Superligada 21-tur boshlanmoqda. 3 kun davom etadigan 8 ta juftlik borasida kim qanday fikrda?
Intriga albatta kuchayib boryapti. Faqat ligada qolish uchun kurash bundan mustasno. Chunki «Mash’al» 4 ochko bilan hamon oxirgi o‘rinda va undan oldinda borayotgan «Bunyodkor»dan 15 ochkoga ortda qolyapti. Shunga qaramay, pastdagi klublar iloji boricha xavfli zonadan uzoqlashishga harakat qilishyapti. Sovrinli o‘rinlar uchun kurash ham avjiga chiqmoqda.
Muxlislar yaxshi biladigan futbolchi Shoxruz Norxonov 21-tur oldidan jamoalarning imkoniyatlarini quyidagicha baholadi.
9 sentyabr
18:30. OKMK – Paxtakor
- Menimcha, «Paxtakor»ga qiyinroq bo‘ladiyu, ammo ular bu o‘yinda g‘olib chiqishadi, deb o‘ylayman. Chunki «Paxtakor» yana chempionlik poygasiga qaytdi. «Neftchi» bilan o‘rtadagi ochkolar farqi 2 tani tashqil qilyapti. Shuning uchun «Paxtakor» baribir g‘alaba uchun maydonga tushadi. Biroq unutmaslik kerakki, OKMK ham jiddiy qarshilik ko‘rsatadi.
19:00. Neftchi – Surxon
- Bu yerda favorit «Neftchi». O‘tgan turda katta hisobga yutqazib qo‘yib, o‘ziga saboq oldi. Navbatdagi uchrashuvda ular borini berishadi. Negaki, «Paxtakor» farg‘onaliklarni izma-iz quvlab kelyapti. Favorit hisoblangan «Neftchi» bu bahsda g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman. Ammo «Surxon» ham munosib qarshilik ko‘rsatsa kerak. Bu jamoani ham o‘yini ancha shakllangan va yaxshi jamoa.
20:00. Nasaf – Bunyodkor
- «Nasaf» o‘tgan turda ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritgani bois futbolchilarida kayfiyat a’lo darajada. Ular yana oldinga qarab intilishda davom etishadi. «Bunyodkor»ga qiyin bo‘ladi. Menimcha, «Nasaf» o‘z maydonida g‘alaba qozonadi. «Bunyodkor» chempionatda jon saqlab qolish uchun oxirigacha kurashadi.
10 sentyabr
19:00. Dinamo – Qizilqum
- Bu yerda ham yaxshi o‘yin bo‘ladi. Bilasiz, birinchi davrada «Qizilqum» o‘z uyida mag‘lubiyatga uchragan. Shu sababli navoiyliklar safarda jiddiy qarshilik ko‘rsatadi. «Dinamo» mehmonda Qo‘qonda durang o‘ynab qaytgani uchun navbatdagi turda bor kuchini g‘alabaga qozonishga qaratadi. Fikrimcha, ushbu bellashuvda durang natija qayd etilsa kerak.
19:00. Andijon - Qo‘qon-1912
- Vodiy derbisi. Bu o‘yin ham tomoshabop, zo‘r o‘tadi. «Andijon» bu uchrashuvda favorit. O‘tgan turda ular safarda «Paxtakor»dan mag‘lubiyatga uchrashdi. Navbatdagi o‘yin esa zo‘r o‘tadi. «Qo‘qon-1912» ham «Andijon» bilan qanaqa o‘ynash kerakligini biladi. Baribir ustunlik mezbonlar tarafida. Shu bois andijonliklar g‘olib chiqsa kerak. Ammo katta hisob qayd etilmasa kerak.
20:00. Xorazm – So‘g‘diyona
- Bu to‘qnashuv ham ajoyib o‘tadi. «So‘g‘diyona» faqat g‘alaba qozonyapti. Mag‘lubiyatsiz ketyapti. Bu yaxshi jamoa. Doriyevni hech kim to‘xtata olmayapti va to‘purar bo‘lib turibdi. Jamoasini ortidan yetaklayapti. Shu bois ham bu uchrashuvda «Xorazm»ga qiyin bo‘ladi. Menimcha, «So‘g‘diyona» kichik hisobda g‘olib bo‘ladi.
11 sentyabr
19:00. Lokomotiv – Mash’al
- «Lokomotiv» bundan oldingi turda Namanganda durang o‘ynadi. Futbolchilarini ishonchi ancha ortgan. Bilamanki, zo‘r jamoa va tarkibida tajribali futbolchilar yig‘ilgan. O‘ylashimcha, «Mash’al»ni motivatsiyasi qolmadi. Qarshilik ko‘rsatishi mumkin, lekin «Lokomotiv» o‘z uyida g‘alaba qozonadi.
19:00. Buxoro – Navbaxor
- Bu turning markaziy o‘yini bo‘ladi. Uchinchi o‘ringa kurashayotgan jamoalar va ushbu o‘rinni kerak bo‘lsa hal qilib beradigan to‘qnashuv. Mening nazarimda, durang bo‘lsa kerak. Ammo «Navbahor» ham o‘ziga kelib olgan. «Buxoro» ham o‘z maydonida yutqazmayapti. Shuni hisobga olsak, o‘yin «Buxoro»ni kichik ustunligida o‘tib, kichik hisobda g‘alaba qozonishi ham mumkin.
«Paxtakor» yana chempionlik poygasiga qaytdi, «Mash’al»ni motivatsiyasi qolmadi» — Shoxruz Norxonov
Eksklyuziv
9 sentabr, 03:48
Norxonov 21-tur oldidan jamoalarning imkoniyatlarini quyidagicha baholadi.
Фото: Қизилқум ПФК