«Barselona» prezidenti Joan Laporta «Real» vakillarining Kataloniya klubi haqidagi bayonotlariga munosabat bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, may oyining o‘rtalarida Madrid klubi prezidenti Florentino Peres Xose Mariya Enrikes Negreyra ishi haqida gapirar ekan, hakamlarning harakatlari tufayli «Real»dan 7 ta chempionlik unvoni tortib olinganini iddao qilgandi. Ma’lum qilinishicha, kataloniyaliklar Peresning ushbu so‘zlari yuzasidan sudga murojaat qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Iyun oyida «Barselona» «Real» rahbaridan o‘z bayonotlaridan voz kechishni talab qilish maqsadida majburiy yarashuv arizasini topshirgan edi. Mazkur masala bo‘yicha sud eshituvi bugun bo‘lib o‘tadi.
«Yarashuv arizasi sudga da’vo kiritishdan oldingi dastlabki bosqich hisoblanadi. Biz ularni o‘z bayonotlaridan voz kechishga undashga harakat qilyapmiz. Agar kimdir noto‘g‘ri yoki haddan tashqari keskin fikr bildirgan bo‘lsa, yarashuv jarayonida vaziyatni to‘g‘rilash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Agar bunday qilinmasa, bu qasddan qilingan harakat ekani ayon bo‘ladi va biz sud jarayonini davom ettirishimizga to‘g‘ri keladi.
Bugungi yarashuv eshituvida ular qanday yo‘l tutishini bilmayman. Ammo ularning assambleyada faqat «Barselona» haqida gapirishganini ko‘rdim. Ular «Barselona» haqida gapirishga mukkasidan ketishgan.
Buni yana bir bor ta’kidlayman: oxir-oqibat, biz ulardan tovon puli talab qilamiz, chunki ular o‘z imijini «Barselona» hisobiga targ‘ib qilmoqda. Ularning qo‘lidan keladigan yagona ish — «Barselona» haqida gapirish. Menimcha, ular avval o‘zlariga bir nazar tashlashlari kerak.
Barcha klublar kabi biz ham har kuni yuzaga keladigan muammolarni hal qilishimiz shart. Ular esa o‘zlari haqida gapirishlari, o‘z ishlari bilan shug‘ullanishlari va boshqalarni tinch qo‘yishlari kerak», — deya Laportaning so‘zlarini keltiradi AS.
Laporta: «Real» o‘z imijini «Barsa» hisobiga targ‘ib qilmoqda»
Futbol
25 noyabr, 07:31
18
Kataloniyaliklar prezidenti klub madridliklardan tovon puli talab qilishini aytdi.
Foto: Getty Images
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi