Live
3
O'zbek

Mirjalol Qosimov: «Biz ham finalda ishtirok etishga harakat qilamiz»

Eksklyuziv
20 noyabr, 10:50
Qosimov matbuot anjumanida qatnashdi.
Mirjalol Qosimov: «Biz ham finalda ishtirok etishga harakat qilamiz»
Фото: ОКМК

OKMK – «Qizilqum» (0:1) o‘rtasidagi o‘yindan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida qatnashdi.

- Haqiqatan derbiga xos o‘yin bo‘ldi. Natija uchun muxlislarimizdan uzr so‘rayman. O‘yin tizgini bizda edi. Birinchi bo‘lim boshlarida gol urishimiz kerak edi. Asad 5-daqiqada gol urishi mumkin edi. Futbolda vaziyatlar hammasini ostin-ustun qilib tashlaydi. O‘ylagan narsamiz o‘xshamadi. Nimaga-ki, ikkinchi bo‘limda 10 kishi bo‘lib o‘ynadik. Abubakir Rizo Turdialiyevni maydonga tushirganimdan so‘ng uni maydonda ko‘rmadim. Yigitlarga rotatsiya qilaman deb aytgandim. Chunki 2-3 kundan keyin Kubok o‘yinimiz bor edi. Uchrashuv oxirida 8 futbolchi bo‘lib qoldik. Muqimjonov ham o‘yinga qo‘shilib keta olmadi. O‘rganib chiqamiz. Futbol o‘ynagandan keyin barqaror o‘ynash kerak-da. Imkoniyatimiz bo‘ldi va bundan foydalanishimiz kerak edi. Aziz Xolmurodovda ham vaziyat bo‘lgandi. Hujumga berilib ketdik va oxir-oqibat «Qizilqum» jamoasi oldiga qo‘yilgan maqsadiga erishib, qarshi hujumda gol urib, g‘alaba qozondi.

- «Qizilqum» gol urganidan keyin darhol kiyinish xonasiga kirib ketdingiz. Bunga qanday izoh berasiz?

- 90+ da gol urildi. Albatta, bu jahl ustida bo‘lgan narsa. U yog‘iga ko‘zim yetmadi. 90 daqiqa davomida gol ura olmadikmi, oxirida gol o‘tkazib yubordik. Bu asab, bu jahl. Shu uchun sal vaqtliroq kirib ketdim.

- Bugun OKMK futbolchilarining xayolida ko‘proq «Navbahor»ga qarshi Kubok yarim final o‘yiniga «nastroy» bordek va shu evaziga bugungi o‘yinda u qadar «nastroy» bilan o‘ynashmagandek tuyuldi...

- Yo‘q, «nastroy» bor edi. Men ham sezdim, tana maydonda, ruhi qayerdadir. Shu bois ham ikkinchi bo‘limda 10 kishi bo‘lib o‘ynadik. Balki bu mening xatomdir. Lekin o‘sha vazifani o‘zim ham chiqib qilib bera olardim. Qaddi-qomatimni ko‘rsatib, tirjayib turishim ham mumkin edi. Lekin futbolda tendensiya ko‘proq yugurish.

- Kubok yarimfinalida boshqacha OKMKni ko‘ramizmi? Chunki ko‘pchilik «Navbahor»ga ustunlikni beryapti.

- Hamma bashorat qilishi mumkin, men hech qachon bashorat bermayman. Agar bugungi o‘yindagidek vaziyatlar, munosabat, o‘yinga va muxlislarga bo‘lgan hurmat shunaqa bo‘lsa, men ham aytilayotgan bashoratlarga qo‘shilaman. Lekin biz ham yarim finalgacha oson kelganimiz yo‘q. Qiyinchilik, mehnat orqali, yigitlarning sa’y-harakatlari, muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlashlari bilan yetib keldik. Bu bitta o‘yindan iborat. Biz ham finalda ishtirok etishga harakat qilamiz, buning ayb tarafi yo‘q», - deya Mirjalol Qo‘shoqovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • ОКМК ОКМК
  • Qizilqum Qizilqum
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar