Live
4
O'zbek

Vadim Abramov: «O‘yinimiz menga yoqmadi»

Eksklyuziv
25 oktabr, 15:49
Samarqandliklar ustozi o‘yin haqida fikr bildirdi.
Vadim Abramov: «O‘yinimiz menga yoqmadi»
Фото: Tribuna.uz
25.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand 1 : 1 Andijon Andijon

Bugun bo‘lib o‘tgan «Dinamo» — «Andijon» (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov ishtirok etdi.

- Rostini aytsam, yomon o‘ynadik. Umuman olganda, bugungi o‘yinimiz yaxshi chiqmadi. Gol urdik, shundan keyin vaziyatni nazorat qilish qiyin bo‘ldi. Ba’zan shunday holatlar bo‘ladi: o‘yin qovushmaydi, lekin shunday bo‘lsa ham g‘alaba qozonish mumkin. Biroq biz yana o‘yinning so‘nggi daqiqasida gol o‘tkazib yubordik.
O‘sha vaziyatda raqib hech qanday qiyinchilik tug‘dirmadi. Shunchaki, to‘pni oldinga uzatishdi va raqib futbolchisi darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqdi. Bu hayratlanarli, shunday emasmi? Bir xil xatolar takrorlanmoqda. Qisqasi, muammolarimiz yetarli.

- Avvalo, o‘yinning so‘nggi daqiqalarida shunday holatlar takrorlanayotgani, jamoa g‘alabani qo‘ldan chiqarayotgani haqida so‘ramoqchiman. Buning sababi nimada? Bu muammoni qanday izohlaysiz?

- Albatta, buni tushuntirishga harakat qilyapmiz. Aytdim-ku, darvozabon shunday vaziyatlarda o‘zini ishonchsiz tutsa, himoyachilar ham unga ishonmay qo‘yishadi. Aslida, to‘pni saqlab qolish kerak edi.

Darvozabon bu kabi vaziyatlarda faolroq harakat qilishi lozim. Shunchaki darvoza chizig‘ida turib, to‘p kelib o‘ziga tegishini kutib turmasligi kerak. U xotirjamlik bilan oldinga chiqib, to‘pni egallashi mumkin edi. Himoyachilar esa darvozabonning ishonchsiz harakat qilayotganini ko‘rib, uning oldiga to‘pni olish uchun shoshilishadi. To‘p ancha balanddan kelayotgandi. Shunday bo‘y bilan oldinga chiqib, uni egallab olish mumkin edi. Bu — individual xatolar.

Albatta, buning ortida psixologik omil ham bor. Futbolchilar bir-birining harakatlaridan xavotirlana boshlashadi, natijada muammolar ko‘payadi. Himoya chizig‘ida ham muammolarimiz bor, barcha qiyinchiliklar shundan kelib chiqmoqda.

- Bugun faqat Shtefan o‘zining odatiy pozitsiyasida o‘ynadi…

- Himoyadagi vaziyatni ko‘rib turibsiz. Afsuski, ayrim futbolchilarimiz diskvalifikatsiya tufayli o‘ynay olmadi, boshqalari esa jarohatlangan. Shu sababli o‘z pozitsiyalarida faqat ikki nafar futbolchi harakat qildi. Qolganlarini boshqa pozitsiyalarga qo‘yishga majbur bo‘ldik. Hatto dubl jamoasidan birinchi marta asosiy tarkibda o‘ynagan yigit ham bor edi. Chap qanotda ham majburiy o‘zgarish qilishimizga to‘g‘ri keldi. Afsuski, bugungi o‘yin uchun kerakli futbolchilarning barchasi safimizda emas edi. Shu bois jamoamiz o‘yini shunday ko‘rinish oldi.

- Yosh futbolchining debyuti haqida ham fikringizni bilmoqchi edik.

- Yosh futbolchi uchun bu yaxshi tajriba. O‘z yoshiga nisbatan olganda, birinchi marta maydonga tushish, ayniqsa, uyimizda o‘ynash har doim qiyin. Umuman olganda, u normal o‘ynadi, jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ymadi.

Boshqa masala — hujumda to‘plarni yo‘qotdik, ayrim vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qila olmadik. Ammo u o‘z vazifasini bajardi. Birinchi marta o‘ynayotganiga qaramay, ko‘rsatgan fidoyiligi uchun unga rahmat aytish kerak.

- «Andijon» bugun qandaydir ma’noda himoyaviy futbol namoyish etdimi yoki bu shunchaki o‘yin davomida yuzaga kelgan holatmi? Maydon markazida to‘p uchun kurash teng kechgani statistikada ham ko‘rindi. Siz jamoangizning o‘yinini qanday baholaysiz?

- Birinchi bo‘limda, aksincha, biz to‘pni maydon markazida ushlab tura olmadik. Shoshilib, hujumda futbolchilarni birga-bir vaziyatlarga chiqarishga harakat qildik. Hujumlarda o‘zimizni oqlamaydigan tarzda to‘plarni yo‘qotdik. To‘pni saqlab qolish kerak bo‘lgan vaziyatlarda shoshilib qaror qabul qildik. Aksincha, zarba berish kerak bo‘lgan paytlarda esa noto‘g‘ri qarorlar chiqardik.

Yana bir bor aytaman: bugungi o‘yinimiz menga umuman yoqmadi. Jamoamiz juda yomon ko‘rindi. Avvalgi uchrashuvlardagi o‘yinimiz bilan taqqoslaganda, bugungi bahs eng yaxshi o‘yinlarimizdan biri bo‘lmadi», - deya Vadim Karlenovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand
  • Andijon Andijon
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar