O‘zbekiston Kubogi chorak finalidagi «Navbahor» - «G‘azalkent» (3:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Zayniddin Tojiyev matbuot anjumanida qatnashdi.
— «G‘azalkent» jamoamiz uchun buni oddiy o‘yin deb hisoblasak ham bo‘ladi. Nimaga? Chunki biz asosan yosh bolalarni yig‘ganmiz. Ularning ko‘pchiligi Birinchi ligada ham, katta maydonlarda, katta sahnalarda ham o‘ynamagan.
Bugun muxlislarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Nimaga? Chunki bunday atmosferani yaratish... Menimcha, bugun bolalarim to‘rt karra kuchli bo‘lishdi. Bunday muhitda o‘ynash hammaga ham nasib etavermaydi. Buning uchun mas’uliyatni his qilish kerak.
Birinchi bo‘limga keladigan bo‘lsak, baribir hayajon bo‘ldi. Tez orada ikkita gol o‘tkazib yubordik. Lekin birinchi bo‘limdan keyin bolalar bilan ancha ko‘p gaplashdim. Ularga: «Bugun sizlar uchun imtihon. O‘zingizni, nimalarga qodir ekaningizni ko‘rsatinglar. Biz uchun hisobning 3:0 yoki 4:0 bo‘lishi muhim emas. Faqat o‘z mahoratingizni namoyish etinglar», deb maslahat berdim.
Lekin ko‘z tegmasin, ikkinchi bo‘limda bolalar o‘zlarini ancha o‘nglab olishdi va yaxshi hujumlar tashkil etishdi. «Navbahor» chempionlik uchun kurashayotgan jamoa. Bizni taqqoslaydigan bo‘lsak, masalan, «Olimpik» loyihasi tashkil etilganida Temur Kapadze o‘z ortidan futbolchilarni tarbiyalab, ularni tanlab kelgandi. Hozir bu yerda ham o‘sha loyiha orqali kashf etilgan futbolchilarning 50 foizi bor.
O‘yindan oldin bolalarimga: «Bugun sizlarga boshqacha nazar bilan qarashadi. Nimaga? Chunki sizlar ham xuddi shunday loyihaning farzandlarisiz. Faqat bizniki xususiy loyiha, ularniki esa boshqacha», dedim. Shuning uchun sizlar ham ulardan kam joyingiz yo‘q. Bu loyiha davomiy bo‘lishi kerak. Bugun stadionga besh mingdan ortiq muxlis kelgan bo‘lsa kerak. «Harakatingiz bilan shu loyihaning davomiyligini ta’minlaysizlar», degan gaplar bilan ularni maydonga tushirdik.
Namanganlik muxlislarni Kubokning keyingi bosqichiga chiqishgani bilan tabriklayman. Bizga kelsak, Proligada bajarishimiz kerak bo‘lgan vazifalarimiz bor. Xudo xohlasa, bolalarni tiklab, chempionatni yakunlaymiz.
— Yosh futbolchilar yaxshi shakllanayotganini ko‘rinib turibdi. Lekin bugungi o‘yinning ayrim qismlarida konsentratsiyani saqlab qolishgan bo‘lsa-da, ko‘p hollarda bu ko‘zga tashlanmadi. Bu murabbiy ko‘rsatmasi bilan bog‘liqmi yoki raqib jamoa ularga bir xil sur’atda futbol namoyish etishiga imkon bermadimi?
— Yo‘q, baribir bolalar yosh. Ular bunday saviyada, bunday bosim ostida, stadion muxlislar bilan to‘lgan sharoitda o‘ynashmagan. Xohlaysizmi-yo‘qmi, ular yosh futbolchilar, hayajon bo‘ladi. To‘g‘ri pas berish kerak bo‘lgan vaziyatda ham hayajonlanib, to‘pni chapga yoki o‘ngga uzatib yuborishadi.
Bu tajriba orqali asta-sekin o‘zgaradi. Ana shunday o‘yinlar orqali ular kuchli bo‘lishadi. Men bekorga «to‘rt karra kuchli bo‘lishdi», demadim. Chunki ularni o‘z tengdoshlari bilan o‘ynatsangiz, bemalol harakat qilishadi.
Aslida, bu bolalar U-19 jamoasida o‘ynagan futbolchilar. Lekin shu bosqichgacha yetib kelishdi, «Dinamo» bilan ham, «Qo‘qon-1912» bilan ham o‘ynashdi. Endi esa «Navbahor»ga qarshi maydonga tushishdi. Shu bosqichgacha g‘alaba qozonib kelishdi, bugun ham yomon o‘ynashmadi.
Buning barchasi tajriba orqali shakllanadi. Ana shunday muhitga tushib, bosimni his qilgan holda o‘ynashsa, keyin kuchli bo‘lishadi. Inson o‘z-o‘zidan kuchli bo‘lib qolmaydi, faqat mashg‘ulot o‘tkazish bilan ham buning iloji yo‘q. Ana shunday kuchli jamoalarga qarshi o‘zini ko‘rsata olsagina, bir-ikki pog‘ona yuqoriga ko‘tariladi.
— Futbolchilik faoliyatingiz davomida «Navbahor»ga qarshi Namanganda ko‘p marta o‘ynagansiz. Murabbiy sifatida esa nazarimda, ilk bor Namangan markaziy stadionida maydonga tushdingiz. Futbolchilik davringizdagi emas, aynan murabbiylik faoliyatingizdagi taassurotlaringiz va hissiyotlaringiz qanday bo‘ldi?
— Muhit boshqacha. Baribir, vodiyga kelsangiz, muhit o‘zgacha bo‘ladi. Futbol o‘ynayotganingizni qarang. Bolalarim ham shunday maydonda o‘ynashdi. Maydonning tekisligiga, chiroyiga qarang. Muxlislar... Ular bunday joylarda o‘ynashmagan.
Shuning uchun bugun bolalarimning ko‘pchiligi hatto yig‘lashdi. Yig‘lasa, yaxshi. Lekin ular «Har qanday vaziyatda ham yaxshiroq o‘ynashim mumkin edi», degan fikr bilan yig‘lashyapti. Shuning uchun ham bekorga ular bugun ancha kuchaydi, demadim.
Ana shunday o‘yinlar orqali ular katta futbolga dadil qadam tashlashadi. Xudo xohlasa, ertaga «Navbahor»dami, «Paxtakor»dami, «Bunyodkor»dami yoki xorijdami — bemalol o‘ynay oladigan darajaga yetishadi.
Nimaga desangiz, barcha ishlar reja asosida amalga oshirilmoqda. Tizimimiz bor va uni buzadigan joyimiz yo‘q. Vitaminlar bilan ta’minlash ham a’lo darajada. Bolalarda faqat xohish bo‘lishi kerak. Oldiga maqsad qo‘yib, shu maqsad sari intilishi kerak. Maqsad bo‘lsa, unga intilishsa, ulardan katta futbolchilar yetishib chiqishi aniq.
Chunki sharoit, vitaminlar, tiklanish jarayoni — hamma narsa a’lo darajada. Faqat xohish kerak. Mashg‘ulotga chiqdingmi, bir yarim soat davomida bor kuchingni ber. Keyin dam ol, ovqatlan va yana mashg‘ulotga chiqib, bor kuching bilan ishlа. Ulardan talab qilinadigani shu.
— O‘zbekiston Kubogida to‘rtta jamoa qoldi. «Navbahor» bugungi g‘alabasidan keyin yarim finalga chiqdi. Jamoaning O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
— Hozir «Navbahor»ni yuqori baholagan bo‘lardim. Negaki, jamoa chempionat davomida ham yaxshi o‘yin ko‘rsatib kelmoqda. Masalan, «Paxtakor» bilan durang o‘ynaganidan keyin chempionlik uchun kurash yanada qiziqarli tus oldi.
Lekin chempionlik uchun kurashish, shu darajaga yetib kelish o‘z-o‘zidan bo‘ladigan ish emas. Bu murabbiyning mehnati, seleksiyasi, o‘z g‘oyalarini jamoada qanchalik to‘g‘ri qo‘llay olishi bilan bog‘liq. Xudo xohlasa, faqat olg‘a! Kubokni qo‘lga kiritishsin, nimaga olmasin? Ular bunga loyiq.
— Bugun jamoa bilan birga markaziy stadionga Gadjи Gadjiyev kelganini ko‘rdik. Shu haqda ham ma’lumot bersangiz.
— U kishi bugun keldilar va yillik rejalarimizni ko‘rib chiqdilar. Kamchiliklarimiz, to‘g‘rilashimiz kerak bo‘lgan jihatlar haqida qisqacha tushuntirishlar berib ketyaptilar. Xudo xohlasa, hozir uchib ketadilar. Keyin shartnoma imzolansa, kelasi yili u kishi murabbiylar shtabida biz bilan birga ishlaydi.
— Jamoangiz hozircha Proligada to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Hali barcha imkoniyatlar bor. Bu mavsum uchun jamoa oldiga qanday maqsad qo‘yilgan?
— Umuman, aniq maqsad qo‘yilmagan. Buni ochiq-oydin aytaman, yil boshidan beri ham shuni ta’kidlab kelaman. Birinchi yoki ikkinchi o‘rinni egallash kabi vazifa umuman qo‘yilmagan.
Bizning maqsadimiz — bolalarni o‘stirish va katta futbolga yetkazib berish. Oldimizga qo‘yilgan yagona vazifa shu. Shunga qaramay, hozir to‘rtinchi o‘rinda bormoqdamiz. Xudo xohlasa, bolalar bilan kelishgan holda bor kuch va g‘ayratimizni ishga solib, kuchli beshlikka kirishga harakat qilyapmiz.
— Kelasi mavsumda jamoaning asosiy o‘zagini saqlab qola olasizmi?
— Jamoa o‘zagini saqlab qolish boshqa masala. Kim ketishi kerak bo‘lsa, ketadi, uning o‘rniga yoshroq futbolchilarni olamiz. Bizning maqsadimiz — futbolchi voyaga yetdimi, uni katta futbolga chiqarish. Voyaga yetgan bolalarni boshqa jamoalarga o‘tkazamiz. Ularning o‘rniga esa yangi yoshlar kelaveradi.
Iste’dodlar juda ko‘p. Har biriga imkoniyat yaratish kerak. Hozir Proliganing saviyasi ham ko‘tarildi va bu yerda ishtirok etayotganimiz bizga juda qo‘l kelyapti. Raqobat kuchli bo‘lgani uchun bolalarimiz tezroq voyaga yetishyapti, ulg‘ayishyapti.
Shuning uchun Proligada ishtirok etish va futbolchilarimizni shu orqali rivojlantirish biz uchun ma’qul.
Bu yil oxirida va kelasi yili tarkibga qo‘shiladigan futbolchilarimiz 2010–2011-yillarda tug‘ilgan bolalar bo‘ladi. Biz seleksiya ishlarini quyi yosh toifalaridan boshlaymiz. Viloyatma-viloyat yurib, iqtidorlarni izlaymiz. Seleksiya ishlarimiz juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Qaysi futbolchi qayerda, qaysi viloyatda ekani bo‘yicha ro‘yxatlarimiz ham bor.
Bu jarayon doimiy davom etadi, to‘xtab qolmaydi. Voyaga yetgan futbolchilarni katta futbolga chiqaraveramiz. Ularni shu yerda ushlab o‘tirib, «yetishtiramiz» deb qolishdan nima foyda? Foydasi yo‘q. Maqsadimiz — ularni yuqoriga olib chiqish. Qancha ko‘p futbolchini katta futbolga yetkazsak, bu bizning mehnatimiz samarasi bo‘ladi.
Agar futbolchilarni yuqoriga chiqara olmasak, demak, bizni almashtirish kerak. O‘rnimizga bolalarni yaxshiroq rivojlantira oladigan mutaxassisni qo‘yish lozim. Buning hech qanday muammosi yo‘q.
— Siz o‘z vaqtida mamlakatimizda kuchli hujumchilardan biri bo‘lgansiz. So‘nggi paytlarda o‘zbek hujumchilarining samaradorligi pasayib ketdi. To‘purarlar orasida ko‘proq xorijlik futbolchilar ko‘zga tashlanmoqda. Buning sababini nimada deb bilasiz?
— Hozir bu mavzuni ko‘taryapsiz. Lekin har bir jamoaning oldiga muayyan vazifa qo‘yiladi, to‘g‘rimi? Hamma ham yosh futbolchilarni o‘ynatmayapti. Kim gol urayotgan bo‘lsa, o‘shani maydonga tushiradi.
Bizning davrimizga qaytsak, har bir jamoada o‘zbek hujumchilari bor edi. Masalan, Ne’matulloh Quttiboyev bor edi. Uning ortidan Bakoyev, yosh Farhod Tojiyev, Anvar Soliyev, Aleksandr Geynrix kabi futbolchilar bor edi.
Tasavvur qiling, Ne’matulloh aka ketganidan keyin uning o‘rnini bosadigan futbolchilar bor edi. Hozir ham bir-ikkita futbolchi ketsa, ularning o‘rnini bosadiganlar topilishi mumkin. Chunki o‘sha paytlarda yoshlarga bir jamoada o‘ynab, o‘zini ko‘rsatish va imkoniyatdan foydalanish imkoni berilgan.
Hozir esa kim yoshlarga shunday imkoniyat beryapti? Yosh futbolchilar juda ko‘p.
Lekin murabbiylar oldiga natija ko‘rsatish vazifasi qo‘yiladi. Agar natija bo‘lmasa, murabbiyni ishdan bo‘shatishadi yoki almashtirishadi. Shunday sharoitda yosh futbolchilarga qachon imkoniyat beriladi? Ularni qayerda o‘stirish kerak? U-21 jamoalaridami? U yerda ham saviya unchalik yuqori emas. Lekin baribir ularni rivojlantirish kerak.
Yosh futbolchini o‘stirmoqchi bo‘lsangiz, unga imkoniyat berishingiz shart. Masalan, biz 2011-yilda tug‘ilgan futbolchilarni ham maydonga tushiryapmiz. Chunki bizning oldimizga natija bo‘yicha aniq vazifa qo‘yilmagan, ammo maqsadimiz bor.
Yoshlarga imkoniyat beryapmizmi — beryapmiz. Ular maydonga tushib o‘ynashyaptimi — o‘ynashyapti. Kuchayyaptimi — kuchayyapti. Tajriba orttiryaptimi — orttiryapti.
Bu masala ko‘proq rahbariyatga bog‘liq. Chunki natijaga erishish va futbolchi yetishtirish har doim ham bir-biriga mos kelavermaydi. Ba’zan birini tanlashga to‘g‘ri keladi: yo natijani, yo futbolchilarni rivojlantirishni. Bu ikkisi har doim ham bir nuqtada kesishmaydi. Buning o‘z hisob-kitobi bor», - deya Tojiyevning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.