Live
3
O'zbek

Jamshid Saidov: «Har bir ochko oltinga teng»

Eksklyuziv
20 noyabr, 10:30
Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Jamshid Saidov: «Har bir ochko oltinga teng»
Фото: Қизилқум ПФК

Olmaliqda bo‘lib o‘tgan OKMK hamda «Qizilqum» bahsida mehmonlar so‘nggi daqiqada urilgan gol evaziga muhim g‘alabani qo‘lga kiritishdi.

Uchrashuvdan so‘ng g‘olib jamoa bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O‘yin haqida nima deyish mumkin? Biz bugungi bahs juda og‘ir kechishini bilgandik va shunga tayyorgarlik ko‘rgandik. OKMK qanday o‘ynashini ham yaxshi bilardik. Bugun xursandman. Aytish mumkinki, bugun omad bizning tomonda bo‘ldi. Ha, OKMK yomon jamoa emas. Ularda ham bir qator golli vaziyatlar bo‘ldi. Ammo futbolda shunday: kim ko‘proq gol ursa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Bugungi natijadan xursandman. Yigitlarga bor kuchini ishga solib, oxirigacha kurashgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Barcha muxlislarimizga ham rahmat aytmoqchiman. Turli vaziyatlar sababli muxlislarimiz bugun Olmaliqqa kela olishmadi. Jamoamizni ushbu g‘alaba bilan tabriklayman.

– O‘yinning borishi ko‘proq durang bilan yakunlanadigandek ko‘rinayotgandi. Ammo so‘nggi daqiqalarda gol urib, g‘alaba qozondinglar. Bu siz uchun syurpriz bo‘ldimi?

– Har bir ochko oltinga teng. Baribir har qanday jamoa maydonga g‘alaba uchun tushadi. Men futbolchilarni doimo shunga ruhlantirib kelganman. Ha, avval ham aytganimdek, bugungi o‘yin og‘ir kechishini bilardik. Qarshi hujumlar evaziga imkoniyatlarga ega bo‘lishimizni ham tushungandik. Chunki OKMK so‘nggi daqiqalarda juda faol o‘ynaydi. Biz bunga tayyorgarlik ko‘rgandik. Raqib himoyasida bo‘sh hududlar paydo bo‘lishini bilardik. Qarshi hujumlar orqali to‘rt-beshta imkoniyat yaratdik va ularning to‘rtinchi-beshinchisidan foydalana oldik.

– Bugungi g‘alabadan keyin «Qizilqum» endi o‘tish o‘yinlariga tushmaydi, jamoaning Superligada qolishi aniq bo‘ldi. Shuni hisobga olganda, bosh murabbiy sifatida zimmangizdagi vazifani yuz foiz bajardim, deb hisoblaysizmi?

– Hali ikkita o‘yin qoldi. Ularda ham maksimal natijaga erishishga harakat qilamiz. Ikki tur qoldi: bitta uchrashuv o‘z maydonimizda, yana biri «Paxtakor»ga qarshi. O‘zingiz ham ko‘rib turibsiz, vaziyatdan xabardorsiz. Maksimal darajada harakat qilamiz», - deya Saidovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • ОКМК ОКМК
  • Qizilqum Qizilqum
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar