«Dinamo» - «Andijon» (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar ustozi Islom Ahmedov qatnashdi.
- Bugungi o‘yinda ochko olganimizdan xursandmiz, ochig‘i. Sababi, birinchi taym juda og‘ir kechdi. Yigitlarimiz uch-to‘rt kun oldin Kubok doirasidagi o‘yinda maydonga tushib, ko‘p kuch yo‘qotishgandi. Tiklanish jarayonida ko‘plab futbolchilarimizda tetiklik yetishmadi.
Bundan tashqari, xohlaysizmi-yo‘qmi, ikkala jamoa ham turnir jadvalida bir xil o‘rinda turibmiz. Ya’ni, har ikki jamoa uchun ham uch ochko juda zarur edi. Shuning uchun futbolchilarimiz birinchi taymda ehtiyotkorlik bilan o‘ynashga harakat qilishdi. Ochig‘ini aytsam, bu unchalik o‘xshamadi. Birinchi taymda o‘yinimizning ko‘p jihatlarida ustunlikni boy berdik.
Ikkinchi taymda esa futbolchilar o‘zlariga kelishdi, o‘yinni o‘z qo‘llariga olishdi. To‘p nazoratini boshlaganimizdan keyin hujumlarimiz ham yuzaga kela boshladi.
- Bugun ikkala jamoada ham go‘yoki motivatsiya yo‘qdek tuyuldi. «Dinamo»ning bunday o‘ynaganidan hayron bo‘lmadim, chunki ular uchun mavsumda biror natijaga erishish imkoniyati deyarli qolmagan. Lekin «Andijon»da Kubok yarim finaliga chiqish orqali yaxshigina motivatsiya paydo bo‘lgandi. Shunga qaramay, jamoa go‘yoki Kubok yarim finaliga chiqqan jamoadek o‘ynamadi. Balki chempionatda quyi o‘rinlarga tushib ketmayapmiz, yuqoriga ham ko‘tarila olmayapmiz, degan kayfiyat bordir?
- Yo‘q, unday emas. Aytganimizdek, futbolchilarimizda charchoq sezildi. Shu sababli ularda tetiklik yetishmadi va kerakli harakatlar yaxshi chiqmadi. Bundan tashqari, har ikki jamoa uchun ham uch ochko zarur edi. Ya’ni, qizil zonaga tushib ketmaslik uchun ochkolar juda muhim. Shu sababli birinchi taymda ehtiyotkorlik bilan o‘ynaganimiz sababli o‘yinimiz unchalik o‘xshamadi.
- Abramov o‘yin unga yoqmaganini aytdi. Sizga-chi, bugungi uchrashuv yoqdimi
- Umumiy oladigan bo‘lsak, bugungi o‘yinda bir ochko oldik. Birinchi taymda, ochig‘i, o‘z jamoamizning o‘yini yoqmadi. Birinchi bo‘limdagi harakatlarimizdan ko‘nglim to‘lmadi. Lekin ikkinchi taymda ko‘nglim to‘ldi. Gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsak ham, gol urish uchun o‘zimizda kuch topa oldik. Shuning uchun ikkinchi taymdan ko‘nglim to‘ldi, desam bo‘ladi.
- Buni qanday izohlaysiz? Balki futbolchilarga alohida ko‘rsatmalar bergandirsiz? Abramov gol o‘tkazib yuborishni individual xatolar bilan izohladi. Umuman, himoyadagi o‘yinni qanday baholaysiz?
- Yigitlar harakat qilishdi. Buning uchun ularga rahmat aytaman.
- Demak, so‘nggi daqiqalarda xarakter ko‘rsatishdimi?
- Ha. Bu — xarakter. Ular haqiqiy xarakter ko‘rsatishdi.
- Kubokda siz futbolchilarni almashtirishga majbur bo‘lganingizni aytdingiz. Motivatsiya haqida ham so‘raldi. Lekin bir nechta yetakchi futbolchidan foydalana olmaganingiz, «Dinamo»da ham shunday vaziyat bo‘lganini hisobga olsak, futbolchilarning funksional holatini qanday baholaysiz? Ayniqsa, asosiy futbolchilar yo‘qligi sababli maydonga tushirishga majbur bo‘lgan yosh futbolchilarning holati qanday?
- Ko‘p futbolchilarni almashtirishga majbur bo‘lyapmiz. Jarohatlar ko‘payib ketdi, shuning hisobidan tarkibda o‘zgarishlar qilishga to‘g‘ri kelyapti. Lekin, mana, yoshlarga imkoniyat beryapmiz. Ular o‘zlarini ko‘rsatishyapti, o‘yinni kuchaytirishga yordam berishyapti. Menimcha, yosh futbolchilarimiz yomon tomondan o‘zlarini ko‘rsatayotgani yo‘q.
- Keyingi turlarda «Navbahor», keyin «Lokomotiv» bilan o‘yinlar bor. Qanday natijalar kutyapmiz? Tayyorgarlik jarayoni qanday kechadi?
- Biz raqib qanday jamoa bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z o‘yin uslubimizdan chiqmagan holda har bir uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz. Hujumkor futbol, to‘pni nazorat qilish va boshqa jihatlarga e’tibor qaratamiz. Baribir, barcha jamoalarga qarshi o‘ynashimiz kerak. Raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z falsafamizdan chetga chiqmagan holda tayyorgarlik ko‘ramiz.
- Mavsum boshida «Andijon» katta xarajatlar qildi va nomdor murabbiyni olib keldi. Lekin ishlar o‘xshamaganidan keyin klub tizimida ham yaxshi murabbiy borligiga guvoh bo‘ldik. Jahon chempionatigacha bo‘lgan o‘yinlarga qaraydigan bo‘lsak, «Andijon»ning eng yaxshi davri o‘sha vaqtga to‘g‘ri keldi. Keyinchalik esa biroz pasayish kuzatildi. Siz ikki marta iste’fo so‘raganingizni ham aytgandingiz. To‘g‘risi, bunga hayron qoldim. Hozir esa Kubokni yutish imkoniyati paydo bo‘ldi. Agar finalga chiqilsa, «Andijon» avval ham mag‘lub etgan raqib bilan o‘ynashi mumkin. Buni o‘zingiz uchun qo‘shimcha motivatsiya deb hisoblaysizmi? Ya’ni, murabbiy sifatida Kubokni yutish o‘zingizni ko‘rsatish uchun yaxshi imkoniyat emasmi?
- Albatta. Har bir o‘yin — motivatsiya, har bir o‘yin — sinov, har bir o‘yin — yangi tajriba. Aytganimizdek, har bir kunimiz tajriba bo‘lyapti. Bu yerda o‘tkazayotgan har bir vaqtimizda nimanidir o‘rganyapmiz, xatolarni to‘g‘rilashga harakat qilyapmiz.
O‘ylaymanki, Xudo xohlasa, keyingi yillarda yanada yaxshilanib boramiz. Nafaqat o‘z tajribamizni, balki ish faoliyatimizni ham takomillashtirib boramiz», - deya Ahmedovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.