Live
10
O'zbek

Mirjalol Qosimov: «Agar yaratilgan vaziyatlardan to‘liq foydalanganimizda, biz chempion bo‘lardik»

Eksklyuziv
11 oktabr, 11:05
Olmaliqliklar ustozi o‘yindan keyin matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Mirjalol Qosimov: «Agar yaratilgan vaziyatlardan to‘liq foydalanganimizda, biz chempion bo‘lardik»
Фото: ОКМК

OKMK klubi o‘z maydonida «Navbahor»ga qarshi maydonga tushdi. Qiziqarli va kurashlarga boy o‘tgan uchrashuv 2:2 hisobida yakunlandi. Bellashuvdan so‘ng olmaliqliklar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Hamma kutgan o‘yin edi. Hamisha «Navbahor» jamoasi bilan qiziqarli o‘yin bo‘lib kelgan. Albatta, muxlislarga yoqdi, deb o‘ylayman. Tezkor, kurashlarga boy o‘yin bo‘ldi. Lekin oxir-oqibat 2:2 o‘ynadik. Bu tarixga aylandi, endi keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Yil oxiri yaqinlashyapti, chempionat tugashiga oz qolyapti. Bunaqa intrigalar ko‘p bo‘ladi.

- Bugungi uchrashuvdan qoniqqan va qoniqmagan tomonlaringiz borasida fikrlaringizni bildirsangiz.

- Qoniqqanim, yigitlar oxirigacha bor kuchini berib, har bir epizodda kurashishib, yaxshi taraflarini ko‘rsatishga harakat qilishdi. Maqsadimiz muxlislarni xursand qilish edi. Qoniqmaganim — to‘laqonli uch ochkoga ega bo‘lmaganimiz.

- Abror Karimov ikki marta jamoasi darvozasiga penalti belgilanishiga sabab bo‘ldi…

- Qonun hammaga bir xil. U yosh, mana shunday o‘yinlar orqali toblanadi ham, kuchayadi ham. Birinchi penaltidan Asad hamma narsaga chek qo‘yishi kerak edi. Birgina noto‘g‘ri harakati oxir-oqibat penaltiga olib keldi. Lekin shu paytda ham darvoza tomon yo‘naltirilmagandi, u yerda Abror tegishi kerak emasdi. Parallel ravishda yaqinroq o‘ynashi kerak edi. Mana shunday holatlardan tajriba to‘playdi, to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Agar keyingi uchrashuvda ham xuddi shunday qilsa, unda boshqacha... Bir paytlar aytishardi, yaxshi himoyachi bir marta o‘zini aldashga beradi, boshqa bermaydi.

- Vaziyatlardan foydalanish yaxshi bo‘ldi. Siz ham oldin zo‘r-zo‘r futbolchilar bilan o‘ynagansiz. Vaziyatlardan foydalanish ustida nahot yana ishlanmasa…

- Unda har kuni mashg‘ulotga sizlar ham qatnashinglar. Har doim buning ustida ishlaymiz. Darvozaga gol urilganida qilgan mehnating ro‘yobga chiqadi. Vaziyatga ochko berilmaydi. Darvoza oldida ishlash, to‘p bilan muomala, hammasini aytamiz. Ammo pand beryapti. Bugun ham gollar urdik, o‘tgan o‘yinda ham birinchi bo‘limning o‘zida ikkita imkoniyatimiz bor edi. Standartdan gol o‘tkazdik, bu qiyin vaziyat emasdi. Diqqatni yo‘qotmaslik kerak edi. Sen o‘sha o‘yinchiga mas’ulmiding? Doim o‘yin oldidan ko‘rsatmada kimga qarshi o‘ynashi ham aytiladi. Sen ishingni a’lo darajada bajarib qo‘y, jamoadoshing esa vaziyatdan kelib chiqib kelishib oladi. Standartlarda to‘pga anqayib qoladi va ko‘pincha bu pand berib qo‘yadi. Jizzaxda ham xuddi shunaqa bo‘lgandi.

Yana avgustga qaytamiz. «Nasaf», «Dinamo» kabi uchrashuvlarda yaxshi natija qayd etishimiz kerak edi, Buxoroda ham. Agarda yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanganimizda, biz chempion bo‘lardik», - deya Mirjalol Qosimovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • ОКМК ОКМК
  • Navbahor Namangan Navbahor Namangan
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar