Live
11
O'zbek

Mixail Yeremchuk: «Bu o‘yinda biz yaxshiroq harakat qildik»

Eksklyuziv
11 oktabr, 10:46
«Navbahor» murabbiyi Mixail Yeremchuk matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Mixail Yeremchuk: «Bu o‘yinda biz yaxshiroq harakat qildik»
Фото: Навбаҳор ПФК

OKMK hamda «Navbahor» o‘rtasidagi bahs murosasiz o‘tdi va unda 2:2 hisobi qayd etildi. O‘yin esa turli voqeliklarga, epizodlarga boy bo‘ldi.

Mana shunday hissiyotlarga boy o‘tgan uchrashuvdan keyin mehmonlar murabbiyi Mixail Yeremchuk matbuot anjumanida ishtirok etdi. Chunki bosh murabbiy Temur Kapadze o‘yinda qizil kartochka oldi.

- O‘yin oxirigacha keskin va hayajonli kechdi. Afsuski, o‘zimizga majburiy bo‘lmagan ikkita gol o‘tkazib yubordik va shu bilan hammasi hal bo‘ldi. Bugun OKMK deyarli shundan boshqa xavfli vaziyatlar yarata olmadi, deb o‘ylayman. Bizda esa yetarlicha golli vaziyatlar bo‘ldi. Nazarimda, shunchaki o‘z imkoniyatlarimizdan birini golga aylantirishimiz kerak edi. Shunda o‘yinning bunday yakuni bo‘lmasdi va uchrashuvni xotirjam tarzda oxiriga yetkazishimiz mumkin edi. Mening fikrim shu.

- Golli vaziyatdagi takroriy lavhani o‘zingiz ham ko‘rib chiqdingizmi?

- Ha, takroriy lavhani ko‘rdik. Bizning fikrimizcha, u yerda ofsayd chizig‘ini chizib, vaziyatni yanada aniqroq ko‘rib chiqish kerak edi. Bizning nazarimizda, biz golni qoidalar doirasida urganmiz. Qolaversa, futbolchimiz raqib darvozasi tomon oldinga harakatlanayotgan edi.

- OKMK bilan o‘yinlar doimo qiyin kechadi. Birinchi davrada, iyun oyining oxirlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham shunday holat kuzatilgandi. Bugun ham har ikki jamoa uchun g‘alaba juda muhim edi. Nima uchun bu jamoalar o‘rtasidagi bahslar shunchalik murosasiz kechadi? Bu raqibning kuchliligi bilan bog‘liqmi yoki boshqa sabablar ham bormi?

- OKMK yaxshi jamoa, u doimo kuchli bo‘lib kelgan. Bu holat bir necha yildan beri davom etmoqda. Bizning ham yaxshi jamoamiz bor, shuning uchun o‘zaro uchrashuvlarimiz qiziqarli kechadi. Yana bir bor ta’kidlayman: bugungi o‘yinda, mening nazarimda, biz yaxshiroq harakat qildik va ko‘proq golli vaziyatlar yaratdik. Shuning uchun hali hech narsa hal bo‘lgani yo‘q.

O‘yin oxiridagi vaziyatlar esa hissiyotlar bilan bog‘liq. Har ikki jamoa ham g‘alaba qozonishni istadi. Biz qanday g‘alaba qozonishni xohlagan bo‘lsak, ular ham shunday xohlashdi. Shu sababli maydonda hissiyotlar jo‘sh urdi. Endi o‘yin yozuvini ko‘rib chiqamiz, vaziyatlarni tahlil qilamiz va nima sababdan bunday holat yuz berganini o‘rganamiz.

- Bugungi o‘yinda jamoangiz avvalgi uchrashuvlarga nisbatan biroz sustroq harakat qilgandek taassurot qolmadimi? Chunki oldingi o‘yinlarda o‘yin sifati yaxshiroq bo‘lgan, ammo natija...
- Menimcha, bugun o‘yin sifati yetarlicha yaxshi bo‘ldi. Birinchi bo‘limni eslasak, ikkita juda yaxshi golli vaziyatimiz bo‘lgani aniq. Ikkinchi bo‘limda ham shunday imkoniyatlar bo‘ldi. Agar yana ikkita gol urganimizda, hisob 4:2 bo‘lishi mumkin edi. Biz oxirigacha kurashishda davom etamiz. Har bir uchrashuv biz uchun muhim. Raqibning kimligi, qaysi jamoa ekani biz uchun ahamiyatsiz — barcha jamoalarni hurmat qilamiz. Jamoaning turnir jadvalida qaysi o‘rinda turganidan qat’i nazar, har bir raqibga hurmat bilan yondashamiz va o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Biz har bir uchrashuvda g‘alaba qozonishni xohlaymiz. Shuning uchun keyingi o‘yinlarda ham bu maqsadimizga erishish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz», - deya Yeremchukning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • ОКМК ОКМК
  • Navbahor Namangan Navbahor Namangan
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar