Live
1
O'zbek

Sergey Lushan: «So‘nggi vaqtlarda deyarli barcha yosh futbolchilarni asosiy jamoaga jalb qilyapmiz»

Eksklyuziv
15 oktabr, 14:11
Lushan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Sergey Lushan: «So‘nggi vaqtlarda deyarli barcha yosh futbolchilarni asosiy jamoaga jalb qilyapmiz»
Фото: Машъал ПФК
15.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Mashal Mashal 0 : 1 ОКМК ОКМК

Bugun Superliganing 24-turiga start berildi. Autsayder – «Mash’al» OKMKni qabul qildi va 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Uchrashuvdan keyin muborakliklar ustozi Sergey Lushan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

— Bugungi o‘yin haqidagi fikrlaringiz qanday?

- Raqibni g‘alaba bilan tabriklayman. Asta-sekin mavsumni to‘liq yosh futbolchilar bilan yakunlash tomon harakatlanyapmiz, deb o‘ylayman. Boymurodov, Ergashev, Abdurahimov — bugun uchinchi o‘yinini o‘tkazdi, u ham «dubl»dan kelgan. Rahimov ham «dubl» futbolchisi. Umuman, yosh yigitlar.
O‘ylashimcha, keyingi o‘yinda yana ikki nafar futbolchini qo‘shamiz. O‘rinbosarlar jamoamiz bilan bog‘liq muammolarimiz ham bor. U-19 jamoasida ham shunday vaziyat. Aslida ko‘proq futbolchilarni almashtirishimiz mumkin edi, ammo u yerda ham, bu yerda ham jamoalarni to‘ldirishimiz kerak. Futbolchilar soni yetarli bo‘lmayotgani sababli buni amalga oshira olmayapmiz.

— Siz bilan shartnoma shu yil oxirigacha. Kelasi yilga «Mash’al»ni yoshlardan iborat jamoa sifatida tayyorlab boryapsizmi?

- Ha, shartnomam yil oxirigacha. Yoshlarni tarbiyalab borishning ham ma’nosi bor. Aslida bizda ikkita vazifa bor edi: imkon qadar Superligada saqlanib qolishga harakat qilish va agar yulduzlarimiz porlab, hammasi biz uchun omadli kechsa, yuqorida qolish. Balki bunga erisharmiz, deb o‘ylagandirmiz, lekin dastlabki paytdanoq bu juda qiyin ekanini tushunib turgandik. Shuning uchun ham birinchi turlardanoq butun o‘rinbosarlar jamoasi biz bilan birga mashg‘ulot o‘tkazib kelmoqda. Mashg‘ulotlarimizda 30 nafar futbolchi ishtirok etadi. Bu esa bizga ularni saralash, jismoniy va sport formasini baholash imkonini beradi. Mashg‘ulotlarda o‘zini yaxshi ko‘rsatayotgan yigitlarni darhol asosiy jamoa qaydnomasiga qo‘shib bordik.

So‘nggi vaqtlarda, ta’bir joiz bo‘lsa, deyarli barcha yosh futbolchilarni asosiy jamoaga jalb qilyapmiz. Buni kelasi yilgi tarkibni shakllantirish, futbolchilarni o‘zaro o‘ynab, bir-biriga moslashtirish jarayoni desak ham bo‘ladi. Shu bilan birga kimning imkoniyati qay darajada ekanini baholayapmiz.

Chunki o‘rinbosarlar jamoasida o‘ynash boshqa, U-19 da to‘p tepish boshqa. Bizda U-19 jamoasi bilan ham ikki marta o‘yin bo‘ldi. Bugun maydonga tushgan Javliyev ham U-19 jamoasida o‘ynaydi. Mening fikrimcha, u bugun maydondagi eng yaxshi futbolchi bo‘ldi. Balki ikkala jamoa futbolchilari orasida ham eng yaxshisi bo‘lgandir.

Biz aynan shunday yigitlarni izlayapmiz. O‘ylashimcha, mavsum oxirigacha kamida olti-sakkiz nafar futbolchidan iborat o‘zagimizni shakllantirib olamiz. Agar Superligada saqlanib qolsak, albatta, ikki, uch, balki to‘rtta pozitsiyani tajribali futbolchilar bilan kuchaytirishimiz kerak bo‘ladi.
Dastlabki kelishuvlarimizda ham yoshlarni asosiy jamoaga jalb qilish masalasi bor edi. Yosh futbolchilarimiz bor, ularni o‘rgatishimiz, kuzatishimiz va asosiy jamoa darajasiga torta olish-olmasligimizni baholashimiz kerak. Bu doimiy jarayon, u hech qachon to‘xtamaydi. Seleksiya ishlarini olib boramiz, yosh futbolchilarni ham kuzatib boramiz.

Klubdagi moliyaviy vaziyat juda og‘ir. Hatto hammaga pullarini berib, klubning o‘zi qoladimi-yo‘qmi, degan savol ham bor. Chunki bu yilgi moliyalashtirish darajasi bilan menimcha, bu futbol hech kimga kerak emas. Bu futbol emas, bu ayanchli holat.

Klubdagi odamlar yetti-sakkiz oylab maosh olmasdan ishlayapti. Ularning hammasi oilasini boqishi kerak. Shu sababli ham bu yil klubni ko‘plab odamlar tark etdi. Men aynan moliyaviy muammolar tufayli ketganlarni nazarda tutyapman. Axir oilani ta’minlash kerak. Ularning orasida ancha yaxshi saviyadagi professionallar ham bor edi.
Kim murabbiy bo‘lib ishlashi masalasini esa rahbariyat hal qiladi: bizmi yoki boshqa birovmi. Murabbiylik shunday kasbki, sizga ish taklif qilishsa, taklifni qabul qilasiz», - deya Lushanning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Mashal Mashal
  • ОКМК ОКМК
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar