O‘zbekiston Kubogi yarim final doirasidagi OKMK va «Navbahor» (0:1) bahsidan so‘ng mehmonlar ustozi Temur Kapadze matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Birinchi navbatda butun jamoani, Namangandan kelgan muxlislarni tabriklayman. Ajoyib, kerakli g‘alaba bo‘ldi. Qiyin uchrashuvda g‘alabaga erishdik. OKMK oson jamoa emas. Qisqa fursatda tayyorgarlik ko‘rdik. «Neftchi» bilan ham og‘ir o‘yin o‘tkazgandik. O‘ylaymanki, doim Kubok o‘yinlarining darajasi boshqacha bo‘ladi. Bitta uchrashuvdan iborat bo‘ladi. Ikkala jamoa ham yaxshi kurashdi.
- Birinchi taymdagi «Navbahor» bilan ikkinchi taymdagi «Navbahor» farqli ko‘rindi. Jismoniy holat pand berdimi yoki OKMK qo‘shdimi?
- Albatta, birinchi bo‘limda 1:0 hisobida yutayotgandik va yana bitta vaziyatimiz bo‘lgandi. Agar 2:0 bo‘lganida... Natija 1:0 bo‘lib turganida, albatta, bu OKMKni oldinga chorlaydi. Lekin biz ham, menimcha, ikkinchi bo‘limda o‘zimizning qarshi hujumlarimizni kutishimiz kerak edi. Epizodlarda yaxshi o‘ynadik. Natijaga o‘ynadik. Eng muhimi, g‘alaba edi. Chekkadan boshqacha tuyulishi mumkin, lekin ichidagi daraja boshqacha edi. Xato qilishga haqqimiz yo‘q edi. Har bir futbolchimiz yaxshi harakat qildi. Deyarli imkoniyat bermadi. OKMK yaxshi jamoa va har bir raqibga qiyinchilik tug‘diradi. Ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘ladigan jamoa. Lekin 1:0 baribir qalтис hisob va futbolchilarga yana urinishimiz kerak deb aytgandim. Ammo shu hisobni ham ushlaganimiz yaxshi bo‘ldi.
- Ko‘pchilik ushbu yarim finalni final oldidan final deb e’tirof etishdi. Bunga munosabatingiz?
- Yarim final ham, final ham jamoalarga bog‘liq. 4 ta jamoani bir-biriga munosib deb bilaman. Har birida imkoniyat bor edi. Xudoga shukr, finalga chiqdik. Finalga yetguncha katta kuch ketadi. Lekin final o‘z nomi bilan final. Yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz. Oldimizda uchta o‘yin qoldi. Hammasiga yaxshi harakat qilishimiz kerak.
- Agar «Andijon» finalga chiqadigan bo‘lsa, bu shaxsan siz uchun revansh o‘yini bo‘ladimi yoki final o‘yinimi?
- Unda men yo‘q edim-ku, shaxsga o‘tmaymiz. Kim bo‘lishining farqi yo‘q. Raqib tanlamasdan tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.
- «Navbahor»da ko‘rgan tempimizni bugun ko‘rmadik. Jamoa bugungidek natijaga o‘ynasa, finalda joziba yo‘qolib qolmaydimi?
- To‘p bilan bo‘lganda biz o‘ynashimiz kerak edi. Raqib jamoa ham katta kuch bilan o‘ynagani uchun xavotirli joylari bor edi. Muammo yo‘q. Bu yerda psixologik tomondan bosim bor edi. Shuncha muxlis kelgan, mas’uliyat katta edi. Epizodlarda yaxshi o‘ynadik. Muhimi, kerakli natijaga erishdik. Doim ham chiroyli o‘ynalayvermaydi. Futbolda muhimi natija.
- Shohrux Abdurahmonov nega ko‘rinmadi?
- «Neftchi» bilan o‘yinning birinchi bo‘limida oyog‘idan jarohat olgan ekan. Keyin o‘zi ham sezmagan ekan. Yo‘qotishlar bor edi, Usmonov ham o‘ynamadi. Bugun oldinda kuchaytiradigan resurs yo‘q edi. Birgina Husayn Norchayev bor edi. Ammo milliy jamoadan jarohati bilan kelgani uchun tiklanish jarayonini o‘tkazayotgandi. Ketma-ket o‘yinlar bo‘lyapti, tirik jonmiz. Qayerdadir jarohatlar yoki diskvalifikatsiyalar bo‘ladi. Bunday bosh og‘riqlar biz murabbiylarda bo‘ladi. Umuman olganda, har bir futbolchidan yaxshi foydalanyapmiz. Ular ham jamoa uchun yaxshi harakat qilyapti», - deya Kapadzening so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Temur Kapadze: «Natijaga o‘ynadik, eng muhimi, g‘alaba edi»
Eksklyuziv
25 noyabr, 00:55
Kapadze matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Фото: Навбаҳор ПФК
24.11.2026
FT
Oʻzbekiston Kubogi
ОКМК
0
:
1
Navbahor Namangan