Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida Para Osiyo o‘yinlari davom etmoqda. Dastlabki kun bahslariyoq O‘zbekiston delegatsiyasi uchun medallarga boy o‘tmoqda.
Para dzyudo bellashuvlarida ayollar o‘rtasidagi J1 klassining -60 kg vazn toifasida Uljon Amriyeva kumush medalni qo‘lga kiritdi. Final bahsida xitoylik Shi Yi Jiega qarshi tatamiga chiqqan O‘zbekiston vakili delegatsiya hisobiga navbatdagi medalni taqdim etdi.
Ma’lumot uchun, Uljon Amriyeva Hangzhou-2022 Para Osiyo o‘yinlarida bronza medaliga sazovor bo‘lgandi.

J2 klassida, erkaklar o‘rtasidagi -70 kg vazn toifasida Kemran Nurillayev ham musobaqaning final bosqichiga qadar yetib bordi. U hal qiluvchi bahsda qozog‘istonlik Ibragim Nurmakhanuli bilan kuch sinashdi va yakunda kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, J1 klassining -52 kg vazn toifasida Banu Babayeva, -60 kg vaznda Fotima Toirova, -70 kg vaznda Ibrohim Akbarov bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.