Krishtianu Ronaldu professional faoliyatidagi 1000-golni urishga yaqin turibdi. Yevrofutbol.ru nashri portugaliyalik futbolchining rasmiy o‘yinlardagi gollari statistikasini tahlil qilib, tarixiy natijaga qachon erishishi mumkinligini taxmin qildi.
Ronaldu professional faoliyatidagi ilk golini 2002-yil 7-oktyabr kuni «Sporting» safida «Moreyrense»ga qarshi bahsda urgan. O‘sha o‘yinda u dubl qayd etib, sermahsul faoliyatiga asos solgan.
Ronaldu klublar va milliy jamoa safida urgan gollari:
- «Sporting» — 31 bahsda 5 ta gol (2002–2003).
- «Manchester Yunayted» — 292 bahsda 118 ta gol (2003–2009).
- «Real» — 438 bahsda 450 ta gol (2009–2018).
- «Yuventus» — 134 bahsda 101 ta gol (2018–2021).
- «Manchester Yunayted» — 54 bahsda 27 ta gol (2021–2022).
- «An Nasr» — taxminan 154 bahsda 133 ta gol (2023-yildan hozirgacha).
- Portugaliya milliy jamoasi — 234 bahsda 146 ta gol.
Ushbu raqamlar rasmiy o‘yinlardagi gollarni qamrab oladi. Nashr qayd etishicha, Ronaldu o‘rtoqlik bahslarida ham yana 56 ta gol urgan. Biroq 1000 ta rasmiy gol marrasiga yetish uchun aynan rasmiy uchrashuvlardagi natijalar hisobga olinadi.
Portugaliyalik futbolchi eng sermahsul davrini Madridning «Real» klubida o‘tkazgan. U ushbu jamoa safida har bir bahsga o‘rtacha 1,03 tadan gol urgan. Shuningdek, milliy jamoa safidagi 146 ta goli bilan xalqaro futbol tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi.
1000-gol qachon urilishi mumkin?
Ronaldu «An Nasr» safida har mavsum kamida 30 ta gol urib kelmoqda. Saudiya Arabistoni klubidagi o‘rtacha natijadorligi har bir bahsga 0,86 ta golni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichdan kelib chiqilsa, hujumchiga navbatdagi 20 ta golni urish uchun taxminan 23–24 ta to‘liq bahs kerak bo‘ladi.
Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, Ronaldu tarixiy marraga 2026-yilning so‘nggi o‘yinlaridan birida yoki 2027-yil boshida yetishi mumkin. «An Nasr»ning 2026-yildagi so‘nggi bahsi 14-dekabrga belgilangan, keyingi muhim taxminiy sana esa 2027-yil 9-fevral. Bu hujumchining 42 yoshga to‘lishi arafasiga to‘g‘ri keladi.
Shunga qaramay, 1000-gol aynan qaysi sanada urilishini oldindan aniq aytib bo‘lmaydi. Barchasi futbolchining natijadorligi, maydonga tushadigan o‘yinlari va jarohatlardan qay darajada himoyalanishiga bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, Ronaldu 2027-yil fevralida 42 yoshga to‘ladi. Portugaliyalik hujumchi faoliyatini yakunlashga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, 1000 ta rasmiy gol urish maqsadi uning oldidagi asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.