"Mash'al"ga Sergey Lushan bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin jamoa ketma-ket ikkinchi o'yinda ham yutqazmadi.
O'tgan turda qo'qonliklar 1:0 hisobida mag'lub etilgan, bu gal voha derbisida "Nasaf"ga qarshi o'yinda 1:1 qayd etildi.
O'yindan keyin muborakliklar ustozi Sergey Lushan matbuot anjumanida qatnashdi.
- Bugungi uchrashuv haqida fikringiz?
- Biz uchun juda og'ir o'yin bo'ldi. Aslida 90 daqiqa davomida asosan himoyalanishga majbur bo'ldik. Ammo himoyalanishni yomon bajarmadik. Hozir himoyadagi o'yinimizni tartibga solishga harakat qilyapmiz. Hayotning o'zi shunga majbur qilyapti. Chunki 11 turda 23-25 ta gol o'tkazib yuborganmiz. Har qanday jamoa avvalo mustahkam himoya ustiga quriladi. Shu bois ketma-ket ikkinchi o'yinda futbolchilarimiz biz qo'yayotgan talablarni qanday qabul qilayotganidan mamnunman. Asta-sekin hujumdagi o'yinimizni ham sifatli yo'lga qo'yamiz, degan umiddaman. Umuman olganda, natijadan qoniqdim. Hozir biz uchun turnir jadvalidagi vaziyatni hisobga olsak, har bir ochko oltin bilan teng. Shu sababli bu natijani ijobiy deb hisoblayman. Oldinga harakat qilamiz.
- Siz kelguningizga qadar "Mash'al" deyarli ochko olmagandi. Hozir esa jamoa ochko to'play boshladi. Jamoaga moslashish jarayoningiz qanday kechdi va asosiy maqsadingiz nima? "Mash'al" Superligada qoladimi?
- Bu biroz ritorik savol. Ochig'i, menga moslashishga hojat yo'q. Futbolda juda ko'p yillik tajribam bor, moslashish degan narsa yo'q. Jamoaning Superligada qolishi haqida avvalgi matbuot anjumanida ham aytgandim. Asosiy vazifa — ligada qolish. Lekin undan ham muhim vazifa — yangi jamoa shakllantirish.
Agar e'tibor bergan bo'lsangiz, ketma-ket ikkinchi o'yinda yosh futbolchilarga imkoniyat beryapmiz. Bugun Abdulhaqov va Jo'raev maydonga tushdi. Abdulhaqov, nazarimda, jamoaga endigina qo'shilgan edi. Mashg'ulotlarda kim o'zini yaxshi ko'rsatsa, biz uni maydonga tushirishdan qo'rqmaymiz. Hatto juda yosh Xolmatovni ham avvalgi o'yinda maydonga tushirdik va u o'zini yo'qotib qo'ymadi.
Qisqasi, mavsum oxirigacha haqiqiy jamoa yaratishimiz kerak. Vaqtni boy bermasdan, keyingi mavsumda klub rahbariyati qo'yadigan vazifalarni bajarishga qodir bo'lgan jamoani shakllantirishni istaymiz. Qaysi ligada bo'lishimizni esa vaqt ko'rsatadi. Hozir esa faqat oldinga qarab harakat qilyapmiz.
- Darvozabondagi o'zgarish zarurat edimi yoki shunchaki imkoniyat berdingizmi?
- Ikkinchi bo'lim boshidagi darvozabon almashtirishi rejalashtirilmagan edi. Gap To'xtaboyev yomon o'ynaganida emas. Aksincha, u yaxshi harakat qildi. Faqat o'tkazib yuborgan golimiz noqulay burchakdan urildi. Muammo bunda emas.
Birinchi bo'limda jarima maydonimizga juda ko'p uzatmalar bo'ldi. Bunday vaziyatlarda darvozabonning chiqishlarda ishonchli o'ynashi muhim. Biz yangi darvozabon Rusanov chiqishlarda yaxshi o'ynashini bilardik. Shu sababli bu majburiy qaror bo'ldi.
Menimcha, raqib kombinasion o'yin bilan bizni yorib o'ta olmasdi. Baribir oxir-oqibat uzun uzatmalar va bosimga o'tishini kutgandik. Aynan shunday bo'ldi. Biz ularning qanotlarini yopdik. Shunday vaziyatda havoda yaxshi o'ynaydigan darvozabon kerak edi.
Shuningdek, Dragunni ham maydonga tushirdik. Uni kechagina ro'yxatdan o'tkazdik, hatto alohida tayyorlay ham olmadik. Bu ham majburiy almashtirish edi. Shunga qaramay, zaxiradan tushgan futbolchilar yaxshi o'yin namoyish etishdi.
- Ijtimoiy tarmoqlarda "Mash'al" futbolchilariga to'rt oydan beri maosh berilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Murabbiy sifatida bunga munosabatingiz qanday?
- Bu mavzuda futbolchilar bilan uzoq gaplashdik. Men ham ularga o'z fikrimni aytdim. Men O'zbekiston futbolida ko'p yildan beri ishlayman va deyarli har yili qaysidir jamoada maosh kechikishi kuzatiladi.
Bu yil esa tushunishimcha, vaziyat ko'plab klublarda juda og'ir. Hatto ayrim klublarda futbolchilar olti oygacha maosh olishmayapti. Nega bunday bo'layotganini men ham to'liq tushunmayman.
Ha, bizda ham shunday muammo bor. Lekin futbolchilar mashg'ulotlarni davom ettirishga va kelajak uchun ishlashga va'da berishdi. Pul hech qayerga yo'qolib ketmaydi. Albatta, hammada oila bor, ro'zg'orni boqish kerak. Ko'pchilik hozir futbolni emas, oilasining kundalik ehtiyojlarini qanday qoplash haqida o'ylayapti.
Bu vaziyat nafaqat bizning klubda, balki yana 6-7 ta klubda ham kuzatilmoqda. Tushunishimcha, ilgari "Neftgazmontaj" tomonidan moliyalashtirilgan klublarga mablag' ajratmaslik haqida qaror qabul qilingan. Shu sababli bir muddat barchaga qiyin bo'ladi.
Futbolchilar sabr qilishlarini aytishdi. Hozircha jamoada hech qanday kelishmovchilik yo'q. Men o'zim ham futbolchi bo'lganman. Sakkiz oy maosh olmasdan o'ynash qanchalik qiyinligini yaxshi bilaman. Bunday paytda ishlashga ishtiyoq ham kamayadi. Umid qilamanki, bu muammo tez orada hal bo'ladi.
- So'nggi ikki o'yinda "Mash'al" ochko olayapti. Agar jamoa Superligada qolsa, keyingi mavsum chempionlik uchun ham kurasha oladimi?
- Buni hozir aytish qiyin. Chempion bo'lish uchun juda ko'p omillar bir joyga to'g'ri kelishi kerak. Klubning moliyaviy imkoniyatlari, mashg'ulotlar sifati, tarkibning barqarorligi muhim. Bir bo'g'in ishdan chiqsa ham chempionlik bo'lmaydi.
Seleksiya juda kuchli bo'lishi kerak. Eng yaxshi futbolchilarni jalb qilish zarur. Bu yuzlab odamlarning mehnatini talab qiladigan jarayon. Faqat murabbiylar yoki futbolchilar bilan cheklanmaydi. Butun tizim mukammal ishlashi kerak.
Bu savolga aniq javobni beshinchi yoki oltinchi turdan keyin bera olaman. Men bu yerga kelganimga endigina o'n kun bo'ldi. Hozir ayta oladigan yagona narsa — shu o'n kun ichida mashg'ulotlarda futbolchilarni juda qattiq ishlatyapmiz. Boshqa yo'l yo'q.
Ikkinchi o'yindan beri ular bor kuchini berib o'ynayapti. Shu sabr-toqati va mehnati uchun ulardan minnatdorman. Keyin nima bo'lishini vaqt ko'rsatadi. Hozircha barcha futbolchilarimdan ko'nglim to'q. Eng muhimi, ular sidqidildan ishlashyapti. Ishonchim komilki, agar ular 100 foiz kuch bilan mehnat qilishda davom etsa, oldimizga qo'yilgan vazifalarni bajara olamiz", - deya Lushanning so'zlaridan keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.