«So‘g‘diyona» klubi Superliganing 23-turida Toshkentning «Lokomotiv» klubini qabul qildi va gollarga boy o‘tgan bahsda 2:3 hisobida mehmonlar g‘alaba qozondi, mezbonlar esa mag‘lub bo‘lishdi. O‘yindan keyin «So‘g‘diyona» ustozi Ulug‘bek Baqoyev matbuot anjumanida qatnashdi.
- Birinchi bo‘limda o‘yinni yetarlicha agressiv boshlamadik. «Lokomotiv» birinchi bo‘limda uchrashuvni nazorat qildi. Bizda xavfli vaziyatlar bo‘ldi, ammo to‘p nazorati yaxshi emasdi. Shunga qaramay, gol urishga muvaffaq bo‘ldik. Afsuski, ko‘p o‘tmay o‘z darvozamizdan ham gol o‘tkazib yubordik. Keyin hisobni tenglashtirdik, hatto yana bitta gol urishimiz ham mumkin edi. Uchinchi gol haqida gapiradigan bo‘lsak, «Lokomotiv» deyarli bir xil ikkita gol urdi. Albatta, bu yerda vaziyatlarni yakunlash mahorati ham muhim rol o‘ynadi. Shu tariqa, yigitlar o‘yinni boy berishdi. Bu futbol, endi keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.
- Bugun jamoangiz safida 50-raqamda Shohruh Kamolov o‘ynadi. Adashmasam, u U-19 chempionatining to‘purari, 2007-yilda tug‘ilgan yosh futbolchi. Uning bugungi o‘yinini qanday baholaysiz?
- Qarang, har bir futbolchi nimadandir boshlashi kerak. Kimdir zaxira jamoasidan, kimdir U-19 jamoasidan, yana kimdir to‘g‘ridan-to‘g‘ri Superligadan faoliyatini boshlaydi.
Biz mashg‘ulotlar jarayonida uni kuzatdik, bundan tashqari, o‘yinlarini ham ko‘rib chiqdik. Shaxsan o‘zim ham uning o‘yinlarini kuzatganman. Hujumchi sifatida u o‘zini asosiy tarkibda o‘ynamagan bo‘lsa-da, imkoniyatga loyiq ekanini ko‘rsatdi. Lekin bu uning birinchi o‘yini ekanini ham hisobga olishimiz kerak. Hammasi ham ko‘ngildagidek chiqmadi. Balki hayajon bo‘lgandir. Ammo mening fikrimcha, u yaxshi futbolchi bo‘lib yetishadi.
- FIFA kunlari jamoangizga qanday ta’sir ko‘rsatdi, deb o‘ylaysiz? Tanaffus ancha uzoq davom etdi.
- Hammamiz odatdagidek tayyorgarlik ko‘rdik. Bevosita «Lokomotiv»ga qarshi o‘yinga hozirlik ko‘rdik. Mashg‘ulotlar jarayoni ham, jamoaning umumiy kayfiyati va o‘yinga bo‘lgan munosabati ham yaxshi edi. Normal tayyorgarlik ko‘rdik.
O‘yinning o‘ziga kelsak, hisob 2:3 bo‘ldi. Ko‘rib turganingizdek, gollar ko‘p urildi. Biz ham gol urdik, ammo o‘z darvozamizdan gollar o‘tkazib yubordik. Shuning uchun bugun «Lokomotiv» g‘alaba qozondi. Albatta, shu jihatni alohida ta’kidlagan bo‘lardim», - deya Ulug‘bek Baqoyevning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Ulug‘bek Baqoyev: «Bizda xavfli vaziyatlar bo‘ldi, ammo to‘p nazorati yaxshi emasdi»
Futbol
11 oktabr, 11:26
O‘yindan keyin «So‘g‘diyona» ustozi Ulug‘bek Baqoyev matbuot anjumanida qatnashdi.
Фото: Сўғдиёна ПФК