«Navbahor» klubi Namanganda O‘zbekiston Kubogi chorak finalida Proliga vakili «G‘azalkent»ni qabul qildi va kutilganidek g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi. 3:1 hisobidagi mezbonlar g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvdan keyin namanganliklar murabbiyi Mixail Yeremchuk matbuot anjumanida quyidagilarni aytdi:
— G‘alaba va yarim final yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgani bilan rahbariyatni, muxlislarni, barchani tabriklayman. O‘yin qiziqarli bo‘ldi. «Paxtakor»ga qarshi bahs bizdan ko‘p kuch va hissiy energiyani oldi. Shuning uchun bugun o‘yinlarda biroz kamroq ishtirok etgan futbolchilarga maydonga tushish imkoniyatini berdik. Umuman olganda, raqibga ham munosib baho berish kerak. Ular ancha yaxshi, jipslashgan holda himoyalanishdi. Qiziqarli jamoa. O‘ylaymanki, chempionat va Proligada bunday yosh jamoalar qanchalik ko‘p paydo bo‘lsa, bu O‘zbekiston futboli rivoji uchun shunchalik katta foyda beradi.
Bizga oson bo‘lmadi. «Paxtakor»ga qarshi o‘yindan keyingi charchoq sezildi. Umuman olganda, natija uchun o‘ynadik. Biz uchun yarim finalga chiqish muhim edi va u yerda bo‘lish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik.
— Qanday bo‘lmasin, yaxshi ishlashda davom etamiz. Mashg‘ulotlarda har bir futbolchida o‘zini ko‘rsatish imkoniyati bor. Bizda ishonch bildiradigan, jamoa uchun juda muhim bo‘lgan futbolchilar yetarli. Har bir o‘yinchini qadrlaymiz. Shu sababli har qanday holat yuz berishi mumkin, istalgan futbolchi o‘yinda maydonga tushishi mumkin. Kim ko‘proq harakat qilsa va o‘ynashga munosib bo‘lsa, o‘sha futbolchi asosiy tarkibda maydonga tushadi.
— Bugun «Paxtakor»ga qarshi o‘yinda ko‘p ishtirok etmagan futbolchilar ancha ko‘proq maydonga tushishdi. Chunki yana bir bor ta’kidlayman, o‘sha uchrashuv juda og‘ir kechdi, hissiy zo‘riqish ham ko‘p bo‘ldi. Bundan tashqari, bugungi o‘yinga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘i ham qisqa edi. Shu sababli bugun tarkibda katta rotatsiya amalga oshirildi.
— Aleks jarohat olgan. Taxminan bir hafta yoki bir yarim hafta oldin operatsiya qilindi. U Toshkentda jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi va hozir tiklanish jarayonini boshdan kechirmoqda. Qanchalik tez safga qaytishini esa tibbiy shtabdan aniqlashtirish kerak. Xudo xohlasa, tezroq sog‘ayib, jamoamizga qaytsin, o‘z o‘yini bilan bizni xursand qilib, jamoaga yordam bersin.
— «Navbahor» stadionidagi muhit shunchaki ajoyib! Bu yerdagi atmosfera aqlbovar qilmas darajada. Avvalgi safar ham aytganman, bunday muhit futbolchilarga yordam beradi va bu juda yaxshi.
Albatta, bunday shovqinda bir-biringizni eshitish qiyin, lekin tribunalar bo‘m-bo‘sh bo‘lganidan ko‘ra, shunday bo‘lgani yaxshi. Muxlislarga kelib, jamoani qo‘llab-quvvatlayotganlari uchun katta rahmat aytaman. Hatto nimadir o‘xshamay qolganida ham ular bizni qo‘llab-quvvatlashda davom etishadi. Bu juda ajoyib! Buning uchun ulardan minnatdorman.
Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi g‘alabalarimizga ham yordam beradi. Hechqisi yo‘q, ba’zan ularning ovozini eshitish ham qiyin bo‘ladi», — deya Yeremchukning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.