Live
3
O'zbek

Kamoliddin Tojiyev: «Hozircha asosan yarim himoyachilarimiz gol uryapti»

Eksklyuziv
20 noyabr, 13:41
Tojiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Kamoliddin Tojiyev: «Hozircha asosan yarim himoyachilarimiz gol uryapti»
Фото: Пахтакор ПФК

«Lokomotiv» - «Paxtakor» (2:1) o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida «Paxtakor» bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev ishtirok etdi.

- Assalomu alaykum. O‘yinni yaxshi boshladik, tezkor gol urdik. Ammo goldan keyin biroz o‘yin nazoratini qo‘ldan chiqarib qo‘ydik. Birinchi bo‘limning ikkinchi qismida «Lokomotiv» ustunlik qildi. Ikkinchi bo‘limni ham yaxshi boshladik, vaziyatlar yaratdik. Ammo o‘z darvozamizdan ikkita gol o‘tkazib yubordik. Shunga qaramay, kurashdik. Hozir jamoamizda asosiy tarkibdan 11 nafar futbolchi bor, ularning ayrimlari milliy jamoadan endi qaytib kelishdi. Uch kunda bir o‘yin o‘tkazish, milliy jamoa yig‘inlaridan keyin yana maydonga tushish oson emas. Futbolchilarimiz ketma-ket ikkita o‘yin o‘tkazishdi. Ertaga yana yo‘lga chiqishimiz kerak. Ikki marta 17 soatdan yo‘l yurdik, ikki kundan keyin yana o‘ynaymiz. Bundan tashqari, jarohat olgan futbolchilarimiz ham ko‘payib ketdi. Bugun oxirigacha kurashdik, ammo ikkita gol o‘tkazib yubordik.

- Savolimni provokatsion deb qabul qilmang. Bu yil «Paxtakor»ning bugungidek ko‘p himoyalanib o‘ynaganini kuzatmagan edim. Bugungi bahsni jamoaning mavsumdagi eng ko‘p himoyalanib o‘ynagan uchrashuvi, deb aytish mumkinmi?

- Yo‘q, birinchi bo‘limda shunday holat yuz berdi. Avval ham aytganimdek, futbolchilarimiz anchadan beri juda zich taqvimda o‘ynashyapti. Har uch kunda o‘yin, uzoq yo‘llar... Bularning barchasi yig‘ilib qoladi. Shuning uchun biroz charchoq sezildi. Shunga qaramay, yaxshi o‘ynadik, ammo ikkita gol o‘tkazib yubordik.

- Hisob bo‘yicha ham, o‘yinning borishiga ko‘ra ham «Paxtakor» tashabbusni berib qo‘ydi. «Lokomotiv» uchun katta muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xavfli vaziyatlar ham ko‘p emasdi. Aslida, raqib darvozasi oldidagi vaziyatlar soni ham kam bo‘ldi. Shunga qaramay, tezkor gol o‘tkazib yubordingiz. Bu vaziyatni qanday izohlaysiz?

- Ha, men ham birinchi bo‘limdan keyin futbolchilarga shu haqda aytdim. Tezkor gol urganimizdan keyin hisobni saqlashga harakat qildik, natijada o‘yinimiz o‘zgarib ketdi. Bunday o‘ynash kerak emas. Baribir raqib qandaydir vaziyat yaratishi, biror imkoniyatdan foydalanishi mumkin. Agar tashabbusni berib qo‘ysangiz, raqibda vaziyatlar ko‘payishi tabiiy. Ikkinchi bo‘limda maydonga chiqib, ikkita yaxshi vaziyat yaratdik. Ammo ulardan foydalana olmadik va o‘zimiz ham ikkita gol o‘tkazib yubordik.

- Yana bir masalaga e’tibor qaratmoqchiman: Flamarion urgan golni olaylik — u vaziyat 1 foizli imkoniyat edi, aql bovar qilmas zarba va gol bo‘ldi. Lekin Oybekda 70 foizli, Flamarionning o‘zida ikkinchi bo‘limda 60 foizli vaziyatlar bo‘ldi. Golli vaziyatlar ko‘kka sovurilib, negolli vaziyatdan shunday gol urilishini qanday izohlash mumkin?

- Ha, gol haqiqatan ham juda chiroyli chiqdi. Flamarionning ochilishi va zarbasi ham juda yaxshi bo‘ldi. Ba’zan futbolda shunday holatlar kuzatiladi. Biz mavsum boshidan buyon ko‘p vaziyatlar yaratyapmiz, lekin ulardan foydalana olmayapmiz. Bu borada omadimiz ham kelmayapti. Bugun ham shunday bo‘ldi.

- O‘tgan mavsumni eslayman: hujumchilar vaziyatlardan foydalanib, gol urishardi. Hozir esa vaziyatlar bor, ammo gollar kam. Masalan, Osiyo Chempionlar ligasida ham oltita vaziyatdan bitta gol urish holatlari kuzatilmoqda. Meni eng ko‘p xavotirga solayotgani ham shu — ayniqsa, Chempionlar ligasida. Igor Sergeyev o‘tgan mavsumda boshqacha o‘ynagandi. Uning qaytishi ehtimoli bormi?

- Hozircha uning amaldagi shartnomasi bor. Agar qaytishni istasa, bu masalani ko‘rib chiqishimiz mumkin. Sergeyevning o‘z mahorati, obro‘si bor. Biz har doim o‘z ishimiz uchun o‘zimiz javob beramiz. Ammo hozircha uning boshqa klub bilan shartnomasi bor.

- Bashar Resanning holati haqida ham ma’lumot bersangiz.
- Endi ko‘ramiz. Menimcha, u o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

- Bugungi mag‘lubiyatdan keyin «Paxtakor»ning chempionlik uchun kurashdagi imkoniyatlari yanada kamaydi. Jamoa ketma-ket g‘alabalarga erisha olmayapti. Bir jihatga e’tibor qaratmoqchiman: mart-aprel oylaridan buyon deyarli bir xil holat takrorlanyapti. «Paxtakor» o‘yinni yaxshi boshlaydi, keyin esa ikkinchi bo‘limda nimadir sodir bo‘ladi va ochkolar yo‘qotiladi. Sizningcha, bunda asosiy ayb kimda? Murabbiy sifatida siz tanqidni qabul qilasizmi yoki bu jamoa ichidagi boshqa muammolar bilan bog‘liqmi?

- Bizda bir yildan beri hujumchi masalasi bor. Birinchi davrada ham shunday bo‘lgan, ikkinchi davrada ham bu muammo saqlanib qolyapti. Hujumchimiz gol urmasa, juda qiyin bo‘ladi. Baribir orqada gol o‘tkazib yuborishingiz mumkin. Shunday ekan, hujumchilarimiz ham o‘z imkoniyatlaridan foydalanishlari kerak. Hozirgi vaziyatda hujumchilarimiz gol urishi juda muhim. Agar ular gol urmasa, kim uradi? Hozircha asosan yarim himoyachilarimiz gol uryapti. Bu borada ishlashda davom etyapmiz», - deya Tojiyevning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar