Bugun
47
O'zbek

Abbos Ergashyev: «Tarkibdagi yo‘qotishlar va jamoaga biroz tajriba yetishmasligi bizga pand berdi»

Eksklyuziv
20 oktabr, 17:51
Ergashyev o‘z fikrlarini bildirdi.
Abbos Ergashyev: «Tarkibdagi yo‘qotishlar va jamoaga biroz tajriba yetishmasligi bizga pand berdi»
Фото: Гулистон ПФК
20.10.2026 FT Oʻzbekiston Kubogi ОКМК ОКМК 2 : 0 Gulistan Gulistan

O‘zbekiston kubogi chorak finalidan o‘rin olgan OKMK va «Guliston» uchrashuvidan keyin mehmonlar ustozi Abbos Ergashyev o‘z fikrlarini bildirdi.

«Bu o‘yinga qadar tarkibimizda yo‘qotishlarga duch keldik. 3-4 nafar asosiy tarkib o‘yinchimiz jarohat olgandi. Natijada tarkibda boshqalarga imkoniyat berdik. O‘ylaymanki, ular OKMK bilan bahsda o‘zlari uchun katta tajriba olishdi. Superliga jamoalariga qarshi bahslar orqali o‘zlariga kerakli motivatsiyani olishadi. Lekin shuni aytishim kerakki, turnirning shu bosqichiga qadar jamoamiz bilan katta ishtiyoq va mehnat orqali yetib keldik. Superliganing katta tajribaga ega bo‘lgan jamoasiga qarshi o‘ynadik. Baribir tajriba «Guliston»ga qarshi bahsda o‘z so‘zini aytdi.

- Birinchi liga jamoasi bo‘lishiga qaramay, «Guliston» OKMKga qarshi ochiq va hujumkor futbolni namoyish etdi. Odatda quyi liga jamoalari ko‘proq himoyaviy futbolni tanlashadi. Yoki butun jamoa bo‘lib himoyaga yotib olishadi. Bugun biz aksini ko‘rdik. Murabbiy sifatida o‘yinchilaringizga hujumkor o‘yinni ongiga singdirish uchun qanday motivatsiya berdingiz?

- O‘ylashimcha, Superliga jamoasiga qarshi bahsda o‘yinchilarning o‘zlarida katta motivatsiya paydo bo‘lgan. Chunki ular mana shunday jamoalarga qarshi o‘ynab, yosh o‘yinchilarimiz rivojlanadi, xato va kamchiliklarini ko‘rib oladi. Biz ham o‘yinga yigitlarni yaxshilab tayyorladik. Kerakli ko‘rsatmalarni berdik. Bilasizmi, «Guliston» bu mavsumda kimga qarshi o‘ynamasin, faqat hujumkor uslubda to‘p tepadi. Bu bizning asosiy taktik uslubimiz hisoblanadi. Yuqorida aytganimdek, tarkibdagi yo‘qotishlar va tajriba yetishmasligi biroz pand berdi. Shunga qaramay, yigitlar bilan ishlashda davom etamiz. Chunki jamoamizning maqsadlari katta. Biz esa bosqichma-bosqich rivojlanishda davom etmoqchimiz.

- Jamoamizni endilikda Proligaga yo‘llanma uchun o‘tish o‘yinlari kutmoqda. Siz qaysi jamoalar sizlarga qarshilik qilishi mumkin deb o‘ylaysiz?

- Birinchi liganing o‘z mintaqamizda 18 ta o‘yinda ishtirok etdik. Garchi akademiya jamoalariga qarshi o‘ynagan bo‘lsak-da, hech bir bahsni osonlikcha yutmadik. Chunki akademiya jamoalarida ham iqtidorli va kuchli o‘yinchilar jamlanishgan. O‘tish bahslarida ham qiyin bahslar bo‘ladi. Har bir raqib yetarlicha qarshilik ko‘rsatishga harakat qiladi. Shu sabab birortasini alohida ko‘rsata olmayman.

- Sizningcha, jamoangiz Proligaga qanchalik tayyor?

- Hozirda bizda Proliga va Superliga yo‘nalishida ishlar ketmoqda. Aytaylik, barcha infratuzilmalar yaxshilanmoqda. Hozirda jamoamiz rahbariyatida Oybek Shodmonqulovich, sobiq futbolchi Jahongir Jiyamurodov faoliyat yuritmoqda. Ular jamoani har tomonlama yaxshilash va liga talablariga to‘laqonli javob bera oladigan muhitni yaratish ustida ishlamoqda. Bilasiz, bu narsalar bir zumda tayyor bo‘lib qolmaydi. Bunga vaqt kerak. Xabaringiz bo‘lsa, hozirda Guliston shahrida stadionimiz to‘liq rekonstruksiya qilinmoqda. Tez orada barchasi yakunlanadi. Qolaversa, jamoamiz qoshida futbol akademiyasini tashkil etdik. Liga talablarini bajarish bo‘yicha ishlashda davom etmoqdamiz. Ishonamanki, kelgusi yillarda o‘sha yangi stadionimizda OKMKni ham kutib qolamiz», - dedi Ergashyev.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • ОКМК ОКМК
  • Gulistan Gulistan
  • Oʻzbekiston Kubogi Oʻzbekiston Kubogi
Bugungi yangiliklar