Bugun
26
O'zbek

«Paxtakor» rahbariyati Ilgiz Tantashev bo‘yicha rasmiy e’tiroz bildirdi

Futbol
19 oktabr, 03:00
    94
Klub «Navbahor»ga qarshi o‘yindan so‘ng bosh hakam qarorlari yuzasidan da’vo arizasi kiritdi.
«Paxtakor» rahbariyati Ilgiz Tantashev bo‘yicha rasmiy e’tiroz bildirdi
Foto: FC Pakhtakor
17.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Navbahor Namangan Navbahor Namangan 1 : 1 Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent

«Paxtakor» rahbariyati «Navbahor»ga qarshi uchrashuv (1:1)dan so‘ng bosh hakam Ilgiz Tantashevning qarorlari yuzasidan da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

«Endi ushbu vaziyatlarni batafsil tahlil qiluvchi videoni e’tiboringizga havola etamiz. OAV vakillaridan ushbu holatni kengroq yoritishda amaliy yordam so‘raymiz. Zero, bugungi «Paxtakor» futbolda adolatli hakamlik va o‘yinlarni xolis boshqarish tarafdori.

Uchrashuv boshidanoq ikki xil yondashuv

Ilgiz Tantashev uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq «Navbahor» futbolchilariga qo‘pol o‘yin uchun yetarlicha chora ko‘rmadi. Natijada Georgiy Jgerenaya (34), Muhammadqodir Hamraliyev (55) va Vanya Ilich (23) tomonidan qo‘pol harakatlar davom etdi.

Aslida, uchrashuvning 8-daqiqasidayoq Vanya Ilich ketma-ket sodir etgan ikki qo‘pol harakati uchun ikkinchi sariq kartochka bilan maydondan chetlatilishi kerak edi. Biroq u birinchi ogohlantirishni faqat 58-daqiqada oldi.

Futbolda «sariq kartochkaga o‘tkazish» degan ibora bor. Bu holatni o‘yindagi qarorlar ortida qanday jarayonlar kechishini yaxshi biladiganlar anglaydi. 31- va 35-daqiqalarda esa «Navbahor» futbolchilarining harakatlariga nisbatan yengilroq bo‘lgan qoidabuzarliklar uchun «Paxtakor» futbolchilari Dilshod Saytov va Sardor Sobirxo‘jayev ogohlantirildi.

«Neftchi»ga qarshi o‘yin oldidan bu holat biz uchun jiddiy signal bo‘ldi.



Penalti va e’tiborsiz qoldirilgan qoidabuzarliklar



Uchrashuvda IFAB qoidalariga muvofiqligi shubha ostida bo‘lgan penalti darvozamiz tomon belgilandi. Ayni paytda IFABning 12-qoidasi doirasida baholanishi lozim bo‘lgan Sobirxo‘jayev va Flamarionga nisbatan jarima maydonchasi ichida sodir etilgan deb hisoblayotgan qo‘pol harakatlar hakam tomonidan e’tiborsiz qoldirildi.

Penalti epizodi bo‘yicha VAR hakami Firdavs Norsafarovning tavsiyasi va mulohazalariga qaramay, Tantashev o‘z qarorini o‘zgartirmadi. Bizda ushbu qaror «Paxtakor» manfaatlariga zid bo‘lgani haqida jiddiy savollar bor. Bu birinchi holat emas.

18 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan «Navbahor» — «Dinamo» uchrashuvidan keyin ham Ilgiz Tantashevning hakamligiga oid shunga o‘xshash videolar tarqalgandi. O‘sha uchrashuvda u VAR hakami sifatida faoliyat olib borgan va e’tirozlarga sabab bo‘lgan qizil kartochka epizodi bo‘yicha tegishli chora ko‘rilmagani haqida savollar tug‘ilgandi.

Shunga qaramay, O‘zbekiston Futbol hakamlari markazi tomonidan unga nisbatan qanday chora ko‘rilgani haqida ochiq ma’lumot berilmadi.

So‘nggi paytlarda Tantashev hakamligiga nisbatan e’tirozlar ko‘payib borayotgani ham ushbu masalaga yanada jiddiy yondashish zarurligini ko‘rsatadi. Hech bir hakamning obro‘si yoki avvalgi xizmatlari uni tanqid va javobgarlikdan himoya qilmasligi kerak.



Hakamларга nisbatan choralar nega turlicha?



Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Paxtakor» — «Navbahor» uchrashuvida ham hakamlik qarorlari yuzasidan jiddiy savollar paydo bo‘lgandi. Erkinovning goli oldidan ofsayd chizig‘i VAR tomonidan qanday mezonlar asosida chizilgani alohida o‘rganilishi kerak.

O‘sha uchrashuvda ofsaydni qayd etgan Sanjar Shoyusupov keyinchalik «Surxon» ishtirokidagi o‘yinda AVAR hakami sifatida faoliyat olib bordi. Biroq uning faoliyatiga nisbatan qanday intizomiy chora ko‘rilgani ochiqlanmadi. Aslida u ham Abduvohidov kabi mavsum so‘nggiga qadar chetlatilgan.

Ravshan Abduvohidov esa o‘sha uchrashuvdan keyin maydonda hakamlik qilmadi. Shoyusupov esa keyingi uchta uchrashuvda laynsmen sifatida ishladi. Nega Abduvohidov maydonga qaytmadi, Shoyusupov esa faoliyatini davom ettirdi?

Agar mavsum davomidagi hakamlar statistikasi, ularning uchrashuvlarga tayinlanishi va bahsli epizodlardan keyin qabul qilingan qarorlar chuqur tahlil qilinsa, o‘zbek futbolida hakamlik tizimiga oid ko‘plab savollarga javob topish mumkin.

Biz hech kimni asossiz ayblash tarafdori emasmiz. Biroq bahsli qarorlar, ehtimoliy xatolar va hakamlarga nisbatan choralardagi tafovutlar ochiq tekshirilishi shart. Futbolda adolat va shaffoflik ta’minlanishi uchun har bir holatga bir xil mezonlar asosida baho berilishi lozim.

Hakamlik ortidan jamoa bosh homiysidan ayrilgani kammi? Shunga qaramay metin iroda tufayli Elit OChLda so‘nggi ikki mavsumida munosib ishtirok etayotgan jamoa «Paxtakor» ekanligini yodingizga solib o‘tsak», — deyiladi xabarda.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Navbahor Namangan Navbahor Namangan
  • Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

94 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar