Live
10
O'zbek

Mirko Yelichich: «Maydon tezkor futbol namoyish etishimizga qarshilik qildi»

Futbol
25 oktabr, 12:32
«Lokomotiv» bosh murabbiyi «Qizilqum» bilan durangdan keyin jamoasi istagan futbolni ko‘rsata olmaganini ta’kidladi.
Mirko Yelichich: «Maydon tezkor futbol namoyish etishimizga qarshilik qildi»
Foto: Lokomotiv
25.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Qizilqum Qizilqum 1 : 1 Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent

O‘zbekiston Superligasining «Qizilqum» va «Lokomotiv» jamoalari o‘rtasidagi bahs 1:1 hisobida yakunlandi. Bellashuvdan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Mirko Yelichich matbuot anjumanida o‘yin haqida fikr bildirdi.

«Yoqimsiz va og‘ir o‘yin bo‘ldi. Bunday jamoalarga qarshi o‘ynashga ko‘nikib qoldik. Futboldagi barcha uslublarni o‘rganib chiqish kerak. Biz o‘zimiz istagan futbolni ko‘rsata olmadik. Birinchi bo‘limda o‘z darajamizni namoyish eta olmadik. Balki bu kayfiyat bilan bog‘liqdir. Raqib esa o‘yinni juda yaxshi boshladi. Goldan keyin tezlikni oshirdi.

Bahsda vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi, chunki jamoalar hududlarni yopishdi. Raqibning qarshi hujumlaridan keyin gol o‘tkazib yuborishimiz ham mumkin edi. Bu o‘yinni tahlil qilib chiqamiz. Barcha bahslar qiyin o‘tmoqda, chunki jamoalar o‘z o‘rinlari uchun kurashmoqda va oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga harakat qilmoqda», — dedi murabbiy.

Yelichichdan «Qizilqum»ning o‘yin uslubi kutilgan-kutilmagani va raqib himoyasini yorib o‘tish uchun qanday rejalar tuzilgani ham so‘raldi.

«Ularning «Neftchi»ga qarshi o‘yinini tomosha qilgandim. «Qizilqum» tezlik evaziga juda moslashuvchan jamoa. Ularga qarshi mutlaqo boshqacha futbol ko‘rsatishimiz kerakligini bilardik.

Bugun maydon o‘rilmagani bizga biroz xalaqit qildi, chunki to‘p juda sekin harakatlandi. Bu ataylab qilinganmi, bilmadim. Balki bunga ham e’tibor qaratish kerakdir. Agar Superliga darajasini oshirishga harakat qilayotgan bo‘lsak, bunday detallarga ham qarashimiz lozim. Bu kabi holatlar futbolning rivojlanishiga yordam bermaydi. Biz to‘pni tezroq harakatlantirib, tezkor futbol namoyish etmoqchi edik, ammo maydon bunga qarshilik qildi», — deya qo‘shimcha qildi Yelichich.

Ma’lumot uchun. «Qizilqum» va «Lokomotiv» o‘rtasidagi bahs 1:1 hisobida yakunlangan.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Qizilqum Qizilqum
  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar