiv o‘ynasa, raqiblarni aldab o‘tishdan qo‘rqmasa, hatto ikki-uch nafar raqibni ham ortda qoldirishga harakat qilsa, bu uning kuchli jihati hisoblanadi.
Albatta, har bir raqib jamoa tarkibini o‘rganadi, futbolchilarning kuchli va zaif tomonlarini tahlil qiladi. Bu — futbolning oddiy qonuniyati.
Doriev to‘pni qabul qilishi bilanoq unga ikki-uch nafar himoyachi tashlanadi, qolaversa, boshqa futbolchilar ham ularni sug‘urtalab turadi. Shu sababli unga qiyin. Bir tomondan esa bu yaxshi holat: demak, raqiblar uni kuchli futbolchi sifatida tan olishyapti va undan xavfsirashyapti. Agar uning yonida yana bir agressiv, hujumda faol harakat qiladigan futbolchi bo‘lsa, Dorievga ancha oson bo‘lardi. Raqiblar faqat uni to‘sish bilan cheklana olmasdi.

— Yosh futbolchilarning yakkama-yakka vaziyatlarda raqibni aldab o‘tishga kamroq harakat qilishiga nima sabab? Zamonaviy futbolda individual mahorat qanchalik muhim?

— Bilmayman, lekin yosh futbolchilarning ba’zilari negadir agressiv o‘ynashdan qo‘rqishadi. Albatta, hammasini bunday deb bo‘lmaydi. Ko‘pchiligi raqibni aldab o‘tishga harakat qilish o‘rniga, to‘pni nazorat qilish va xavfsizroq o‘ynashni afzal ko‘radi. Ammo ba’zi vaziyatlarda raqibni aldab o‘tishga jasorat bilan harakat qilish kerak. Individual harakatlar, shaxsiy mahorat zamonaviy futbolda juda muhim.

Biz bu haqda ko‘p gapiramiz. Lekin ba’zan shunday futbolchilar borki, ularning iqtidori ko‘zga tashlanadi, keyin esa katta futboldan sezilmay ketishadi. Masalan, Ma’rufovlar ham shunday ketib qolishdi, deyarli bilinmay qolishdi.

Bunday futbolchilarning ustunligi shunda ediki, ular yosh bo‘lsa-da, o‘ziga ishonar, jasorat bilan harakat qilardi. Raqibni aldab o‘tishdan va to‘pni yo‘qotishdan qo‘rqmasdi. Menimcha, yosh futbolchilarda aynan shu xususiyatlarni rivojlantirishimiz kerak.

— «Bunyodkor» akademiyasidan ko‘plab yosh futbolchilar yetishib chiqmoqda va asosiy jamoaga kirib kelmoqda. «So‘g‘diyona» akademiyasi ham kelajakda shunday natijalarga erisha oladimi?

— «Bunyodkor»da yosh futbolchilarni tayyorlaydigan akademiya bor. U yerda har bir pozitsiya uchun yetarlicha futbolchilar yetishtiriladi. Mening fikrimcha, ularda har bir pozitsiyaga Superliga darajasiga mos keladigan besh-o‘n nafargacha futbolchi bor.
Bugungi kunda «So‘g‘diyona» ham o‘z akademiyasini tashkil qildi. Adashmasam, bunga ikki-uch yil bo‘ldi. Yana besh-olti yil o‘tsa, «So‘g‘diyona» akademiyasi ham o‘z mevasini bera boshlaydi. Shunda mahalliy yosh futbolchilar asosiy jamoaga kirib keladi, boshqa yoshlar esa ularning o‘rnini to‘ldiradi.
Bu — tabiiy jarayon. Eng muhimi, yosh futbolchilarga imkoniyat berish va ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratish.

— Keyingi o‘yindan muxlislar nimani kutishlari mumkin?

— Yaxshi o‘yin kutishlari mumkin. Chiroyli va agressiv futbol namoyish etishga harakat qilamiz. Men har doim shunday o‘yin tarafdoriman, - deya Baqoyevning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Bunyodkor Bunyodkor
  • So'g'diyona So'g'diyona
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar