Live
3
O'zbek

Islom Ismoilov hakamlik haqida: «O‘tgan safar ham aytganman, bir marta gapirganman, o‘sha butun umrga yetadi»

Eksklyuziv
20 noyabr, 13:11
Ismoilov matbuot anjumanida qatnashdi.
Islom Ismoilov hakamlik haqida: «O‘tgan safar ham aytganman, bir marta gapirganman, o‘sha butun umrga yetadi»
Фото: Нефтчи ПФК
20.11.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Navbahor Namangan Navbahor Namangan 3 : 2 Neftchi Fargona Neftchi Fargona

Bugun Vodiy derbisi doirasida «Navbahor» - «Neftchi» bahsida mezbonlar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindan keyin farg‘onaliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida qatnashdi.

- Birinchi navbatda, ob-havo sovuq bo‘lishiga qaramay, stadionga kelib bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizga minnatdorlik bildiraman. O‘yin oldindan shiddatli o‘tishi aniq edi. Vodiy derbilari doim shunaqa tarzda o‘tgan. Bugun ham maydonda haqiqiy jang bo‘ldi. Afsuski, birinchi bo‘limdagi qizil kartochka barcha rejalarimizni o‘zgartirib yubordi. Shunga qaramasdan, futbolchilarga rahmat aytaman. Oxirigacha kurashishdi, 10 kishi qolganimizda ham o‘yin ritmi buzilib ketmadi. To‘g‘ri, qayerdadir muvozanatni yo‘qotdik. Baribir oxirigacha kurashdik.

- Bugungi o‘yindagi hakamlikka fikringiz qanday?

- O‘tgan safar ham aytganman, bir marta gapirganman, o‘sha butun umrga yetadi.

- Chempionlik poygasidagi raqobatchingiz – «Paxtakor» Toshkent derbisida mag‘lubiyatga uchradi. O‘yin davomida ushbu uchrashuv natijasidan xabardor bo‘lib bordinglarmi?

- Yechinish xonasiga kirganda bundan xabardor bo‘ldik. Raqibimiz qanday o‘ynashi o‘yinimizga ta’sir qilmasligi kerak edi. Baribir 10 kishi qolib, «Navbahor»ga qarshi o‘ynash qiyin, boz ustiga Namanganda! Oddiy holatlarda ketma-ket gollar o‘tkazib yubordik. Bu narsa jamoaga katta zarba bo‘ldi.

- 23-noyabr kuni «Neftchi»ni OCHL Elitda muhim o‘yin kutyapti. Futbolchilar o‘sha uchrashuvga ruhan tayyor bo‘lishadimi?

- Yana bir jiddiy raqib kutib turibdi. Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri, juda kuchli raqib. Bizni oson o‘yin kutmayapti. Albatta, maksimal darajada harakat qilamiz. Oldimizda ikki kun vaqt bor va jamoamizning ruhiy hamda jismoniy holatini tiklashga, xulosalar chiqarib, oldimizda turgan raqibni mag‘lub etishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

- «Neftchi»ni chempionlik bilan tabriklaymiz. Jamoangiz «Al Hilol»ni yutadimi? Butun O‘zbekiston «Neftchi»ga muxlislik qiladi.

- Tilak uchun rahmat. Lekin 5 ta tur oldin ham bizni deyarli chempionlik bilan tabriklashgandi. Hali ham chempion bo‘lganimiz yo‘q. Rasman bu chempionlikni qo‘lga kiritmagunimizcha buni e’lon qila olmaymiz. «Al Hilol» - yutishimiz shart bo‘lgan o‘yinlardan biri. Keyingi bosqichga chiqishni xohlasak, albatta g‘alaba qozonishimiz kerak.

- Bir necha tur oldin intervyu berganingizda, oldinda «Dinamo», «Bunyodkor» va hatto «Mash’al»ga qarshi o‘yin ham qiyin bo‘lishini aytgansiz va «Navbahor»ga qarshi bahsni tilga olmagansiz. Bunga sabab nima edi?

- «Navbahor»ni sanashning keragi yo‘q edi, o‘zi shundoq ham qiyin raqib-ku!

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Navbahor Namangan Navbahor Namangan
  • Neftchi Fargona Neftchi Fargona
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar