«Barselona» Ispaniya chempionatining 13-turidan o‘rin olgan «Vilyarreal»ga qarshi uchrashuv (3:2)da yarimhimoyachi Fermin Lopesga ko‘rsatilgan qizil kartochka bo‘yicha apellyatsiya berish niyatida. Bu haqda Cadena SER xabar berdi.
Kataloniyaliklar futbolchining ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qilinishi va natijada «Deportivo» hamda «Atletiko»ga qarshi uchrashuvlarni o‘tkazib yuborishidan xavotirda.
Lopes zaxiraga olinganidan so‘ng qizil kartochka olgandi. Futbolchi zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan holda uchrashuv bosh hakami Alejandro Ernandes Ernandesning qaroriga norozilik bildirgan.
«Barselona» rahbariyati futbolchining xatti-harakatlari bunday jazoga loyiq emasligi va hakamning qarori adolatsiz bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Kataloniyaliklarning xavotiriga o‘tgan mavsumda kuzatilgan shunga o‘xshash voqea sabab bo‘lmoqda. O‘shanda «Real» yarimhimoyachisi Jude Bellinghem «Osasuna»ga qarshi uchrashuvda hakamga norozilik bildirgani uchun maydondan chetlatilgan va keyinchalik ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qilingandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi