Bugun
26
O'zbek

Liga Ijroiya qo‘mitasi TerDU klubini Proligadan chetlashtirishga qaror qildi

Futbol
19 oktabr, 05:00
Klub kelasi mavsumni Birinchi liga musobaqasida o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Liga Ijroiya qo‘mitasi TerDU klubini Proligadan chetlashtirishga qaror qildi
Foto: TerDU FC

O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo‘mitasi TerDU klubini Proligadan chetlashtirishga qaror qildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

«Avvalroq TerDU klubi ketma-ket ikki rasmiy uchrashuvda ishtirok etmaganidan kelib chiqib, uni Proliga ishtirokchilari safidan chiqarish masalasi Liga Ijroiya qo‘mitasiga kiritilgandi.

17 oktabr kuni Ijroiya qo‘mita a’zolarining onlayn yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibiga kiritilgan masala yuzasidan qo‘mitaning 7 nafar a’zosi TerDU klubini reglamentga muvofiq musobaqadan chetlashtirish lozimligini qayd etdi. A’zolardan yana biri esa klubga mavsum yakuniga qadar rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etish uchun imkoniyat taqdim etish taklifini ilgari surdi.

Shuningdek, Ijroiya qo‘mitaning yana bir a’zosi, O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi raisi TerDU klubining futbolchilar oldidagi moliyaviy majburiyatlariga e’tibor qaratdi. Qayd etish kerak, avvalroq futbolchilar oldidagi qarzdorlik oqibatida Assotsiatsiyaning tegishli qo‘mitasi TerDU klubiga transfer taqiqi belgilagandi.

Yig‘ilish davomida TerDU klubining keyingi rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etishi futbolchilar oldidagi majburiyatlarni bajarish uchun asos bo‘la olmaydi degan qarorga kelindi. Boisi, TerDU birinchi navbatda uy uchrashuvlarini Termizda o‘tkaza olmayapti.

Qolaversa, klub chipta sotuvi yoki qo‘shimcha homiy tashkilotlardan ehtimoliy tushumlarga ega emas. Shundan kelib chiqib, Kamoliddin Murzoyev ham TerDU klubini musobaqalardan chetlashtirish variantida to‘xtaldi.

Ijroiya qo‘mita a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan TerDU klubini Proliga musobaqasidan chetlashtirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. O‘zbekiston U-19 chempionati yakuniga faqatgina bir tur qolganligi va qayd etiladigan ehtimoliy natijadan qat’i nazar, TerDU U-19 jamoasi dastlabki to‘rtlikka kira olmasligi inobatga olinib, 2-oktabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xorazm U-19 — TerDU U-19 uchrashuvi ham bekor qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, TerDU klubi Liga oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajarish sharti bilan kelasi mavsumni Birinchi liga musobaqasida o‘tkazish imkoniyatiga ega», — deyiladi xabarda.

Bugungi yangiliklar