«Neftchi» klubi o‘z maydonida «Surxon»ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ammo farg‘onaliklar ancha qiynalishdi va raqib tomonidan munosib qarshilikka duch kelishdi.
Uchrashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Barchani og‘ir va qiyin o‘tgan g‘alaba bilan tabriklaymiz. Muxlislarimizga rahmat, uchrashuv oxirigacha qo‘llab-quvvatlashdi. Chempionatda hech qaysi o‘yin oson o‘tmaydi. «Surxon» jamoasini oxirgi uchrashuvlarini ko‘rib chiqqanimizda hamma yetakchi klublarga yaxshi qarshilik ko‘rsatgan. «Paxtakor»dan ochko tortib olgan. Namanganda «Navbahor» ham qiyin g‘alabaga erishgan. To‘g‘ri, «Surxon» yoshlardan tashkil topgan jamoa. Lekin bu ularni kuchsiz degani emas. Baribir futbolchilari maydonda katta shijoat bilan harakat qilishyapti. Bugun ham oxirgi daqiqagacha kurash taklif qilishdi. Albatta, bunday o‘yinlar ham bo‘lib turadi. Futbolchilarni bu borada ogohlantirganmiz. Afsuski, ko‘p holatlarda xatolarga yo‘l qo‘ydik. Aslida uchrashuvni yomon boshlamagandik. Birinchi taymdan keyin 2:0 hisobidagi g‘alaba va keyin xatolar o‘yin sur’atini oshirib yubordi. Natijadan kelib chiqib futbolchilarda yuqori bosim paydo bo‘ldi. Shunga qaramasdan oxirigacha kurashdik. Vaziyatlarimiz ham bo‘ldi. Baribir o‘zimiz xohlagandek o‘yin o‘tkaza olmadik.
- Oxirida himoya chizig‘i beshtalikka o‘tildi. Bu qandaydir keyingi uchrashuvga tayyorgarlikmidi?
- Yo‘q, keyingi uchrashuvga tayyorgarlik emasdi. Abror Ismoilovda charchoq alomatlari bo‘lgani bois almashtirdik. Zaxiramizda Muhsin Ubaydullayev bilan Anvar Gʻofurov qolgandi. Shuning uchun Anvar Gʻofurovni tushirdik. Unga ham asta-sekinlik bilan o‘yin amaliyoti berishimiz kerak.
- OCHL oldidan jamoaga ikki nafar braziliyalik futbolchilar qo‘shilishdi. Moslashish qanchalik tez fursatda o‘tib, o‘yinga tayyorlanishadi?
- Baribir ular qanchadir vaqt davomida jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazishmagan. Individual shug‘ullanishgan. Maksimal darajada murabbiylar shtabi bilan ularni tezroq jamoa va uning o‘yiniga moslashtirishga harakat qilamiz. Rejalar tuzib chiqdik. Bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Albatta, ular uchun jamoada joy kafolatlanmagan. Har bir futbolchi raqobat uchun kurashishi kerak. Kim raqobatda g‘olib bo‘lsa, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar maydonda o‘ynaydi. Buning uchun mashg‘ulotlardagi mehnatlari va o‘yinlardagi harakatlari hisobga olinadi.
- Yovovichni jarohati jiddiy emasmi?
- Hozircha aniq tashxis yo‘q. Lekin aytishi bo‘yicha, muskul tortilishi bo‘lgan. Shifokorlar tekshiruvdan o‘tkazishadi va keyin aniq bo‘ladi.
- Maydon sifati o‘yinga ta’sir qildimi?
- Ikkala jamoa ham shu maydonda o‘ynadi. Maydonni bahona qilishga haqqimiz yo‘q. To‘g‘ri, maydon qancha sifatli bo‘lsa, o‘yin sifati ham shuncha yuqori bo‘ladi», - deya Islom Ismoilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Islom Ismoilov: «Yangi legionerlar uchun jamoada joy kafolatlanmagan»
Eksklyuziv
9 sentabr, 15:13
Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Фото: Нефтчи ПФК
09.09.2026
FT
O‘zbekiston Superligasi
Neftchi Fargona
2
:
1
Surxon