Live
2
O'zbek

Mirko Yelichich: "Menimcha, bir ochko olganimizdan ko'ra ikki ochko yo'qotdik"

Futbol
22 iyul, 15:00
"Lokomotiv" ustozining "Andijon"ga qarshi bahsdan so'ng fikrlari.
Mirko Yelichich: "Menimcha, bir ochko olganimizdan ko'ra ikki ochko yo'qotdik"
Фото: Локомотив ПФК
22.07.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent 3 : 3 Andijon Andijon

"Lokomotiv" va "Andijon" (3:3) o'rtasidagi jangovar durangdan so'ng mezbonlar ustozasi Mirko Yelichich matbuot anjumanida qatnashdi.

- Avvalo, o'yin haqidagi fikringizni aytsangiz.

- Yaxshi o'yin bo'ldi. Menimcha, uzoq tanaffusdan keyin ham ikkala jamoa ochiq futbol namoyish etdi. Tomoshabinlar uchun qiziqarli uchrashuv bo'ldi. To'p nazorati ko'proq biz tomonda edi, o'yinni ham nazorat qildik. Faqat so'nggi 15–20 daqiqada nazoratni biroz yo'qotdik. Natijada, menimcha, bugun bir ochko olganimizdan ko'ra, ikki ochkoni yo'qotdik. Rahmat.

- Bugun Shushnyar diskvalifikatsiya sabab maydonga tushmadi. Uning yo'qligi sezildimi?

- Buni aniq aytish qiyin. Shushnyar juda yaxshi mavsum o'tkazyapti, juda barqaror o'ynamoqda. Kucherenko ham shunday. Abdulla ham o'tgan o'yinda yaxshi harakat qilgandi, bugun ham yomon o'ynadi, demagan bo'lardim. Balki ayrim vaziyatlarda boshqa futbolchilarnikidek sifat yetishmagandir. Shushnyar va Kucherenko markazda bo'lsa, sifat biroz yuqoriroq bo'ladi. Bugun esa shu jihatdan ozgina farq sezildi.

- O'yinning boshida "Lokomotiv"ning goli bekor qilindi. O'sha vaziyatni ko'rdingizmi?

- Yo'q, hali ko'rmadim. Biz uzoqda turgandik, vaziyatni aniq ko'rish qiyin edi. Endi o'yinni qayta tomosha qilamiz. Menimcha, bugun tushunarsiz vaziyatlar ko'p bo'ldi. Eng yoqimsizi — hakam o'yinni his qilmay qolgani. Agar hakam juda ko'p ko'zga tashlana boshlasa, demak nimadir noto'g'ri ketmoqda. Men hakam haq yoki nohaq edi, demayman. Lekin 50 ga 50 vaziyatlarning ko'pi "Andijon" foydasiga hal bo'lgandek tuyuldi. Bu hakamlik sifati bilan bog'liq masala, lekin bu haqida ko'p gapirmoqchi emasman.

- Jahon chempionati sabab katta tanaffus bo'ldi. Endi esa har besh kunda o'yinlar bo'ladi. Jamoa bunga tayyormi?

- Ha, tayyormiz. Jahon chempionati tufayli ikki oydan ortiq tanaffus bo'ldi. Faqat kubok o'yinlarini o'tkazdik. Endi esa chempionatda har besh kunda o'yin bo'ladi. Futbolchilar bunga tez moslashadi. Ikki-uchta o'yindan keyin bu ritmga ko'nikib ketishadi. Agar ikki haftada bir o'yin bo'lsa ham, uch kunda bir o'yin bo'lsa ham, baribir futbolchi shunga moslashadi. Faqat biroz vaqt kerak. Shuncha tanaffusdan keyin yana o'yin ritmini his qilish muhim. Men nafaqat bizning, balki boshqa jamoalarning ham o'yinlarini kuzatdim. Intensivlik va o'yin sifati yomon emas. Menimcha, bu tanaffus futbol sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatmagan.

- Hisob 2:0 bo'lganda jamoangiz uchinchi golni uradigandek edi. Ammo keyin ketma-ket ikkita gol o'tkazib yuborildi. Bu muvozanatning yo'qolganidanmi?

- Futbolda hammasini mayda detallalar hal qiladi. Agar o'sha mayda vaziyatlardan foydalana olmasangiz, o'yin birdaniga o'zgarib ketadi. Shunday shiddatli va teng o'yinlarda bitta kichik xato ham natijani hal qiladi.
Bu xatoda aynan kim aybdorligini aytish noto'g'ri. Futbolda bunday holatlar hech qachon bitta futbolchining aybi bo'lmaydi, bu jamoaviy xato. Uni tahlil qilib, keyingi safar takrorlamaslikka harakat qilamiz. Bunga jismoniy holat ham, ruhiy holat ham ta'sir qilishi mumkin. Har kim bunga o'zicha baho beradi, lekin bu faqat shaxsiy fikr, xolos.

- "Lokomotiv" ikki yildan ortiq tanaffusdan keyin yana o'z stadionida Superliga o'yinini o'tkazdi. Maydon sifati haqida fikringiz qanday?

- Maydon yomon emas. Lekin avvalgidek ham emas. Besh-olti yil oldin bu yerda o'ynaganimizda maydon sifati yaxshiroq edi. Hozir esa biroz qattiq va to'liq tekis emas. Oldin maysa yumshoqroq va tekisroq edi.
Ammo buni ham tushunish kerak: yangi maydonga vaqt kerak. Xuddi yangi qurilgan uy singari, hammasi asta-sekin o'z o'rniga tushadi. Biroz vaqt o'tgach, maydon ham kerakli holatga keladi. Men bunga ishonaman. Hozircha esa unga moslashish kerak.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • Andijon Andijon
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar