Bugun
35
O'zbek

Andrey Shipilov: "Mutlaqo qabul qilib boʻlmaydigan oʻyin koʻrsatdik"

Futbol
22 iyul, 17:00
"Qo‘qon-1912" ustozi OKMKga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Andrey Shipilov: "Mutlaqo qabul qilib boʻlmaydigan oʻyin koʻrsatdik"
Фото: Қўқон-1912 ПФК
22.07.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Qo'qon-1912 Qo'qon-1912 1 : 4 ОКМК ОКМК

"Qo‘qon-1912" jamoasi hamon muxlislarini ranjitishda davom etmoqda. O‘tgan turda muborakliklarga yutqazishgandi. Bu safar esa o‘z uyida OKMKga 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Uchrashuv yakunlangach, qo‘qonliklar bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida qatnashdi.

- O‘yin haqidagi fikringiz?

- Avvalo shuni aytmoqchimanki, o‘zing sevgan kasbga bunday munosabatda bo‘lish mumkin emas. Nima bo‘layotganini tushunmayapman. Ikkinchi bo‘limga yana chiqib, mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan o‘yin ko‘rsatdik. Bunday bo‘lishi mumkin emas.
Birinchi navbatda o‘zimning ham uyalgim keladi. Lekin bu yerda faqat murabbiy aybdor emas. Bu yerda butun bir zanjir bor. Jamoa yutqazsa, odatda murabbiy aybdor deyishadi. Ammo o‘yinni sinchiklab tahlil qilsangiz, birinchi bo‘limni biz ancha yaxshi va munosib o‘tkazdik. Ha, dastlab biroz ishonchsiz boshladik, ammo o‘ninchi daqiqalardan keyin vaziyatni o‘zimiz tomonga o‘g‘dira oldik.

Birinchi bo‘lim og‘ir kechdi, buni men ham ko‘rdim. Bizga ham oson bo‘lmadi. Juda murosasiz kurash bo‘ldi. Tanaffusda ikkinchi bo‘limda qanday harakat qilishimizni futbolchilarga batafsil tushuntirdik.
Lekin ularning boshida nima borligini bilmayman. Hozirgina kiyinish xonasida ular bilan xotirjam gaplashdim. Ularga yetib borish juda qiyin. Axir bular tajribali, yaxshi saviyadagi futbolchilar. Tarkibda tajribali va yosh futbolchilar o‘rtasida muvozanat bor.

Natija to‘liq qonuniy. O‘yinga bunday munosabatda bo‘lish mumkin emas. Bu shunchaki uyat.
Qo‘qon yaxshi shahar, muxlislari ham juda yaxshi. Ular jamoani chin dildan qo‘llab-quvvatlaydi. Albatta, har doim cho‘ntagida tosh olib yuradigan tanqidchilar ham bo‘ladi, lekin men ularga umuman e'tibor bermayman.
Lekin hozir jamoaga ham, rahbariyatga ham aytdim: agar vaziyat o‘zgarishlarni talab qilsa, marhamat, kerakli qarorni qabul qiling. Men yaxshi tarkibga ega bo‘lgan jamoaning turnir jadvalida o‘ziga munosib bo‘lmagan o‘rinda yurishini istamayman.

- Jasur Yoqubov jarohat olib maydonni tark etgach, jamoa to‘rtta gol o‘tkazib yubordi. Himoya aynan uning ketishi tufayli izdan chiqdimi?

- Yo‘q, yo‘q. Jasur Yoqubov yomon o‘ynamadi. Shu sababli ham uni bugun asosiy tarkibga qo‘ygandik. Uni faqat jarohatini og‘irlashtirib yubormaslik uchun almashtirdik. Aslida uni almashtirish rejamiz yo‘q edi.
Bitta himoyachining almashtirilgani o‘yinga bunchalik ta'sir qilmaydi. U yerda butun boshli xatolar zanjiri bo‘ldi. Biri xato qildi, keyingisi ham xato qildi. Juda oddiy, bolalarcha xatolar tufayli to‘rtta gol o‘tkazib yubordik.

Birinchi bo‘limni shunday o‘tkazgan jamoa uchun bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Nima bo‘layotganini tushunmayapman.
Agar futbolchilar maydonda zo‘rg‘a harakat qilayotganini ko‘rsam, jismoniy tayyorgarlik yetishmayapti derdim. Lekin unday emas. Hech kimning oyog‘i tortishmadi, hamma yugurdi, kurashdi.

Almasaliyev keyinroq jarohat oldi va uni almashtirishga majbur bo‘ldik. Bu himoyachilarning emas, butun jamoaning himoyadagi xatosi edi. Hujumdan himoyaga va himoyadan hujumga o‘tish bosqichlarida jiddiy kamchiliklar bo‘ldi.

- Transfer oynasida tarkibni kuchaytirish rejalashtirilganmi?

- Bu savolga mamnuniyat bilan javob bergan bo‘lardim. Ammo hozir aniq gapira olmayman. Chunki moliyaviy imkoniyatlar va byudjet masalasi bor.
Kimdir tanaffusda olti futbolchi oladi, boshqasi beshta oladi. Kimdir esa transfer qiladi-yu, baribir yutqazadi.
Biz imkonimiz yetganicha ishladik. Darvozabon oldik va u bugun debyut qildi.

Albatta, tarkibni kuchaytirishni istaymiz. Masalan, hozir Nimeli yo‘q. Unga nima bo‘lganini ham bilmayman, shunchaki tarkibda yo‘q.

Siz aytishingiz mumkin: "Bitta futbolchi yo‘qligi muammo emas". Men ham bunga qo‘shilaman. Ammo hozir biz uchun har bir futbolchi juda muhim.

Muborakdagi o‘yinda Nimeli yo‘q edi, Iqbol esa sariq kartochkalari sabab o‘ynamadi. Bugun Iqbol maydonga tushdi va unga e'tirozim yo‘q. Har doim munosib o‘ynaydi.

Sidikov esa uzoq vaqt mashg‘ulot o‘tkazmaganiga qaramay, bugun ikki bo‘lim o‘ynadi. Unga ham e'tirozim yo‘q. Toma ham to‘liq o‘ynadi. Lekin murabbiy sifatida doim ko‘proq narsani xohlaysan.

Jamoada yangi futbolchilar bo‘lishini, haqiqiy raqobat yuzaga kelishini istardim. Nazarimda, ayrim futbolchilar shartnoma imzolagach, shu bilan hammasi tugadi, deb o‘ylab qolishgan.
Men ham imkon bo‘lsa, ikki-uch nafar yangi futbolchini, ayniqsa hujum va yarim himoyaning chap hamda o‘ng qanotlariga taklif qilgan bo‘lardim.

Hozircha qo‘limizdagi futbolchilar bilan ishlashga majburmiz. Hech kimdan voz kechmayapmiz. Murabbiylar shtabi va tibbiy shtab bilan birgalikda imkon qadar hamma narsani qilyapmiz. Ammo qancha gapirmay, qancha tushuntirmay, natija bo‘lmasa — bu juda yomon.

Men bu haqda rahbariyatga ham ochiq aytdim. Natija yo‘q — bu juda-juda yomon holat. Bu meni ham qattiq tashvishga solmoqda va umuman qoniqtirmaydi.
Shu sababli endi barcha qaror rahbariyat qo‘lida. Men ularga hammasini tushuntirdim. O‘yinlardan ikki kun oldin ham ular bilan uchrashib, professional tarzda suhbatlashgan edik.

Futbol jamoaviy o‘yin. Ammo natija uchun yakunda bosh murabbiy javob beradi. Natija bo‘lmasa, demak, aybdor ham murabbiy," - deya Shipilovning so‘zlaridan keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Qo'qon-1912 Qo'qon-1912
  • ОКМК ОКМК
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar