O‘zbekiston milliy jamoasini tarixda ilk bor Jahon chempionati final bosqichiga olib chiqqan Temur Kapadze Qozog‘iston milliy jamoasi bosh murabbiyligi uchun ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida tilga olindi. Bu haqda Sports24.kz xabar bermoqda.
Sports.kz YouTube-kanalidagi podkastda qatnashgan qozog‘istonlik sport sharhlovchisi va ekspert Timur Aytmuxambetov Kapadzening O‘zbekiston milliy jamoasidagi faoliyati, shuningdek, jamoaga hujumkor o‘yin uslubini singdira olishini alohida ta’kidladi.
«Temur Kapadze ajoyib mutaxassis. U futbolchi sifatida ham zo‘r edi, juda aqlli va fikrlaydigan o‘yinchi bo‘lgan. Maydondaligidayoq murabbiy bo‘lishga tayyor edi. Yana bir bor aytaman, Temur Kapadze — juda yaxshi tanlov. Bundan tashqari, o‘zbek birodarlarimiz tomonidan bizga ulkan qo‘llab-quvvatlash bo‘ladi», — dedi Aytmuxambetov.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston milliy jamoasida bosh murabbiy lavozimi Jon van’t Ship bilan shartnoma uzaytirilmaganidan keyin vakant bo‘lib qolgan. Niderlandiyalik mutaxassis qo‘l ostida jamoa Millatlar ligasida birorta g‘alabaga erisha olmadi va o‘z guruhida to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Qozog‘iston milliy jamoasiga bosh murabbiylik qilish uchun boshqa nomzodlar sifatida «Qayrat»ning sobiq ustozi Rafael Urazbaxtin, milliy jamoaning sobiq sardori Andrey Karpovich hamda «Ordabasi»ning sobiq murabbiyi Andrey Martin ham tilga olingan.
Ma'lumot uchun, Kapadze 2025 yil yanvaridan 6 oktabriga qadar O‘zbekiston milliy jamoasini boshqargan. Uning qo‘l ostida jamoamiz tarixda ilk bor Jahon chempionati final bosqichiga yo‘llanma oldi. Shuningdek, mutaxassis Parij-2024 Olimpiadasida O‘zbekiston olimpiya jamoasiga ustozlik qilgan.
Hozirda Kapadze Namanganning «Navbahor» klubini boshqarmoqda. U Qozog‘iston chempionatida ham to‘p tepgan: 2012–2014 yillarda «Aqto‘be» safida 69 ta bahsda maydonga tushib, 10 ta gol urgan.