Amaldagi chempion – «Neftchi» klubi O‘zbekiston Kubogini chorakfinalda tark etdi. O‘z maydonida minglab muxlislari qarshisida «Lokomotiv»ga qarshi o‘tkazilgan bahsda 2:4 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Uchrashuvdan so‘ng farg‘onaliklar ustozi Islom Ismoilov matbuot anjumanida quyidagilarni gapirdi.
- Birinchi navbatda stadionga kelgan muxlislarimizdan uzr so‘raymiz. Albatta, bu alamli mag‘lubiyat. Yil boshida jamoa oldiga o‘zi qatnashadigan barcha turnirlarda g‘olib chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Afsuski, Kubokni tark etdik. Bu o‘yin haqida hozir nimadir deyish ham noto‘g‘ri. Albatta, jamoa yutqazsa murabbiy aybdor bo‘ladi. Barcha aybni o‘z bo‘ynimga olaman. Tahlil qilib, o‘rganib chiqamiz va kurashishda davom etamiz.
- Oldinda «Paxtakor»ga qarshi jiddiy o‘yin kutib turibdi. Bugungi uchrashuvdan keyin futbolchilarni qanday ruhlantirib, tayyorlay olasizlar?
- Hozir futbolchilar bilan gaplashdik, rahbariyat ham gaplashishdi va qo‘llab-quvvatladilar. Albatta, bu narsalarni futbolchilar ham tushunishi, qadrlashlari kerak. Chunki har bir uchrashuvning qadri baland. Hech qaysi o‘yinni osonlikcha qo‘lga kiritmaymiz. G‘alaba uchun kurashishimiz kerak, maydonda borimizni berishimiz lozim. Hech qaysi uchrashuvni kurashmasdan yutishning iloji yo‘q. G‘alaba qozonish uchun maydonda jang kerak. Har bir qarich joy uchun kurashish lozim. Faqat mahorat yoki xohishning o‘zi kamlik qiladi. Ikkinchi davrada juda ko‘p gollar o‘tkazib yuboryapmiz. Bu og‘riqli nuqtamizga aylanib qoldi. Buning sababini qidiryapmiz, o‘rganyapmiz, izlanyapmiz. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham oxirigacha kurashishimiz lozim.
«Paxtakor»ga qarshi o‘yin ham oson o‘tmaydi. Boz ustiga ikki kundan keyin bu klubga qarshi o‘ynaymiz. Birinchi navbatda barchaga o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytarish va chempionatdagi asosiy raqibimizni Toshkentda mag‘lubiyatga uchratishimiz shart. Buni barcha o‘yinchilar bilishi kerak. Bu o‘yinga bor kuchimiz bilan tayyorgarlik ko‘ramiz. Kerak bo‘lsa, 100 barobar, kerak bo‘lsa 1000 barobar ichimizdagi kuchimizni maydonga chiqarishga harakat qilamiz. Shunga majburmiz ham. Bundan keyingi mag‘lubiyatlarda hech narsa jamoamizni oqlamaydi. Xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerak. Keragidan ortiq mag‘lubiyatga uchradik. Bundan keyin mag‘lubiyatga uchrashga haqqimiz yo‘q. Muxlislar ham kechirishmaydi, hech kim kechirmaydi.
- Birinchi bo‘limda «Neftchi»ning bunchalik ko‘p xato qilganini, gollar o‘tkazganini va bo‘sh hududlar qoldirganini eslay olmayman. Buni qanday izohlaysiz?
- Qandaydir holat bilan bog‘liq deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Balki murabbiy sifatida mening ham xatoim bo‘lgandir, tarkib tanlashda yoki o‘yinga ko‘rsatma berishda. Nima bo‘lganda ham bunday oson gollar o‘tkazib yubormasligimiz kerak edi. Birinchi davrada eng zo‘r himoya bizniki bo‘lgan. Eng kam gol o‘tkazib yuborganmiz. Biroq ikkinchi davrada, bitta o‘yinda birinchi davradagidan-da ko‘proq gollar o‘tkazib yuboryapmiz. Har bir jamoa juda oson gollarni urib ketyapti. Buni taktika bilan bog‘lash ham noto‘g‘ri-da. Chunki o‘sha jamoa, o‘sha futbolchilar maydonda harakat qilishyapti. Balki bizga shiddat, shijoat, kurashishlik yetishmay qolayotgandir. O‘zimizga erta ishonib yuborgandirmiz. Bu o‘yin biz uchun qattiq dars bo‘lishi kerak. Agar bundan ham xulosa chiqarmaydigan bo‘lsak, unda bu bizning xatoimiz bo‘ladi. Bu keyinchalik afsuslanishga olib keladi. Bo‘lar ish bo‘ldi. Xatolarni tahlil qilib, boshida tezkor uchta golni o‘tkazib yuborganimiz sabablarini o‘rganib chiqamiz», - deya Ismoilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.
Islom Ismoilov: «Barcha aybni bo‘ynimga olaman. Toshkentda «Paxtakor»ni yutishimiz shart»
Eksklyuziv
20 oktabr, 17:25
Ismoilov matbuot anjumanida quyidagilarni gapirdi.
Фото: Нефтчи ПФК
20.10.2026
FT
Oʻzbekiston Kubogi
Neftchi Fargona
2
:
4
Lokomotiv Tashkent