Live
5
O'zbek

Angliyadagi havaskor jamoa sardori Ugandadagi qirolliklardan birining monarxiga aylandi

Futbol
9 sentabr, 12:01
Qirol etib saylangan 36 yoshli futbolchi Londondan ketishga ikkilanmoqda.
Angliyadagi havaskor jamoa sardori Ugandadagi qirolliklardan birining monarxiga aylandi
Foto: Getty Images

Angliyadagi havaskor jamoa darvozaboni Ugandadagi anʼanaviy qirolliklardan birining yangi monarxi (qiroli) boʻladi.

Havaskor ligada ishtirok etuvchi “SE Dons” jamoasi sardori Jorj Dezmond Kamurasi Afrikaning gʻarbidagi Uganda hududida joylashgan Toro qirolligining omukamasi (qiroli) etib saylandi.

Qaror taxtga vorislik masalalari boʻyicha 21 nafar aʼzodan iborat qirollik qoʻmitasi tomonidan qabul qilingan. Ushbu lavozimni avval Kamurasining amakivachchasi — 27 avgust kuni saraton bilan kurashdan soʻng vafot etgan qirol Oyo Nimba Kabamba Igru Rukidi IV egallab kelgan.

Omukama lavozimi asosan madaniy maqom hisoblanadi va siyosiy hokimiyatni anglatmaydi. Toro qirolligi Ugandadagi anʼanaviy qirolliklardan biri boʻlib, uning markazi mamlakat gʻarbidagi Fort-Portal shahri hisoblanadi.

Toro qirolligi 1993 yilda Ugandadagi anʼanaviy qirolliklar qayta tiklanganidan soʻng madaniy institut sifatida faoliyatini davom ettirgan. 1967 yilda mamlakat hukumati monarxiyalarni bekor qilgandi. Hozirgi kunda bunday qirolliklar siyosiy emas, asosan madaniy avtonomiya maqomiga ega.

Toro aholisi taxminan 800 ming kishini tashkil etadi. Qirollik hududida asosan toro xalqi istiqomat qiladi.

36 yoshli Kamurasi Londonda yashaydi va “SE Dons” jamoasida darvozabon hamda sardor sifatida faoliyat yuritadi. U yangi maqomni qabul qilish uchun Londondan koʻchib ketishga ikkilanmoqda. Qolaversa, uning jamoasi qirol Oyoning dafn marosimi bilan bir kunga toʻgʻri keladigan kubok bahsida ishtirok etishi kerak.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Uganda Uganda
Bugungi yangiliklar