«Bunyodkor» klubi hamon mag‘lubiyatli seriyasini davom ettirmoqda. Ivan Boshkovich klubga bosh murabbiy sifatida qaytgan bo‘lsa-da, ikkinchi uchrashuvda ham imkoniyat boy berildi. Bu safar Qarshida «Nasaf»ga 3:0 hisobida yengildilar. O‘yindan keyin «Bunyodkor» ustozi Ivan Boshkovich matbuot anjumanida qatnashdi.
— Bugun yaxshi formada ekanimizni ko‘rsatdik. Ayrim jihatlarda nimanidir o‘zgartirishga harakat qildik. Jamoa munosib qarshilik ko‘rsatdi. Eng muhimi, o‘yindan tushib qolmadik. Yigitlar oxirigacha harakat qilishdi va bu menga yoqdi. Biz bu haqda gaplashgandik: taslim bo‘lmasligimiz kerak. Qo‘shimcha vaqtda ham raqibga qarshi munosib kurashdik, o‘z tomonimizdan ham vaziyatlar yarata oldik. Hisobni o‘zgartirish uchun imkoniyat paydo bo‘lganida, raqib bizni xatomiz uchun jazoladi.
Albatta, biz tavakkal qilishga majbur bo‘ldik. Ba’zi holatlarda bu o‘zini oqladi, ba’zida esa yo‘q. Lekin jamoa qisqa vaqt ichida raqibni jazolash, ortga qaytish va yana vaziyatlar yaratish uchun bor imkoniyatini ishga soldi.
Gʻalaba bilan raqibni tabriklayman. Biz esa taslim bo‘lmaymiz. Hali vaziyatni to‘g‘rilash imkoniyati bor.
— Uch yil oldin ham «Bunyodkor»da ishlagan edingiz. Endi yana jamoaga qaytdingiz. Nima uchun aynan hozir bu taklifni qabul qilishga qaror qildingiz?
— Uch yil oldin ham «Bunyodkor»da ishlaganman. Men uchun bu jamoada ikkinchi marta ishlash — murabbiy sifatida yana bir bor o‘sish, o‘zimni sinab ko‘rish imkoniyati. Shuning uchun taklifni qabul qilish borasida ikkilanmadim.
Albatta, klubda hozir vaziyat oson emas. Lekin men shikoyat qilishni emas, ishlashni xohlayman. Bunday vaziyatlarga avval ham duch kelganman. Men ishonamanki, o‘z mehnatim bilan klubga yordam bera olaman. «Bunyodkor» avvalgi darajasiga qaytishi kerak. Bu yerda juda yaxshi akademiya bor va qancha-qancha futbolchilar aynan shu klubda yetishib chiqqanini hamma yaxshi biladi. «Bunyodkor» o‘zbek futboli uchun katta ahamiyatga ega klub.
Men ham bu klub bilan bog‘liq insonman, «Bunyodkor»da o‘sganman. Shuning uchun klubga nisbatan mehrim bor. Qanday qiyin vaziyat bo‘lmasin, «Bunyodkor» yana o‘zbek futbolida yuqori o‘rinlarga qaytishiga ishonaman. Mening bu yerga kelishimga asosiy sabablardan biri ham shu — klubga bo‘lgan mehrim. Qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik kerak. Aksincha, qiyin vaziyat insonni yanada kuchli qiladi. Hozirgi asosiy vazifamiz — jamoani Superligada saqlab qolish. Buning uchun bor kuchimizni ishga solamiz. Ertangi kun qanday bo‘lishini taqdir ko‘rsatadi. Lekin men ishonamanki, barchasi yaxshi tomonga o‘zgaradi.
«Bunyodkor»ga qaytib kelganimdan keyin moliyaviy muammolar borligini eshitdim. Lekin men futbol murabbiyiman. Mening vazifam — ishlash. Biz bu ishni tashlab qo‘ymaymiz, aksincha, futbolchilar bilan birga oxirigacha harakat qilamiz. Rahbariyat bilan birgalikda jamoaning maydonda o‘zini munosib ko‘rsatishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Hozir esa boshqa masalalarga emas, futbolga to‘liq e’tibor qaratishimiz kerak.
Vaziyat juda qiyin, hatto juda og‘ir. Lekin hozir barcha e’tiborimizni futbolga qaratamiz. Qolgan masalalar haqida keyinroq gaplashish mumkin.
— Oylik maoshini olmayotgan, oilasiga maosh olib bora olmayotgan futbolchilarni boshqarish qiyin emasmi? Ular siz bergan taktik ko‘rsatmalarni qay darajada bajara olyapti?
— Eng avvalo, shikoyat qilmaslik kerak. Men futbolchilardan doimo bir narsani talab qilaman — maydonga chiqqanda bor imkoniyati bilan maksimal darajada harakat qilish. Kimdir o‘z imkoniyatining eng yuqori chegarasida harakat qildi. Kimdir esa jamoada qolishni istamadi va ketdi. Ular xotirjamlik bilan ketishdi. Qolgan futbolchilar esa futbol o‘ynash uchun qolishdi, shikoyat qilish uchun emas.
Bugun yigitlarning aksariyati yaxshi o‘ynagani ko‘rinib turdi. Biz oldimizga qanday vazifa qo‘ygan bo‘lsak, shu vazifani bajarishga harakat qilyapmiz. Menimcha, inson hayotida qiyinchiliklar paydo bo‘lsa, u hatto uch barobar ko‘proq o‘sishi mumkin. Qiyinchiliklar — har bir inson uchun o‘zini rivojlantirish va yanada kuchli bo‘lish imkoniyati. Shuning uchun bugun futbolchilar xarakter ko‘rsatishdi, taslim bo‘lishmadi. Bu juda muhim. Menimcha, birinchi bo‘limda jamoa o‘zining eng yaxshi o‘yinlaridan birini ko‘rsatdi.
Birinchi bo‘limda hayajon ham bor edi. Balki ayrim narsalar o‘xshamayotgani uchun shunday bo‘lgandir. Tanaffusdan keyin esa futbolchilar ancha dadil va erkin harakat qilishdi. Hozir bizda yo‘qotadigan narsa deyarli qolmadi. Birinchi bo‘limdan keyin faqat nimanidir yutishimiz mumkin edi, xolos. Shuning uchun futbolchilar ikkinchi bo‘limda yanada to‘liqroq harakat qilishdi. Albatta, xatolar ham bo‘ldi. O‘tishlarda ham tavakkalchiliklar kuzatildi. Lekin jamoa bor kuchini ishga soldi.
— «Bunyodkor»da avvalgi murabbiylar shtabi jamoani tark etdi. Siz jamoaga kelganingizdan keyin o‘z yordamchilaringizdan iborat yangi murabbiylar shtabini shakllantira olasizmi?
— Albatta, bu masala jiddiy. Hozircha biz ishlashda davom etamiz. Men jamoaga va o‘z ishimga ishonaman. Barchasi yaxshi bo‘ladi, deb umid qilaman», - deya Boshkovichnin so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.