OKMK hamda «Qo‘qon-1912» (2:1) o‘rtasidagi o‘yindan keyin mehmonlar ustozi Andrey Shipilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Assalomu alaykum! Biz o‘yinni juda yaxshi boshladik. 23-daqiqaga qadar maydonda juda yaxshi harakat qildik. Uchta yuz foizlik golli vaziyatimiz bo‘ldi. Raqib hali o‘yinga kirishib ulgurmagandi. Ana shu paytda vaziyatlarimizning barchasini golga aylantirishimiz kerak edi.
Kecha ham, bugun ham futbolchilarimga: «Ikkita imkoniyat bo‘lsa ham, uchta bo‘lsa ham, ulardan foydalanib, gol urish kerak», dedim. Ammo gol ura olmadik. Shundan keyin raqib darvozamiz tomon tezkor hujum uyushtirdi va gol urdi. 42-daqiqada esa kamchilik bo‘lib qoldik. Ikkinchi taymda nima bo‘lganini hamma ko‘rdi. Raqib bir nafar futbolchi ko‘p bo‘lib o‘ynadi. Biz esa qo‘limizdan kelganicha himoyalandik, taktik jihatdan to‘g‘ri harakat qilishga urindik. Shu bilan birga, yaxshi qarshi hujumlarimiz ham bo‘ldi.
Uchrashuv oxiriga kelib, jamoamiz ikkinchi taymdagi harakatlari uchun o‘zini mukofotladi, desak bo‘ladi. Chiroyli va mantiqan to‘g‘ri gol urdik. Ammo o‘z darvozamizdan o‘tkazib yuborgan golni qanday izohlashni bilmayman. Buni hech qanday mantiq bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Demak, bu yerda qandaydir inson omili bor. Boshqa nima deyishimni ham bilmayman. Faqat OKMKni g‘alaba bilan tabriklay olaman.
Lekin bugun biz mag‘lubiyatga loyiq o‘yin ko‘rsatmadik. Balki kimdir boshqacha fikrda bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, harakat qildik, kurashdik. Ammo futbol xatolardan iborat. Kim kamroq xato qilsa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Biz esa yana oddiy vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘yyapmiz.
- Har holda, o‘yinda qizil kartochka bilan bog‘liq vaziyat yuz berdi. Futbolchingiz goldan keyin maydondan chetlatildi. O‘sha daqiqalarda nimalarni his qildingiz? Qizil kartochkadan keyingi birinchi reaksiyangiz qanday bo‘ldi?
- Oddiy inson sifatida reaksiyam qanday bo‘lishi mumkin? Albatta, bu menga yoqmadi. Qizil kartochka olishga sabab bo‘ladigan jiddiy vaziyat yo‘q edi. Bunday pozitsiyada o‘ynaydigan futbolchi maydonda yanada malakali va mas’uliyatli harakat qilishi kerak. U jamoani kamchilikda qoldirdi.
Kiyinish xonasiga kirganimizdagi hissiyotlarimiz shunday edi. Keyin esa 45 daqiqa davomida bir futbolchi kam bo‘lib, 1:0 hisobida ortda borayotgan holatda o‘ynadik va gol urishga erishdik. O‘yin tugashiga to‘rt daqiqa qolgan edi. Kamchilikda bo‘lsak ham, hech bo‘lmaganda shu bitta qimmatli ochkoni saqlab qolishni istadik.
Yana takrorlayman: bu shunchaki insonning ahmoqligi. Boshqa nima deyishni bilmayman. Kiyinish xonasiga kirdim, hech kimga hech narsa demadim. Buning ma’nosi yo‘q edi. Chunki hammaning ruhan tushkun holatda ekanini ko‘rib turibman. Bu uchrashuvga yetti kun davomida juda jiddiy tayyorlandik. Mavsum tugashiga esa atigi besh tur qoldi. O‘z ishiga bunday mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lish mumkin emas. Uyga qaytgach, bu haqda gaplashamiz.
Hozir kiyinish xonasida ham vaziyatni ko‘rib chiqdim. U yerda g‘ayritabiiy hech narsa bo‘lgani yo‘q. Zarbani qaytarish mumkin edi.
Shuning uchun yana bir bor aytaman: kim ko‘proq xato qilsa, mag‘lub bo‘ladi, kim kamroq xato qilsa, g‘alaba qozonadi. Bu — futbol qonuni. Futbolning qonuni shu.
- Andrey Sergeyevich, darvozaboningiz haqida savol bermoqchiman. U jamoaga kelganidan buyon ko‘p vaziyatlarda sizlarni qutqargan. Ammo bugungi o‘tkazib yuborilgan golda uning xatosi yaqqol ko‘rindi. Muhim pallada jamoasi joniga oro kirishi kerak: masalan, Merganov, Ergashev bor. Darvozabonning o‘yinini qanday baholaysiz? Uning xatosi jamoaga qimmatga tushdi, deb o‘ylamaysizmi?
- Bilasizmi, u jamoamizga kelganidan beri ko‘p vaziyatlarda bizni qutqargan. Hozir uni ayblash mumkin, chunki turnir jadvalidagi holatimiz yaxshi emas. Jamoa gol o‘tkazib yuborsa, aybni darvozabondan izlash oson. Darvozabon — muvaffaqiyatning 95 foizi, deyishadi. Lekin unga maydondagi futbolchilar va himoyachilar ham yordam berishi kerak.
Bugun ham 1:0 hisobida oldinda borayotganimizda u ikkita seyv amalga oshirdi. Agar o‘sha paytda gol o‘tkazib yuborganida, hozir hech kim bu haqda gapirmayotgan bo‘lardi. Ammo bugungi golni o‘tkazib yubordik. Siz bilan hamfikrman: bu yerda juda qo‘pol xato bor. Buni tan olaman.
Lekin siz sanab o‘tgan darvozabonlar o‘ynaydigan jamoalar ham turnir jadvalining birinchi beshligida emas. Jamoa himoyada o‘ynaganda, darvozabonlar muayyan vazifalarni bajaradi, o‘yinga kirishib ketadi, seyvlar amalga oshiradi va to‘plarni ushlab qoladi. Ammo diqqat bilan qaraydigan bo‘lsak, siz aytgan darvozabonlar ham yaqindagi turlarda xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Ular ham inson. Darvozabonlik — juda mas’uliyatli va xatosi darhol natijaga ta’sir qiladigan pozitsiya. Shuning uchun chempionatimizda mutlaqo xatosiz o‘ynaydigan, go‘yoki devor yoki beton kabi darvozabonlar bor, deb aytmagan bo‘lardim. Bu haqda ko‘p gapirmoqchi emasman. Mamlakatimiz milliy jamoasi xalqaro maydonda, jumladan, Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan jamoalar ham bor. Ularning darvozabonlari ham xatolarga yo‘l qo‘yadi.
Siz bilan to‘liq qo‘shilaman: darvozabon bugun bizni qutqarishi kerak edi. Men faqat o‘z darvozabonimiz haqida gapirmoqchiman. Boshqa darvozabonlar haqida gapirmayman, ular bilan murabbiylari suhbatlashsin.
Siz to‘g‘ri aytdingiz, darvozabon 90+4-daqiqada ham jamoani qutqarishi kerak. Ammo shu bilan birga, u bunday xatoga yo‘l qo‘ymasligi ham shart edi.
- Statistikaga ko‘ra, bugun «Qo‘qon-1912» ochkolarni eng ko‘p yo‘qotgan jamoalar orasida ikkinchi o‘rinda turibdi. Golli vaziyatlardan foydalanish darajasi juda past. Darvozabonlar bilan bog‘liq muammolar ham bor. Golli vaziyatlardan foydalana olmayotgani uchun futbolchilaringizga nisbatan qandaydir chora ko‘rishni, masalan, ularni intizomiy jazolashni rejalashtiryapsizmi?
- Yo‘q, yo‘q. Rahmat. Bu bizda birinchi marta kuzatilayotgan holat emas. Statistikani va boshqa ko‘rsatkichlarni diqqat bilan kuzatib borishingizni bilaman. Men ham bu masalaga juda jiddiy va sinchkovlik bilan qarayman.
90-daqiqalardan keyin gol o‘tkazib yuborish menga juda og‘ir botadi. Uyda «Buxoro»ga qarshi o‘yinda ham juda ahmoqona, mantiqsiz gol o‘tkazib yuborgandik. Bu haqda hozir ko‘p gapirmoqchi emasman.
Biz juda ko‘p ochko yo‘qotdik. Hisoblab, tahlil qilib ko‘rdim: taxminan 12–14 ochkoni qo‘ldan chiqarganmiz. Agar shu ochkolarni olganimizda va bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaganimizda, hozirgi vaziyatda bo‘lmasdik.
Bundan tashqari, boshqa jamoalardan ham ochkolarni tortib olganimizda, ular ham turnir jadvalining yuqori qismida bo‘lmasligi mumkin edi. Balki ular ham bizdan pastroqda yurishardi.
«Andijon»da ham 1:0 hisobida oldinda borayotganimizda xuddi shunday gol o‘tkazib yuborgandik. Umuman, bunday holatlar ko‘p bo‘ldi. Bugungi o‘yinni ham hisobga olsak, mening hisob-kitobim bo‘yicha, kamida 14–15 ochko yo‘qotganmiz. Bu eng kam hisob-kitob, ya’ni eng ehtiyotkor hisob-kitobim.
Samarqandda ham ijobiy natijaga erishishimiz mumkin edi. Samarqand jamoasiga qarshi uydagi uchrashuvda ham g‘alaba qozonishimiz kerak edi.
Albatta, bu haqda istagancha gapirish mumkin. Boshqa murabbiy o‘z jamoasi haqida gapirib, aslida ular g‘alabaga yaqin bo‘lganini aytishi mumkin. «Qo‘qon» haqida ham boshqalar o‘z nuqtayi nazaridan fikr bildirishadi. Men esa o‘z fikrimni aytyapman. Sizning fikrlaringizga 99 foiz qo‘shilaman.
Lekin ba’zan kompyuter ham ishdan chiqadi, unga virus tushishi mumkin. Shunday paytda eng ishonchli usul — qog‘oz va ruchkadan foydalanish. Ba’zan statistika beruvchi dasturlar, birinchi yoki beshinchi saytlar ham qandaydir sabablarga ko‘ra noto‘g‘ri ma’lumot berishi mumkin. Shuning uchun mening fikrimcha, eng ishonchli vositalar — ruchka, qog‘oz va insonning boshi», - deya Shipilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.