19-22 noyabr kunlari chempionatning 28-tur uchrashuvlari oʻtkaziladi. Turning markaziy oʻyini Namanganda vodiy derbisi doirasidagi «Navbahor» - «Neftchi» oʻrtasida kechadi.
Bundan tashqari, qolgan juftliklarda ham qiziqarli kurashlar oʻtishi shubhasiz.
Muxlislarga yaxshi tanish boʻlgan mutaxassis Sergey Tokov esa Tribuna.uz uchun 28-tur qarama-qarshiliklari yuzasidan oʻz fikr va mulohazalarini aytdi.
19 noyabr
18:00. Surxon-Andijon
- «Surxon» – «Andijon» — qiziqarli uchrashuv. Eʼtiborli jihati shundaki, jamoalar turnir jadvalida bir-biriga yaqin joylashgan. Qolaversa, ular quyi ligaga tushib ketish xavfi boʻlgan hududdan ham uzoq emas. Shuning uchun bu bahsni olti ochkolik oʻyin deb hisoblayman.
Shunga qaramay, men bu uchrashuvda «Andijon»ning minimal hisobdagi gʻalabasiga ishora qilgan boʻlardim. Chunki «Surxon» baribir oʻz maydonida oʻynamaydi.
Nazarimda, «Andijon»ning gʻalaba qozonish imkoniyati yuqoriroq. Jamoaning hujum chizigʻi kuchliroq, tarkibida hujumkor futbolchilar koʻproq. «Surxon» esa hujumda maʼlum muammolarga duch kelmoqda.
Menimcha, «Andijon» ushbu uchrashuvda kichik ustunlik bilan gʻalaba qozonadi.
20 noyabr
17:00. OKMK-Qizilqum
- Ikkinchi uchrashuv — OKMK – «Qizilqum». Bu bahsda Olmaliqning imkoniyatlarini yuqoriroq baholayman. Jamoa turnir jadvalida ham, oʻyin sifati borasida ham raqibidan ustunroq. OKMK ancha harakatchan va tezkor jamoa.
Albatta, oʻyin oson kechmaydi. Chunki «Qizilqum» juda zich va uyushqoq himoyalanadi, asosan qarshi hujumlar orqali raqib darvozasiga xavf soladi. Shu bois mezbonlar uchun ham qiyin boʻlishi mumkin.
Shunga qaramay, menimcha, bu uchrashuvda Olmaliq gʻalaba qozonadi. Oʻyin qiziqarli, tezkor hujumlarga boy tarzda kechishini kutyapman. Bu bahsda ikki-uchtadan koʻproq gol ham koʻrishimiz mumkin.
17:00. Lokomotiv-Paxtakor
- «Lokomotiv» – «Paxtakor». Bu ham juda qiziqarli uchrashuv boʻladi. «Lokomotiv» ham turnir jadvalida yuqoriroq oʻrinlarni egallash, xususan, toʻrtinchi pogʻona uchun kurash olib bormoqda. Bu — Toshkent derbisi.
«Lokomotiv» joriy mavsumda juda yaxshi futbol namoyish etmoqda. Jamoa hujumkor, oʻyini qiziqarli va murabbiyning ishi ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Shunga qaramay, menimcha, bu uchrashuv durang bilan yakunlanadi.
«Paxtakor» ham oʻz navbatida Oʻzbekiston futbolidagi flagman jamoalardan biri va har doim katta maqsadlar bilan maydonga tushadi. Biroq bu mavsumda jamoada nimadir oʻxshamayotgandek. Ayniqsa, oʻyin sifati va hujum chizigʻida muammolar koʻzga tashlanmoqda. Shu sababli, menimcha, bu bahsda jamoalar gʻolibni aniqlay olmaydi va uchrashuv durang bilan yakunlanadi.
18:30. Navbahor-Neftchi
- Menimcha, bu turning eng muhim va eng qiziqarli uchrashuvi aynan shu bahs boʻladi. Buni nafaqat turnir jadvalidagi vaziyat, balki vodiy derbisi ekani bilan ham izohlash mumkin. Har ikki jamoa ham katta maqsadlarga ega, tarkiblari kuchli va hujumkor futbol namoyish etishni afzal koʻradi. Shu bois, bu uchrashuvda ham gʻolib aniqlanmasligi mumkin, deb oʻylayman.
Biroq imkoniyatlar borasida «Navbahor»ni biroz ustunroq koʻraman. Sababi, namanganliklar faqat bitta yoʻnalishda — ichki musobaqalarda ishtirok etmoqda. Ha, ularda Kubok ham bor, ammo «Neftchi» bundan tashqari Osiyo Chempionlar ligasida ham qatnashmoqda. Qolaversa, «Neftchi»ning oʻyinida soʻnggi paytlarda biroz pasayish kuzatilmoqda.
Bundan tashqari, «Navbahor» oʻz maydonida, muxlislarining katta qoʻllab-quvvatlashi ostida oʻynaydi. Shuning uchun bu bahsda namanganliklar magʻlub boʻlmaydi, deb hisoblayman. Hatto, menimcha, «Navbahor»ning gʻalaba qozonish ehtimoli ham yuqori.
Albatta, «Neftchi» uchun ham bu gʻalaba juda muhim. Bilamanki, jamoa chempionlik uchun kurashmoqda va prinsipial raqib ustidan gʻalaba qozonib, chempionlikka yana bir qadam yaqinlashish ular uchun alohida ahamiyatga ega. Shunga qaramay, «Navbahor»ning oʻz maydonida oʻynashi omilini hisobga olgan holda bu uchrashuvda namanganliklar gʻalaba qozonadi, deb oʻylayman.
21 noyabr
17:00. Qoʻqon-1912-Soʻgʻdiyona
- Turnir jadvalidagi vaziyatdan kelib chiqsak, har ikki jamoa ham quyi oʻrinlarda bormoqda. «Soʻgʻdiyona» ham bir necha oʻyindan buyon gʻalaba qozona olmayapti. Shu sababli bu uchrashuv jizzaxliklar uchun ham, qoʻqonliklar uchun ham juda muhim boʻladi, deb oʻylayman. Chunki «Qoʻqon-1912» oʻtish oʻyinlari zonasidan chiqishga harakat qilmoqda, «Soʻgʻdiyona» esa allaqachon shu hududga tushib qolgan.
Menimcha, bu bahs taktik kurashdan koʻra koʻproq motivatsiya va hissiyotlarga boy boʻladi. Maydonda yakkakurashlar, keskin vaziyatlar va emotsiyalar koʻp boʻlishini kutyapman. Shunga qaramay, bu uchrashuvda qaysi jamoani yaqqol favorit sifatida koʻrsatish juda qiyin.
Tarkib borasida olib qaraydigan boʻlsak, «Soʻgʻdiyona» ham yomon shakllantirilmagan. «Qoʻqon-1912» safida ham yetarlicha yaxshi va qiziqarli futbolchilar bor. Biroq jamoalarning soʻnggi oʻyinlarini inobatga olgan holda baribir «Qoʻqon-1912»ga ustunlik bergan boʻlardim. Buning asosiy sababi — qoʻqonliklarning oʻz maydonida oʻynashi. Nazarimda, aynan ularning ushbu bahsda gʻalaba qozonish imkoniyati yuqoriroq.
17:00. Nasaf-Mashʼal
- Menimcha, bu uchrashuv «Nasaf» uchun ham biroz prinsipial ahamiyatga ega. Chunki bu ham derbi hisoblanadi. Qolaversa, adashmasam, birinchi davrada «Mashʼal» «Nasaf»dan ochko olishga muvaffaq boʻlgan. Oʻylaymanki, «Nasaf» buni yodidan chiqarmagan va bu safar oʻsha xatolarni takrorlamaydi. Menimcha, qarshiliklar ushbu bahsda gʻalaba qozonadi.
Bundan tashqari, «Mashʼal»da motivatsiya bilan bogʻliq ayrim muammolar ham bordek. Bilishimcha, jamoa bosh murabbiyi moliyaviy masalalar va mavjud muammolar haqida tez-tez oʻz fikrlarini bildirib kelmoqda.
«Nasaf» esa nazarimda, soʻnggi paytlarda yaxshi surʼatga ega boʻldi va oʻz oʻyinini topib oldi. Shu sababli, bu uchrashuvda «Nasaf» kamida ikki gol farqi bilan gʻalaba qozonadi, deb oʻylayman.
18:00. Xorazm-Buxoro
- Bu uchrashuv har ikki jamoa uchun ham muhim ahamiyatga ega. Avvalo, «Xorazm» oʻz maydonida, muxlislari qarshisida oʻynaydi. Shu bois jamoa uchun bu bahsda gʻalaba qozonish juda muhim. Xorazmlik muxlislar oʻz jamoasining magʻlubiyatlarini ancha ogʻriqli qabul qilishadi. Demak, mezbonlar muxlislarini xursand qilish uchun bor kuchini ishga solishi kerak.
«Buxoro» uchun ham ushbu uchrashuvning ahamiyati katta. Chunki jamoa chempionatda toʻrtinchi oʻrin uchun kurash olib bormoqda va bu bahsda qoʻlga kiritiladigan ochkolar ular uchun juda muhim. Menimcha, bu uchrashuv durang bilan yakunlanishi yoki «Buxoro»ning gʻalabasi bilan tugashi mumkin.
22 noyabr
16:00. Dinamo-Bunyodkor
- Menimcha, bu uchrashuv, avvalo, murabbiylar va futbolchilarning shaxsiy ambitsiyalari nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega. Chunki ular mavsum yakunida munosib natija qayd etish va mukofot pullarini qoʻlga kiritishni istashadi. Bu jumladan, oʻz maydonida oʻynaydigan «Dinamo» uchun ham muhim. Jamoa muxlislarini xursand qilishni xohlaydi.
«Bunyodkor» esa allaqachon oʻtish oʻyinlari zonasida qolishi aniq boʻldi. Menimcha, jamoa ham buni yaxshi tushunib turibdi. Shu bois, endi ular maydonga koʻproq oʻz oʻyinlarini yaxshilash va yosh futbolchilarning tajribasini oshirish maqsadida chiqishlari mumkin.
Bu yosh jamoa. Nazarimda, mazkur uchrashuvda barcha ustunlik «Dinamo» tomonida boʻladi. Tarkibida tajribali va mahoratli futbolchilar koʻproq ekani, shuningdek, oʻz maydonida oʻynashini hisobga olsak, samarqandliklar gʻalaba qozonadi, deb oʻylayman. Menimcha, «Dinamo» ikki gol farqi bilan ustun keladi.
«Andijon» gʻalaba qozonadi, «Navbahor» esa «Neftchi»ni magʻlub etadi – Sergey Tokovning 28-tur oldidan munosabati
Futbol
19 noyabr, 05:30
FIFA kunlaridan keyin yana Superliga bahslariga eʼtibor qaratamiz.
Foto: Getty Images
20.11.2026, 07:00
O‘zbekiston Superligasi
Lokomotiv Tashkent
-
:
-
Paxtakor Toshkent