Moliyaviy muammolar girdobida qolgan "Bunyodkor" yana magʻlub boʻldi. Bu safar Toshkent derbisida "Paxtakor"ga 1:0 hisobida imkoniyat boy berildi. Biroq "Qaldirgʻochlar" ogʻir sharoitda ham oʻz oʻyini bilan yaxshi taassurot qoldirishgani bor gap.
Oʻyindan keyingi matbuot anjumanida esa "Bunyodkor" bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev oʻyin haqida va shu bilan birga qiyin vaziyatda ishlash qandayligi haqida ham gapirdi.
"Barchaga xayrli kech. Nima deyishim mumkin? Agar men oddiy futbol muxlisi boʻlganimda, bunday oʻyinni maroqli tomosha qilish uchun albatta stadionga kelgan boʻlardim. Shuning uchun ham oʻyin juda qiziq va mazmunli kechdi. Oʻylaymanki, oxirgi ikki uchrashuvda — ham "Buxoro"ga qarshi, ham bugun "Paxtakor"ga qarshi — yigitlar juda yaxshi oʻyin namoyish etishdi.
Hayotda ham, mehnatda ham inson nima eksa, keyinchalik shuning hosilini oladi. Shuning uchun men yigitlarga aytdim: biz boshimizdan kechirayotgan barcha qiyinchiliklarga qaramay, ular fidoiylik, mehnat va jasorat urugʻini ekishyapti.
Hamma biladi, biz sakkiz oydan beri halol mehnatimiz uchun haq olayotganimiz yoʻq. Shunga qaramay, futbolchilar bor kuchini berib maydonga tushishyapti. "Buxoro"ga qarshi oʻyindan keyin uch nafar futbolchimiz juda ogʻir jarohat oldi, qolganlar ham turli muammolarga duch keldi, ayrimlari esa klubni tark etdi. Bu juda ogʻir davr. Shunga qaramasdan, ular muxlislar va futbol uchun maydonda borini berishdi, astoydil harakat qilishdi.
Shuning uchun mening aytadigan yagona gapim — yigitlarga rahmat. Bugun ular shunday mazmunli va chiroyli futbol namoyish etishdi.
- Bir vaziyatda hakam oldingizga kelib siz bilan nimanidir gaplashdi. Shundan keyin siz ustingizga "manishka" kiydingiz. Shu holat haqida batafsilroq aytib bersangiz. Nima boʻldi, oʻzi?
- Yoʻq, yoʻq. Hakam shunchaki mendan iltimos qildi. Narigi tomondagi yordamchi hakamga futbolkamning qora rangi halaqit berayotgan ekan. Shuning uchun "manishka" kiyishimni soʻradi. Men ham olib kiydim.
- Sizlarda moliyaviy muammolar borligi ma'lum. Shunday vaziyatda futbolchilarni ruhiy jihatdan tayyorlash oson emas. Lekin bugun ikkinchi boʻlimda jamoangiz "Paxtakor"dan ustun oʻynadi. Axir "Paxtakor" tarkibi deyarli milliy jamoa darajasidagi futbolchilardan iborat. "Bunyodkor"da esa barchaga ma'lum, asosan 16–20 yoshli yoshlar oʻynayapti. Ikkinchi boʻlimda hatto oʻyin taqdirini hal qilib qoʻyishingiz ham mumkin edi. Yigitlarga hech qanday e'tiroz yoʻq — vaziyatlar yaratishdi, birga-bir chiqishdi, amalga oshirish yetishmadi, yana bir aniq imkoniyat ham boy berildi. Siz esa doim ularni shunday tayyorlay olayapsiz. Sirini aytsangiz: futbolchilarga nima deysiz, ularni qanday ruhlantirasiz? Bir marta bir hikoya aytish mumkin, ikkinchi marta boshqa misol keltirish mumkin, Al Pachino qatnashgan filmlarni yoki boshqa motivatsion roliklarni koʻrsatish mumkin. Ammo bularning ham bir joyda ta'siri tugaydi. Xoʻsh, "Bunyodkor"ning soʻnggi oʻyinlardagi barqaror yaxshi oʻyinining siri nimada?
- Bunday yaxshi savol uchun rahmat. Demak, siz haqiqatan ham bizning holatimizni tushunishga harakat qilgan ekansiz. Menimcha, futbolchilar sakkiz oy davomida maosh olmaydigan, bazada sakkiz oydan beri issiq suv boʻlmaydigan, elektr energiyasi oʻchirib qoʻyiladigan, hozir esa hatto ovqatlanish ham toʻxtab qolgan shunday vaziyatdan qanday chiqish haqida yozilgan tayyor kitob yoʻq.
Bunday sharoitda futbolchilarga qanday motivatsiya berish mumkin? Menimcha, buning yagona javobi ham yoʻq. Men bu haqda avval ham aytganman: men ularni motivatsiya qilmayman. Ular allaqachon ruhlangan. Ularga faqat oʻzlaridan ham kattaroq maqsad yoʻlida harakat qilayotganini his qildirish kerak.
Siz toʻgʻri aytdingiz — har qanday motivatsiyaning ham chegarasi boʻladi. Menimcha, biz oʻsha chegaraga yetib kelganmiz. Agar siz bizning oʻrnimizda boʻlib, yarim kun biz bilan yashasangiz, hammasini oʻzingiz his qilar edingiz. Ular har kuni jarohat olish xavfi bilan yashab, mashgʻulot oʻtkazishyapti. Balkim, mavsum tugagach, biz bu davrni qanday bosib oʻtganimiz haqida batafsilroq gapirib berarman.
Siz aytganidek, Al Pachino ishtirok etgan filmlarni koʻrsatish, Netflix'da Arteta yoki Gvardiolaning futbolchilarni qanday ruhlantirayotganini koʻrish mumkin. Bularning barchasini olish mumkin. Lekin bizning vaziyatda bu usullar ishlamaydi. Menimcha, bizning jamoa juda chuqur qadriyatlar asosida qurilgan. Bu qadriyatlar bizni bir-birimizga juda yaqinlashtirgan. Shuning uchun ham jamoada birdamlik kuchli. Ular bir-biriga ishonadi va birgalikda oldinga intiladi. Mashgʻulotlarda ham juda sidqidildan mehnat qilishadi, oʻzlarini ayamadi. Lekin ertaga nima boʻlishini bilmayman. Chunki ochigʻini aytsam, ular allaqachon oʻz imkoniyatlarining eng yuqori chegarasida turishibdi. Ammo yigitlarda juda kuchli qadriyatlar bor. Oʻzaro munosabatlar ham aynan shu asosga qurilgan: mehnatsevarlik, adolat, halollik va shunga oʻxshash insoniy fazilatlar.
- Mana shunday qiyin vaziyatda futbolchilar totalizatorga berilib, bunday qingʻir ishlarga aralashib qolish xavfi ham boʻlishi mumkin. Qolaversa, U21 jamoasi uchinchi oʻrinda ketyapti. Klubdagi bunday ahvol ularga ham salbiy ta'sir koʻrsatishi mumkinmi?
- Lekin men sizga bitta narsani ayta olaman. Yana avvalgi savolingizga qaytamiz: biz oʻz qadriyatlarimizni asosiy poydevor sifatida belgilab olganmiz. Shuning uchun ham yigitlar shunday oʻyin koʻrsatishyapti. Hatto xayolimga ham kelmaydi, ulardan kimdir shunday qadam tashlashi mumkin, deb. Chunki bu haqda biz juda koʻp gaplashamiz — ham yosh futbolchilar bilan, ham tajribali oʻyinchilar bilan. Shuning uchun sizga pok vijdon bilan ayta olamanki, ular juda mehnatkash yigitlar. Ular bugungacha qilgan ishini oʻylasam... bilmadim, professional futbol tarixida sakkiz oy davomida maosh olmasdan oʻynagan jamoa boʻlganmi-yoʻqmi, bilmayman. Menimcha, bu umuman tarixdagi birinchi shunday holat boʻlsa kerak. Yigitlar sakkiz oy davomida maosh olmasdan oʻynashdi. Menimcha, bunday holat hali boʻlmagan.
- Motivatsiya haqida. Boshqa sport turlarida ham shunga oʻxshash holatlar boʻladi. Masalan, bugungi "Paxtakor" yoki "Nasaf" kabi kuchli raqiblarga qarshi oʻyinlarda, tarkibida milliy jamoa oʻyinchilari bor jamoalarga qarshi futbolchilarni alohida ruhlantirishga hojat ham qolmaydi. Chunki ularning oʻzidayoq kattaroq klubga oʻtish, yaxshi maosh olish yoki oʻzini koʻrsatish kabi kuchli motivatsiya boʻladi. Ilgari "Lokomotiv" ham futbolchilarini shu tarzda ruhlantirardi. Endi savol: sizlar "Nasaf" va "Paxtakor"ni yutdingiz. Ammo turnir jadvalining quyi qismidagi jamoalarga qarshi oʻyinlarda, barchaga hurmat saqlagan holda yigitlarda shu motivatsiya pasayib ketishidan xavotir olmaysizmi?
- Qarang, bu yana professionallik masalasi. Men ularga ham futbolchi, ham inson sifatida aynan shu narsani singdirishni istayman. Futbolda "Paxtakor"ga qarshi yaxshi oʻynab, keyin, deylik, "Mash'al"ga qarshi boʻsh oʻynash kerak", degan tushuncha umuman boʻlmaydi. Bu — mentalitet va psixologiya masalasi.
Men ham xorijda boʻlganimda, "Yuventus"da shunday gapni eshitganman: eng qiyin oʻyinlar "Inter"ga qarshi emas, balki "Peruja" yoki "Sassuolo" kabi jamoalarga qarshi boʻladi. Chunki "Inter"ga qarshi oʻyinga oʻzingni alohida tayyorlash shart emas. Aslida futbolchining haqiqiy mentaliteti hamma engil deb oʻylaydigan raqibga qarshi maydonga chiqqan paytda namoyon boʻladi.
Futbolda engil raqibning oʻzi boʻlmaydi. Shuning uchun ham menimcha, yigitlar futbolchi sifatida oʻsib borishyapti. Bu ham jarayon. Juda uzoq davom etadigan jarayon. Bu psixologiya va mentalitet bilan bogʻliq. Oʻylaymanki, bu ularning kelajagi uchun foydali boʻladi.
Bugun maydonga yosh futbolchilar chiqdi va jahon chempionatida ishtirok etgan Oʻzbekiston milliy jamoasi futbolchilariga qarshi juda yaxshi oʻyin koʻrsatishdi. Bu biz uchun ham, "Bunyodkor" uchun ham faxr. Menimcha, bugun koʻpchilik debyut qildi. Umuman, soʻnggi oʻyinlarda ham akademiyamiz tarbiyalanuvchilaridan koʻplab futbolchilar asosiy jamoada debyut qilishdi. Shuning uchun men ular bilan faxrlanaman.