Portugaliya milliy jamoasi sobiq futbolchisi Joze Luish Vidigal bosh murabbiy Jorge Jezus va Krishtianu Ronaldu bilan yuzaga kelgan mojaro haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Iltimos, bas qiling (kuladi). Murabbiy bajarishi kerak bo‘lgan ishni qildi. Ronaldu milliy jamoa qarorgohidan uchib ketish uchun samolyotga o‘tirganidayoq, u qilgan ishidan afsuslanishini o‘ylagandim.
Krishtianu e’lon qilgan bayonot ko‘p narsani oqlamaydi. Jezus xato qilganini aytdi, ammo xatoni tan olish bilan uni tiz cho‘ktirishga urinish o‘rtasida katta farq bor. Menimcha, bunday holat boshqa hech qayerda yo‘q», — dedi Vidigal La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Jezus Millatlar Ligasida Norvegiyaga qarshi uchrashuv (2:1) davomida Ronalduni maydonga tushish uchun tayyorlanishga yuborgan, maydonga tushirmagandi. 30 sentabr kuni esa 41 yoshli hujumchi Portugaliya milliy jamoasi qarorgohini o‘zboshimchalik bilan tark etdi.
6 oktabr kuni futbolchi bu qarorini izohlab, Jezusni va’dalarini buzganlikda ayblagan bayonot bilan chiqdi. Ma’lumot o‘rnida, 41 yoshli forvard milliy jamoa safida 234 ta o‘yinda maydonga tushib, 146 ta gol urgan.