«Bavariya» klubi hujumchi Harri Keyn bilan shartnomani 2029 yilning yoziga qadar uzaytirish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Myunxen klubi hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini yakunlamoqda.
Qayd etilishicha, Keyn va uning oilasi Myunxendagi hayotdan mamnun. Angliyalik futbolchi 2023 yilda «Tottenhem»dan «Bavariya»ga o‘tgan. Bu vaqt davomida u klub safida barcha turnirlar doirasida 156 ta uchrashuvda 154 ta gol urgan.
Xususan, u 2025/26 yilgi mavsumda Bundesligada 31 ta o‘yinda 36 ta, Chempionlar ligasida esa 13 ta uchrashuvda 14 ta gol muallifi bo‘lgan.
Keyn «Bavariya»dagi faoliyati davomida ikki marta Germaniya chempioni bo‘ldi, shuningdek, Germaniya kubogi va mamlakat Superkubogini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, u ikki marta «Oltin butsa» sovriniga sazovor bo‘ldi va ketma-ket uch mavsum Bundesliganing eng yaxshi to‘purariga aylandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi