Superligada 24-tur bahslari davom ettirildi. Zominda nominal mezbon sifatida «Bunyodkor» uy egasi — «So‘g‘diyona»ni qabul qildi. Ivan Boshkovichning sobiq klubiga qarshi o‘yini o‘ziga yarasha qiziqarli edi va unda kuchlar teng keldi – 1:1.
Bellashuvdan keyin «Bunyodkor» bosh murabbiyi matbuot anjumanida fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Yaxshi raqibga qarshi qiyin o‘yin o‘tkazdik. Bugungi bahs biz uchun oson kechmadi. Uchrashuv davomida bir qator qiyinchiliklarga duch keldik. Jamoamiz hali shakllanish jarayonida, futbolchilar bir-birini tushunishni o‘rganishmoqda.
Bugun birinchi bo‘limda himoyada ham harakat qilishimizga to‘g‘ri keldi. Ayrim vaziyatlarda konsentratsiya yetishmadi va gol o‘tkazib yubordik. Biroq ikkinchi bo‘limda birinchi taymdagi kamchiliklarni to‘g‘rilashga harakat qildik. Ayniqsa, oddiy uzatmalarda xatolar ko‘p bo‘ldi. Raqib bosimidan osonlikcha chiqib ketishimiz mumkin bo‘lgan vaziyatlarda ham sodda paslarni aniq amalga oshira olmadik. Bu ustunliklardan foydalana bilmadik.
Menimcha, ikkinchi bo‘limda jamoa ancha tartibli harakat qildi. Futbolchilar reja asosida, intizom bilan o‘ynashdi. Juda yorqin vaziyatlar ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, o‘yin sur’atini nazorat qilgan tomon biz bo‘ldik. Standart vaziyatlar orqali ham imkoniyatlar yaratishga harakat qildik.
Shunga qaramay, natijadan ko‘proq narsa kutgandim. Futbolchilar ancha charchagan edi, ammo buni bahona qilmoqchi emasman. Tayyorgarlikni yanada kuchaytirishimiz kerak. Olingan bir ochko psixologik jihatdan muhim, deb o‘ylayman.
Jamoada salohiyat bor, futbolchilar harakat qilishyapti va yaxshiroq o‘ynay olishlariga ishonishadi. Men ham ulardan ko‘proq narsa kutgandim. Bugun shunchaki o‘yinimiz ko‘ngildagidek chiqmadi. Endi ishlashda davom etamiz. Jamoamizda vazifalarni bajarish uchun mahorat ham, sifat ham yetarli. O‘yin davomidagi ayrim almashtirishlar esa futbolchining jarohati bilan bog‘liq bo‘ldi.
— Asosiy himoyachilardan Sardor Rahmonov keyingi o‘yinda maydonga tusha olmaydi. Bugun esa markaziy himoyada majburiy o‘zgarish qilishga to‘g‘ri keldi. Hakimov va Bukrinning yoshini qo‘shsak, 33 bo‘ladi. Ular raqib hujumchilarini zararsizlantirishdi. Endi kelgusida himoya chizig‘idagi raqobat qanday kechadi? Rahmonov qaytgach, asosiy tarkibdagi o‘rnini qaytarib olishi kerak bo‘ladi. Bu borada fikringiz qanday?
- Bu ikki futbolchi o‘z so‘zini aytdi. Eng muhimi, ular mahoratini maydonda namoyon eta olishdi. Shu bilan birga, o‘yin tezligiga ham moslashishdi. Men yosh futbolchilarga imkoniyat berishdan qo‘rqmayman. Bugun zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar ham jamoaga yordam berishdi. Himoyachilarimiz haqida ham alohida aytishim kerak. Ularga yaxshi o‘yinchi bo‘lib yetishish uchun uch yil kutish shart emasligini aytdim. Ularda katta salohiyat bor. Faqat psixologik jihatdan ham tayyor bo‘lishlari kerak.
Yakkakurashlarda ular bizga juda katta yordam berishdi. Bugungi o‘yin nafaqat ular, balki boshqa futbolchilar ham o‘z vazifasini uddalay olishini ko‘rsatdi. Bu jamoamizda imkoniyatlar borligini anglatadi. Faqat maydonga tushayotganlar emas, zaxirada qolgan futbolchilar ham jamoaning bir qismi hisoblanadi.
Men jamoamizga o‘zim singdirmoqchi bo‘lgan futbol uslubini shakllantirish uchun yetarli mahorat va sifat bor, deb hisoblayman. Ishlashda davom etsak, o‘yinimiz yanada yaxshilanadi.
— Matiya Krivokapich haqida so‘ramoqchiman. U maydonga tushdi, ammo harakatlanishi biroz qiyin kechayotgandek, yakkakurashlarda ham avvalgidek ustunlik qila olmayotgandek ko‘rindi. Shunga qaramay, o‘z golini urdi. Birinchi bo‘limdagi goli esa ofsayd sababli hisobga olinmadi. Ikkinchi bo‘limda to‘pni darvoza to‘siniga tekkizdi. Uning avvalgi, mavsumning birinchi yarmidagi formasiga qachon qaytishini kutyapsiz?
- Aynan shunday. Uning o‘zi ham, Muzaffar va Rahmonjonov ham ishlashda davom etmoqda. Rahmonjonov ham ko‘plab yig‘inlarni o‘tkazib yuborgan, shu sababli unga ham tayyorgarlik jarayoni zarur.
Eng muhimi, futbolchilarimiz o‘z formasini tiklab borishyapti. Jamoada sog‘lom raqobat bo‘lishi kerak. Ular bugungidan ham yaxshiroq o‘ynay olishadi. Buning uchun mashg‘ulotlarda muntazam ishlab, jismoniy va sport formalarini tiklashlari lozim.
— Futbolda «sobiq jamoasiga nimanidir isbotlash» degan tushuncha bor. Bugun stadionga kelganimda «So‘g‘diyona» muxlislari bilan suhbatlashdim. Ular sizni yaxshi eslashar ekan va sobiq jamoangizga nimanidir isbotlash istagi bor-yo‘qligi haqida gapirishdi. Bugungi o‘yin ham juda qiyin kechdi...
— Bugun men bunday hissiyotlarni chetga surishga va eng to‘g‘ri qarorlarni qabul qilishga harakat qildim. Bizga alohida bosim bo‘lmadi. Lekin bugungi o‘yin yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, har qanday raqibga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘rish kerak. Ortiqcha hissiyotlarga berilmaslik lozim, chunki shunda ishlash ancha oson bo‘ladi, — deya Boshkovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.